Amerika bo'ylab namoyishlar, Missurida politsiya o'ldirgan o'smir xotirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Fergyuson shaharchasida 9-avgust kungi otishmada Braun o’lganidan beri politsiya va namoyishchilar deyarli har kuni olishadi.

Qo’shma Shtatlar bo’ylab minglab odamlar namoyishga chiqib, Missuri shtatida politsiya o’qidan o’lgan qora tanli o’smirni xotirlayapti.

Yuzdan oshiq shaharlarda yig’ilgan fuqarolar 18 yoshli Maykl Braunni va politsiya qo’lidan o’lgan boshqa vatandoshlarni bir daqiqalik sukunat bilan esladi. Missurida namoyishlar qonli tus olgach, prezident Barak Obama kecha jamoatchilikni tinchlanishga undadi.

Fergyuson shaharchasida 9-avgust kungi otishmada Braun o’lganidan beri politsiya va namoyishchilar deyarli har kuni olishadi.

Barak Obamaning aytishicha, huquq-tartibot xodimlariga qarshi musht ko’tarishni oqlab bo’lmaydi. Fojeani bahona qilib to’polon ko’tarishga, o’g’rilik va parokandalikni avj oldirishga urinmang, deya undadi Oq uy rahbari.

Shu bilan birga, Obama politsiya tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatishi, ularni asossiz qamashi mumkin emas, deya eslatdi.

O’smirni otgan politsiyachining ism-sharifi bugun e’lon qilindi – Darren Vilson. Politsiya izohicha, o’sha kuni mahalliy do’konda o’g’rilik sodir berayotgan payt ofitserlar yetib borgan va o’sha yerda to’polon, otishma boshlanib ketib o’smir bola halok bo’lgan.

Lekin guvohlarning ta’kidlashicha, politsiya o’smir bola va uning hamrohini to’xtatib, mashinaga o’tirishga majburlamoqchi bo’lgan. Shundan keyin o’q uzishlar yangrab, o’smir bola o’lgan.

Fergyuson shahrining 21 ming aholisi bo’lsa, 70 foizi qora tanlilar. Politsiyachilar esa asosan oq tanlilar.