Ukrainada urush roppa-rosa bir yil oldin boshlanganidan beri Qo’shma Shtatlar iqtisodiy, harbiy va gumanitar yordam sifatida bu mamlakat uchun 112 milliard dollardan oshiq pul ajratdi. Shu hafta Kiyevga borib kelgan Prezident Jo Bayden qo’shimcha yarim milliard dollar berilishi haqida ma’lum qilib, yordam davom etishini aytdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Mamlakatim bo’ylab kattayu-kichik shaharlarda amerikaliklarning uylari ustida Ukraina bayroqlari hilpirab turadi. So’nggi bir yilda AQSh Kongressidagi demokratlar va respublikachilar erkinlik uchun kurashda birlashdi”, - dedi Bayden Polshaga tashrifi chog’ida.
AQSh qonunchilarining aksariyati urush boshidan beri Ukrainaga yordam uzatishda faol bo’lib kelmoqda.
“AQSh va dunyodagi ittifoqchilarimiz Ukraina mudofaasi, xalqi, hududi va turmush tarzini Rossiya bosqinidan himoya qilishimiz kerakligini tez anglab yetdi”, - deydi respublikachi senator Jeyms Rish.
AQSh Ukrainaga ajratgan yordam miqdori Iroqdagi urushdan beri eng kattasi bo’ldi.
“Oq uy ma’muriyati ramziy miqdorda pul so’ramadi. Kongressdagi qonunchilarning ko’pi hatto hujumkor va qudratli qurollar berishga chaqirdi. Amerika tarixida bu g’ayrioddiy holat. Odatda xalqaro mojarolar paytida prezidentlarimiz ishning tepasida turadi”, - deydi Jorjtaun universiteti eksperti Mett Glassmen.
Urushdan bir yil o’tib AQSh jamoatchiligining shijoati so’nayotgan ko’rinadi. Joriy oyda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, Ukrainaga qurol yuborish tarafdori bo’lgan amerikaliklar soni o’tgan yil may oyidan beri 60 foizdan 43 foizga tushgan. Kongressda xayrixohlik darajasi o’zgarmagan, biroq qancha va qanday muddat davomida yordam yuborish masalasiga kelganda tortishuvlarni ko’rsa bo’ladi.
“Reja o’zi nimadan iborat? Yordamimizning cheki yo’qmi? Shuni unutmangki, Ukrainaga yuborilayotgan qurollarni nazorat qilmaymiz. Ko’r-ko’rona yordamni yoqtirmayman”, - deydi respublikachi kongressmen Rayan Zinke.
Ukraina ichki korrupsiyaga qarshi kurashishga so’z berdi. Mamlakatga borgan amerikalik qonunchilar natijalardan qoniqganini aytadi.
Kelasi bir necha oyda Ukrainaga qo’shimcha yordam berish masalasi Kongressda yana ko’rib chiqilishi kutilmoqda.