AQSh Senatidagi demokratlar: Tramp Rossiya tahdidiga befarq

  • Amerika Ovozi

AQSh Senatidagi demokrat qonunchilarning xavotir bilan tilga olishicha, Rossiyaning demokratiyaga qarshi harakatlari AQSh saylovlariga aralashish bilan cheklanmayapti va Prezident Tramp bu tahdidga qarshi chora ko'rayotgani yo'q.

“Shu paytgacha AQShning biror prezidenti Amerika milliy xavfsizligiga qarshi bu qadar jiddiy tahdidga ochiqchasiga ko'z yummagan", - dedi Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi Ben Kardin.

Merilend shtatidan saylangan senatorning ogohlantirishicha, agar hozirdan chora ko'rilmasa, Rossiya 2020-yil sayloviga ham ta'sir qilishga harakat qiladi.

Hisobotga bosh bo'lgan senator Ben Kardin

Qo'mitaning demokrat a'zolari shu mavzuda hisobot tayyorlab, Rossiya hukumati va, xususan, Prezident Vladimir Putinni o'z mamlakati va xorijda demokratiyaga qarshi xurujda ayblagan, AQSh rahbarini esa bunga qarshi ko'p qirrali strategiya qabul qilishga da'vat etgan.

“Putin rejimi qator choralarni ishga solib, xorijdagi ta'sirini oshirishga, demokratik institutlar va AQShning Yevropa bilan aloqalariga zarar yetkazishga intilmoqda", - deyiladi hisobotda.

Kreml nishonga olgan hukumatlar bilan suhbatlar va oylar davomidagi izlanishlar mahsuli bo'lmish 206 sahifalik hujjatda Rossiya qo'llayotgan choralar keltiriladi.

Bunday choralarga Ukrainada an'anaviy harbiy amaliyotlar, qotilliklar, Germaniya, Fransiya, Britaniyada kiber-xurujlar, yolg'on ma'lumot tarqatish kampaniyasi, Chernogoryeda davlat to'ntarishiga harakat kabilar kirdi.

Putinning Rossiyadagi raqiblari va tanqidchilariga qarshi yillar davomidagi zo'ravonlik ham hisobotda tilga olinadi.

"Bu 2016-yil AQSh saylovlariga qarshi xakerlikka bag'ishlangan hisobot emas. Hujjatda Rossiyaning dunyo bo'ylab amaliyotlari tasvirlangan", - deydi hisobotni tayyorlashda qatnashgan Senat Tashqi ishlar qo'mitasi a'zosining yordamchilaridan biri.

Unga ko'ra, tahdidni to'liq anglamay turib, uning oldini kelajakda olib bo'lmaydi.

Qo'mitaning respublikachi raisi Bob Korker demokratlar tayyorlagan hisobotni olqishlamadi, ammo undagi tafsilotlarni savol ostiga ham qo'ygani yo'q.

Hujjatda Yevropa davlatlarining Rossiya ta'siriga qarshi qadamlari ham bitilib, bu borada AQSh oqsayotgani ta'kidlanadi.

"Prezident Tramp Putinning aralashuvi tufayli AQSh milliy xavfsizligiga mavjud tahdidni tan olishda, unga qarshi chora ko'rishda loqaydlik ko'rsatmoqda. Prezident Kremlning AQSh va dunyo bo'ylab har turdagi gibrid tahdidlariga qarshi zudlik bilan siyosat qabul qilishi, shunga doir keng qamrovli milliy strategiyani Kongressga taqdim etishi kerak", - deyiladi hisobotda.

Hujjatda Rossiya ta'siriga qarshi kurash uchun idoralararo maxsus guruh tuzish, boshqalarga salbiy ta'sir o'tkazish bilan shug'ullanuvchi davlatlarni "gibrid tahdid soluvchi davlat" sifatida belgilash hamda bunday davlatlarga nisbatan sanksiya qo'llash tavsiya etiladi.

Prezident Tramp Rossiya saylovlarga aralashishga harakat qilgan bo'lsa ham uning shtabi saylov kampaniyasi paytida ruslar bilan til biriktirib ish qilmaganini aytib keladi. Putin Rossiyaga qarshi bunday ayblovlar soxta va asossiz ekanini aytadi.