AQSh Janubiy Xitoy dengizida hamon ittifoqchilar tomonda

  • Amerika Ovozi

AQShning "USS Dewey" harbiy kemasi Janubiy Xitoy dengizida

Vashington Xitoyni Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi mamlakatlarga bosim o'tkazmaslikka chaqirmoqda. Suvlarni talashish o'rinsiz, xalqaro qonunlar hurmat qilinishi kerak. Lekin Oq uy bu masalada bir necha oydan beri sukutda edi. Uning mintaqadagi ittifoqchilari iltimosiga ko'ra qilayotgan bayonotlari siyosiy o'zgarishdan darak emas. Tramp ma'muriyati Janubiy Xitoy dengizidagi mojaro bilan shug'ullanmoqchi emas, deydi siyosatdonlar.

Your browser doesn’t support HTML5

Janubiy Xitoy dengizi - siyosiy o'yin maydoni

Prezident Donald Tramp Pekinning asabiga tegmaslikka harakat qilmoqda chunki u bilan hamkorlikda Shimoliy Koreyaga qarshi chora ko'rmoqchi.

24-may kuni AQShning yirik harbiy kemasi Xitoy suvlariga yaqin joyda suzgani shov-shuv ko'tardi. Mudofaa vaziri Jim Mattis yaqinda kechgan xalqaro anjumanda Xitoyni dengizda sun'oy orollar bunyod etayotganlikda ayblab, mintaqada yana bir necha davlat bu suvlardan foydalanishga haqli ekanini eslatdi.

Xitoy Janubiy Xitoy dengizida inshootlar qurmoqda

Osiyoshunos olim Gregori Poling tahlilicha, Amerika hukumati vaziyat astalik bilan ijobiy tomonga o'zgaradi degan umidda. AQSh harbiy dengiz flotining katta qismi Tinch okeanida.

Xitoy qo'shni davlatlarga bosim o'tkazishi mumkin lekin ular bilan urushga bormaydi. Pekin Amerika dunyoning bu qismida katta qudratga ega ekanini tushunadi va unga ham ortiqcha boshog'riq kerak emas, deydi ayrim ekspertlar.

Xitoy 3,5 million kvadrat kilometrga teng Janubiy Xitoy dengizining 95 foizini o'ziniki deb biladi. Unga biror jihatdan bas kela olmaydigan Bruney, Malayziya, Tayvan, Vyetnam va Filippin bunga qarshi. Ular ham shu dengiz atrofida joylashgan va hududlar xalqaro qonunlarga binoan hisoblanishi tarafdori.

Barak Obama prezidentligi davrida AQSh Vyetnam va Filippinga harbiy yordamni oshirdi. U azaldan yuqorida tilga olingan davlatlarning yonini olib keladi. Mojaro siyosiy muzokara orqali hal etilishi kerak, deya undaydi.

Baliqchilik rivojlangan, mineral va boshqa tabiiy boyliklarga to'la dengiz uning atrofidagi barcha xalqlarga tegishli, deyiladi BMT hujjatlarida.

Janubiy Xitoy dengiziga kim xo'jayin? Davlatlar qilayotgan da'volar.

Tramp ma'muriyati bu masala bilan jadal shug'ullanishga shoshmayapti. Pekin bilan Pxenyan yuzasidan ishlay olmasa, balki tanqidni kuchaytirishi mumkin, deya taxmin qiladi ekspertlar.

Umumiy siyosat ma'lum: AQSh Janubiy Xitoy dengiziga da'vo qiluvchi mamlakatlarni quvvatlaydi va unga faqat asosan Xitoy xo'jayin emas, deb hisoblaydi.

Bu orada Pekin ham undan norozi davlatlar bilan hamkorlikni oshira boshlagan. Masalan, Filippin hozirda Xitoy bilan apoq-chapoq. Unga Pekin 24 milliard dollarlik sarmoya va'da qilgan. Vyetnam bilan ham shunga o'xshash kelishuvlar bor.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson yaqinda ASEAN, Janubi-sharqiy davlatlar uyushmasi anjumanida so'zlar ekan, a'zolarni bir-birining suverenitetini buzmaslikka chaqirdi. Amerika o'z ittifoqchilarini himoya qiladi, deya qayd etdi.

Tahlilchilar deydiki, Vashington Xitoy bilan til topishishga harakat qilar ekan, Janubiy Xitoy dengizi yuzasidan bosim o'tkazmay turgani befarqlik emas. Balki bu masalani siyosiy ta'sir vositasi sifatida qo'llayotgan bo'lishi mumkin. Ya'ni, Xitoy Shimoliy Koreyaga qarshi birgalikda chora ko'rishga ko'nmasa, Tramp dengiz atrofidagi mamlakatlarga yordamni kengaytirib, Pekin uchun yangi muammolar tug'dira boshlaydi.