AQSh va Tolibon muzokaralari hanuzgacha yakunlangani yo’q, lekin ko’plab masalalar bo’yicha kelishilgani haqida e’lon qilinmoqda. Tolibon guruhi Afg’onistonda zo’ravonliklarni kamaytirish bo’yicha o’zining takliflarini AQShga bildirgan. Biroq mamlakat siyosiy doiralarida yakdillik yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg’oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G’ani Tolibon bilan sulh muzokaralarini olib borish uchun maxsus vazirlik tuzilishini aytgan. Bu esa hukumatning muzokaralarga jiddiy e’tiboridan dalolat ekani urg’ulanmoqda.
Hukumat pozitsiyasiga qarshilar ham kam emas. Jangari guruh bilan muloqot uchun hozirgacha bir necha delegatsiya tuzildi. Hech biri Tolibon rasmiylari bilan uchrashishga muvaffaq bo’lmagan. Guruh Kobul bilan muloqotni doimiy ravishda rad etib kelmoqda. Hukumat AQShning qo’g’irchog’i, deydi toliblar.
Ayrim siyosiy guruhlar nazarida urushib kelayotgan tomonlarni muzokaraga qo’shish zarur. Biroq hukumat muzokaralar rasmiy Kobul va Tolibon o’rtasida o’tishini ta’kidlab kelmoqda, chunki kelishuvni amalga oshiradigan ham hukumatning o’zidir.
Afg’oniston sobiq Prezidenti Hamid Karzay va Bosh vazir Abdulla Abdulla amaldagi prezident olib borayotgan yo’nalish samara bermaydi degan fikrda. Karzay va Abdulla Ashraf G’anini raqiblarini muzokaradan chetlashtirayotganlikda ayblaydi.
Muzokaralar mexanizmi, siyosiy choralar haqida turli xil fikrlar mavjud. Ayrimlar nazarida qo’shni davlatlar afg’on sulhi masalasida befarq bo’lmasligi kerak. Sulh uchun mintaqaviy hamjihatlik lozim.
“Qo’shnilarimiz, ayniqsa Pokiston, Eron va boshqa davlatlar Afg’oniston bilan sodiq hamkor bo’lsagina tinchlik ta’minlanishi mumkin”, - deydi ijtimoiy faol Ahmad Ziyo Sultoniy.
Tolibon guruhi zo’ravonliklar kamayishi haqida bildirar ekan, hukumat zo’ravonliklarni kamaytirish emas, otashkesin joriy etilishi talabini ilgari surmoqda.
“Zo’ravonliklarni kamaytirishdan foyda yo’q. Afg’onlar urush to’xtatilishini xohlaydi”, - deydi Prezident G’ani.
Germaniyaning Fridrix Ebert (Friedrich Ebert) jamg’armasi tomonidan Afg’onistonning olti viloyatida o’tkazilgan so’rovda odamlarning 60 foizi AQSh-Tolibon olib borayotgan muzokaralar haqida ijobiy fikrda ekanini bildirishgan. So’rovda qatnashganlarning 40 foizi muzokara oqibatlaridan xavotirda.
“Afg’oniston xalqi Tolibon yana hokimiyatga qaytsa, avvalgi faoliyatlarini yana boshlashi mumkin degan tashvishda. Chunki ular ishonib bo’lmaydigan guruhga aylangan. Masalan, bugungi kunda oddiy odamlarni o’ldirayotgan guruh ertaga qurolini yerga qo’yadimi, yo’qmi, yoki hokimiyatni egallab o’zi xohlagandek tuzum tashkil qiladimi? Bu masalalar, albatta, odamlarni o’ylantirayotgan narsalar”, - deydi Juzjon universitetidan Najib Ismatiy.
Suhbatdosh nazarida toliblar erilishiladigan bitimlarni to’liq tatbiq qilish uchun dunyo oldida kafolat berishi kerak.
“Tolibon guruhi xalqaro hamjamiyat, dunyoning qudratli davlatlari va muhimi Afg’oniston xalqiga demokratik qadriyatlarni hurmat qilishi haqida va’da berishi kerak. Bilamiz, Tolibon bugungacha inson huquqlarini oyoq osti qilayotgan guruh sifatida ham tanilgan”, - deydi Ismatiy.
Afg’onistonda to’rt oy oldin o’tkazilgan prezident saylovining yakuniy natijalari hanuz e’lon qilingani yo’q. Muzokaralar saylovga bevosita ta’sir o’tkazgani haqida ham taxmin mavjud.