AQSh Aholini ro’yxatga olish byurosiga ko’ra, hozirda oz sonli irq va elatlarning vakillari ko’p o’tmay mamlakatda ko’pchilikni tashkil eta boshlaydi.
“Oq tanli aholi keksaymoqda. Mamlakatning 46 shtatida va eng katta 84 ta shahrida oq tanlilar kamaygan. Bu hayratlanarli hol”, - deydi Brukings institutidan aholishunos Uilyam Frey.
Yoshi beshga kirmagan bolalarning yarmidan ko’pi – 50,2 foizi – oz sonli irq va elatlar vakillaridir. 2014-yilning iyulidagi holatga ko’ra, oq tanlilar orasida o’lim hollari tug’ilishdan ko’proq bo’lgan. Oq tanli amerikalikning o’rtacha yoshi 43 ga teng.
“Buni tahlil qilib, shunga amin bo’ldikki, o’tgan 10 yil ichida aholining irqiy va etnik jihatdan rang-barangligi ancha ortgan. Oz sonli guruhlar 2004-yilda umumiy aholining 32,9 foizini tashkil etgan bo’lsa, 2014-yilda 37,9 foizga teng bo'lgan”, - deyiladi Aholini ro’yxatga olish byurosi bayonotida.
Beshta shtatda oz sonli irq va elatlar vakillari bugunda ko’pchilikni tashkil etadi: Gavayi, Kolumbiya okrugi, Kaliforniya, Nyu-Meksiko va Texasda. Nevada ham ularga yaqinlashib qoldi: bu shtatda oz sonli guruhlar vakillari umumiy aholining 48,5 foiziga teng.
“Oq tanlilar soni hamon katta sur’atlar bilan o’smoqda. Ammo mana uch yildirki, ular orasida o’lim hollari tug’ilish hollaridan ko’proq. Demak, oq tanlilar soni 2026-yilgacha ancha kamayadi”, - deydi Frey.
Bugunda AQShda 197,9 million oq tanli, 55,4 million ispanzabon, 45,7 million qora tanli, 20,3 million osiyolik, 6,5 million hindi va 1,5 million gavayi va Tinch okeani mintaqasining boshqa elatlari vakillari yashaydi.
Bu xilma-xillik vaqt o’tgan sari kuchayaveradi.
“Buning ijobiy tarafi bor. Agar AQShda faqat keksayayotgan oq tanli va qora tanli odamlar yashaganida, millat keksayar edi, iqtisodimiz ham bunchalik qudratli bo’lmasdi. Ammo boshqa irq va elatlar vakillari soni ko’payar ekan, ular mamlakatimiz farovonligini davom ettirishi kerak”, - deydi aholishunos Frey.