Bashar al-Assadga sodiq harbiylar va isyonchilar o’rtasida qonli olishuv davom etayapti. Shu kungacha 23 ming odam halok bo'ldi.
Bashar al-Assadga sodiq harbiylar va isyonchilar o’rtasida qonli olishuv davom etayapti. Shu kungacha 23 ming odam halok bo'ldi. Gumanitar krizis haqida bong urayotgan Qo’shma Shtatlar va unga ittifoqchi davlatlar qo’lidan nima keladi?
Vashingtonning bu masalaga oid pozitsiyasi aniq va ravshan – prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi kerak, vassalom. Yaqinda Turkiyaga safar qilgan AQSh
Davlat kotibasi Xillari Klinton bu haqda bayon qildi:
“Xunrezlikka va Assad rejimiga tezroq nuqta qo’yish kerak. Strategik maqsadimiz ana shu jarayonni tezlashtirish”, - deydi Klinton.
Ammo ekspertlar deydiki, bunga erishish oson ish emas. Axir isyonchilar hukumat kuchlari bilan 1,5 yildan buyon olishib kelmoqda. Hech bir tarafning chekinish niyati yo’q.
London Iqtisodiyot oliygohidan Favaz Gerges prezident Assad oxirigacha kurashadi degan fikrda.
“Barcha alomatlar shundan darak berib turibdi. Assad Liviya rahbarining taqdiri vaqt-soati kelib uning boshiga ham tushishiga ishonmaydi. Askincha, uning o’zi va Eron kabi ittifoqchilari ham muxolifat baribir yengiladi, deb ishonch bilan harakat qilishmoqda. Chetdan birov aralashmasa, Assad davlatini hali uzoq boshqaradi”, - deydi Gerges.
AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton voqealar rivojini quyidagicha ko’radi:
“Bashar al-Assad va uning oilasiga qochib qolishga ruxsat bersak, urush tezroq tugaydi, minglab odamlar hayoti saqlab qolinadi va Suriya iqtisodiyotini jar yoqasidan saqlab qolgan bo’lamiz deyish mumkin. Lekin uning xavfsizligini kim kafolatlaydi? Agar Assad hech kimdan kafolat ololmasa, oxirigacha kurashishdan boshqa yo’l yo’q, deya xulosa qilib, xalqini qirishda davom etadi”.
Ayni damda Suriyaga qarshi harbiy chora ko’rish haqida gap ketayotgani yo’q. Lekin AQSh prezidenti Barak Obama hukumat biologik va kimyoviy qurollarni qo’llasa yondashuvni tubdan o’zgartiramiz, deb ogohlantirdi.
Amerika siyosiy doiralarida yana bir ssenariy muhokamada. Liviyada bo’lgani kabi, Suriya uzra harbiy parvozlarni taqiqlash masalasi. Bunday chora BMT Xavfsizlik Kengashida ovozdan o’tishi amri mahol, chunki Rossiya qarshi ekanini allaqachon bildirgan.
Tahlilchilar deydiki, Suriya muxolifati yengil qurollar bilan armiyaga bas kela olmaydi. G’arb, xususan AQSh va Britaniya ularga aloqa vositalari va dori-darmondan iborat noharbiy ko’mak yetkazib turibdi.
Shuningdek, Qatar va Saudiya Arabistoni oppozitsion guruhlarga qurol-aslaha uchun mablag’ ajratayotgani haqida ma’lumotlar bor.
Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Nadim Shahodiy buning oqibatlari haqida shunday deydi:
“Hozir maqsad qanchalik ezgu bo’lmasin, keyinchalik bu guruhlarni qurolsizlantirish fursati yetganda juda qiyin bo’ladi. Bundan ko’ra Suriyaga qo’shin olib kira qolishsin, ularni bitta buyruq bilan olib chiqsa bo’ladi. Lekin jangarilarga qurolni tashlang deya olmaysiz”.
Nadim Shahodiy va boshqa mutaxassislar fikricha, AQSh Suriya mojarosiga yechim topishda yetakchilik qilishi zarur. Ammo Amerikada hozir saylov mavsumi emasmi, siyosatchilarning butun diqqat-e’tibori iqtisod, byudjet va ishsizlikda.