Suv sathi ko’tarilar ekan, Amerikaning katta qismi tahdid ostida

  • Amerika Ovozi

2011 yil avgustida Nyu-York shahrini suv bosgan edi. Ayrim boshqa shtat va shaharlar doimiy tahdid ostida.

AQSh Tinch va Atlantika okeani orasida joylashgan. Suv sathi dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda balandroq. Tezroq ko’tarilyapti ham. Bu yaqinda o’tkazilgan ikki tadqiqot xulosasi.



Muztog’lar, okean va dengizlardagi muz hamda cho’qqilardagi muzlarning erishi: dengiz sathi ko’tarilishining 65 foiziga sababchi ayna shular.

AQShning uch shtati, Kaliforniya, Oregon va Vashington, tadqiqotchilardan okean sathining ko’tarilishi oqibatlarini o’rganib chiqishni so’radi.

Jons Xopkins Universiteti olimi Robert Dalrimpl fikricha, jarayonning Kaliforniyaga ta’siri ayniqsa kuchli.

“2100-yilga borib dengiz sathi 1 metrga ko’tariladi. Bu ilgarigi baho va bashoratlardan balandroq”.

Oldingi raqamlar 2007-yilda Iqlim o’zgarishi bo’yicha hukumatlararo guruh tomonidan e’lon qilingan edi.

Barcha izlanishlarga asoslanib, Dalrimpl ikki jiddiy jarayon ehtimoli haqida so’zlaydi:

"Biri shundan iboratki, dengiz sathi ko’tarilsa, ayrim hududlar suv ostida qoladi. Ikkinchi muammo - dengiz sathi baland bo’lgan hududlarda bo’ronlar oqibatida suv kattaroq maydonlarni bosadi. Demak, zarar ham jiddiyroq bo’ladi”.

Kaliforniyada avtotrassa, stadion va uylar qirg’oqqa juda yaqin, ba’zi joylarda suvdan bor-yo’g’i bir metr masofada joylashgan.

San-Fransisko xalqaro aeroporti, dengiz sathi 40 santimetrga ko’tarilsa, suv ostida qoladi. Bir necha yildan so’ng aynan shu hol yuz berishi muqarrar, deyiladi hisobotda.

AQShning sharqiy sohili ham – Massachussets shtatidan to Shimoliy Karolinagacha tahdid ostida.

Zilzila kabi tabiiy ofat vaziyatni bir zumda tubdan o’zgartirib yuboradi, deydi Dalrimpl.

Okeanograf-olim Esburi Sellenjer ham shu fikrda.

"So’nggi 60 yil ichida bu xavfli hududlarda suv sathi yiliga 2-3,7 millimetrga ko’tarilgan. Butun dunyoni oladigan bo’lsak, bu raqam o’rtacha global ko’rsatgichdan 3-4 baravar ko’proq”.

Sellenjer deydiki, Atlantika okeanidagi suv tezligi harorat, tuz hajmi va boshqa ko’rsatkichlarga bog’liq.