Qo'shma Shtatlar va Tolibon harakati Afg'onistondagi 17 yillik urushga yakun yasash bo'yicha xomaki reja ustida kelishib olgan. Muzokaralar o'tgan hafta Qatarda bo'lib o'tdi. Afg'oniston hukumati esa jangari guruh bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokara qilish istagini yana bir bor ta'kidladi. Tolibon taklifni rad etgan.
AQShning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod Qatardagi muzokalar haqida gaplashish uchun Kobulga bordi. Uning aytishicha, endi rejani kelishuvga aylantirish ustida ishlash kerak. Tolibondan, deydi Halilzod, Afg'oniston bundan buyon hech qachon xalqaro terrorchilik o'chog'iga aylanmasligi uchun choralar ko'rish kutiladi.
Evaziga AQSh toliblar qo'yayotgan asosiy talabga - Afg'onistondan askarlarini olib chiqishga ko'nishi mumkin. Ammo Vashingtonning ham shartlari bor - keng qamrovli sulh qaror topishi va Tolibon Kobul bilan dialog boshlashi lozim.
"Tolibonni afg'on hukumati bilan bevosita muzokara qilishga undayapman", - dedi Halilzod Kobulda jurnalistlar bilan suhbatda.
Qatardagi uchrashuvlar ketidan Tolibon chiqargan bayonotda shunday deyiladi:
"Avvalo Afg'onistondan xorijiy qo'shinlarni chiqarish ustida kelishmas ekanmiz, boshqa masalalar hal bo'lmaydi".
AQSh elchisiga ko'ra, afg'onlar siyosiy tortishuvlarni chetga surib, bir necha oylik muzokaralar natijasida yaratilgan hozirgi imkoniyatdan foydalanib qolishi kerak.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibon bilan "istagan vaqt, istagan joyda" muloqot qilishga rozi. Toliblar taklifga rozi bo'lganicha yo'q.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobicha, Afg'onistonda 2009-yildan beri har yili 6-11 ming odam halok bo'lmoqda. AQShning mamlakatda 14 ming askari, yana 38 davlatdan esa sakkiz ming sonli qo'shin bor. Ayni damda Afg'oniston aholisining yarmi Tolibon nazorat qiladigan hududlarda yashaydi.