Arzon xususiy qamoqxonalar - Luiziana shtatidan reportaj

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi xususiy qamoqxonalar - Private prisons in America

AQShning Luiziana shtati odamlarni qamash bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi – bu yerda har 90 kishidan biri panjara ortida.

Your browser doesn’t support HTML5

Arzon xususiy qamoqxonalar/Shohruh Hamro


Qamoqxonalarni yuritish, tabiiyki, bir dunyo pul. Byudjetga og’ir tushmasin deb shtat ma’muriyati arzonroq xususiy qamoqxonalar xizmatidan foydalanyapti.

To’rt yildirki, Garri xususiy qamoqxonalarda jazo muddatini o’tamoqda. Hozir u Luizina qishloqlaridagi “Payn Preyri” ahloq tuzatish koloniyasida saqlanyapti. Bu yerda sharoit tuzuk, bizga yaxshi qarashadi, deydi u.

“Avvalgi turmada ko’chaga chiqish qiyin edi. Ovqatni kameraga olib kelib berishardi, chunki kafeteriya degan narsa yo’q edi. Mahbuslarni sanayotganda yarim tun bo’lsa ham uyg’otib, tikka turishga majburlashardi”.

Bu tizimda uzoq yillar ishlagan koloniya ma’muri Terri Xaynsning aytishicha, xususiy turmalar soliq to’lovchilar pulini tejaydi.

“Shtat yuritadigan qamoqxonalar bilan taqqoslaydigan bo’lsak, bizda har bir asir boshiga to’g’ri keladigan xarajatlar kamroq. Federal miqyosda ham mahbuslarni bizda saqlash arzonroqqa tushadi, buni isbotlaganmiz”, - deydi u.

Xarajatlarni qisqartirish uchun xususiy kompaniyalar har bir mahbus boshiga kamroq pul ajratadi. O’z ishchilariga ham kamroq maosh beradi. Buning natijasida biz uchun imkoniyatlar ham cheklangan, programmalar ko’p emas, deydi Mark ismli mahbus.

“Xususiy muassasada mahbuslar uchun treninglar, kasb-hunar o’rganish dasturlari kam bo’ladi. Shtat qamoqxonasida, masalan, biror ishning etadigan tutsa bo’ladi. Dalada yoki fermada mehnat qilib pul topasiz. Bu yerda bunday emas”.

Xususiy turmaning maqsadi daromad qilish va shuning uchun ham adliya tizimiga boshqacha yondashadi, deydi Diana Kaplan, Luizianada yoshlar tarbiyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilot rahbari.

“Jinoiy adliya tizimidagi qarorlar ikki maqsadga asoslangan bo’lishi kerak - jamiyatda jinoyat ko’lamini kamaytirish hamda soliq to’lovchilar pulini tejash. Maqsad daromad qilish emas”.

Luizianada ilk xususiy qamoqxona deyarli 20 yil oldin ochilgan edi. Bu davr mobaynida mahbuslar soni ham ikki baravar ko’paydi.