AQShda tarixdagi eng katta teleskop yaratiladi

  • Amerika Ovozi

People walk past a collapsed building after a fresh 7.3 earthquake struck, in Kathmandu, Nepal.

Inson yaralibdiki samoga boqadi, yulduz-u sayyoralar sirlarini kashf etgisi keladi, koinotni o’rganishdan hech charchamaydi. Ayni damda AQShda tarixdagi eng katta teleskopni yaratish ustida ishlar davom etmoqda.

2020-yilda tayyor bo’lishi kutilayotgan Bahaybat Magellan teleskopi koinot chegarasini “ko’ra” oladi, deydi loyiha rahbari Patrik Makkarti. U Vashingtonda bo’lib o’tgan Amerika astronomiya jamiyatining yillik anjumanida qatnashdi.

“Teleskop diametri 25 metr. Birgalikda ishlaydigan yettita oynasi bor. Bu oynalarning har birining diametri 8,4 metr”.

Magellan teleskopi mavjud vositalardan 10 baravar ko’proq nur to’plash kuchiga ega. Demak, samodagi jismlarni yaxshiroq ko’ra oladi.

“Biz koinotning umumiy hajmi va tuzilishini bilmoqchimiz. U nimadan tarkib topgan? Bizdan boshqa, hayot mavjud bo’lgan sayyoralar bormi? Borliq qanday va qay tomon rivojlanyapti?”

Elementar zarralardan galaktikalargacha, biz ko’ra oladigan yulduzlar va sayyoralargacha – barini o’rganish uchun imkoniyat tug’iladi.

“Bu jismlarni ko’rgandan keyin armosferasini o’rgana olasiz, hayot belgilarini qidirasiz: suv, kislorod, xlorofill moddasi bormi yoki yo’q? Koinot kengayishi nazariyasini tekshirib ko’rishimiz mumkin. 100 milliard yildan keyin nima bo’ladi, degan savolga javob topamiz,” - deydi Makkarti.

Teleskop oynalarini yasash o’ta murakkab jarayon. 20 tonna maydalangan shisha ulkan pechga solinib, 2000 darajagacha isitiladi. Shisha eriydi va parabola shaklini oladi. So’ngra darz ketmasligi va mustahkam bo’lishi uchun astalik bilan sovutiladi: kuniga bir gradusdan, to’rt oy davomida.

“To’rt oydan keyin pechni ochib qaraymiz. Hozir uchinchi oynani yasab bitkazdik. Juda chiroyli chiqdi,” - deydi Makkarti.

Oxirgi bosqich tayyor oynaga sayqal berishdan iborat.

Magellan teleskopi 2020-yilda Chilidagi tog’ cho’qqisiga o’rnatiladi. Uning yordamida olingan fotosuratlar “Xabbl” teleskopi rasmlaridan 10 baravar aniqroq va tiniqroq bo’ladi. Ularni ko’rish uchun umrim yetmasa kerak, deydi Makkarti.

“Bu kabi loyihalarga olimlar butun umrini bag’ishlaydi. Mehnatimiz mevasidan kelajak avlodlar foydalanishini yaxshi tushunamiz. Kashfiyotlarni ular qiladi”.

Magellan - insoniyat tarixidagi eng yirik teleskop. Byudjeti 1 milliard dollarga teng loyihani 10 dan ziyod ilmiy tadqiqot institutlari birgalikda amalga oshirmoqda.