AQSh Davlat departamenti Saudiya Arabistoni hukumatini korrupsiyada ayblanib hibsga olingan sobiq rasmiylar va shahzodalarni adolatli sud qilishga chaqirmoqda.
Hibsga olinganlardan biri shahzoda Alvalid bin Talal bo’lib, dunyoning eng boy odamlaridan hisoblanadi. Ayblanuvchilar Riyoddagi Rits Karlton mehmonxonasida saqlanmoqda.
Prezident Donald Tramp jarayonni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyert poraxo’rlikda aybdor topilgan rasmiylarga qarshi tergovning ochiq va adolatli bo’lishiga umid bildirdi.
Tahlilchilarga ko’ra, qirollik rahbariyati chuqur ildiz otgan korrupsiya holatiga qarshi keskin chora ko’rishga kirishgan.
“Juda ham yuqori martabali odamlar hibsga olingan. Ulardan birining davlati yarim trillion dollarga teng, AQShda juda yaxshi tanish. Tasavvur qiling, Amerikada Bill Geyts yoki Uorren Baffet kabi odamlar hibsga olinsa! Bu iqtisodiyotga ishonchni kuchaytirgan bo’larmidi?” – deydi Vashingtondagi Brukings institutidan Hadi Amir.
Ommaviy hibsga olishlar mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinmi, degan savolga Davlat departamenti rasmiysi Eronga ishora qildi.
“Mintaqada kimning harakatlari tufayli beqarorlik hukm surayotganini yaxshi bilamiz. Eronning, masalan, Yamandagi, Suriyadagi, boshqa joylardagi harakatlariga guvoh bo’lyapmiz“, - deydi Xezer Noyert.
Yakshanba kuni Livan Bosh vaziri Saad Haririyning Saudiya Arabistonidan turib iste’fo berishi mintaqada ko’plarni xavotirga soldi. Ba’zi ekspertlar yana bir mojaro kelib chiqishidan tashvishda.
“Umid qilamanki, AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson vaziyatni barqarorlashtira oladi, axir u “Ekson”da ishlagan paytida Fors ko’rfazi davlatlari o’rtasidagi raqobat va tarang aloqalar bilan shug’ullangan edi. Biroq Prezident Tramp bu masalaga qanday qarashi hozircha noma’lum”, - deydi Hadi Amir.