Vashingtonda terrorizmga oid sammit o'tkaziladi

  • Amerika Ovozi

Parijda yuz bergan terror xurujlari ortidan Oq uy Vashingtonda ekstremizmning oldini olishga qaratilgan sammit o'tkazmoqchi. Parijda Yevropa rasmiylari bilan xavfsizlik bo'yicha gaplashgan AQSh Adliya vaziri Erik Xolder mamlakatlar o'rtasida axborot almashishga ehtiyoj borgan sari ortib borayotganini ta'kidladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Terrorizmga oid anjuman, Behzod Muhammadiy

18-fevralga belgilangan sammitda ekstremistlar hamda ular tarafdorlarining yanada radikallashib, zo'ravonlikka qo'l urishining oldini olishga qaratilgan mahalliy va xalqaro chora-tadbirlar haqida so'z yuritiladi. Oq uy matbuot kotibi Josh Ernstning aytishicha, Ottava, Sidney va Parijda yuz bergan xurujlar mavzuning dolzarbligini yanada oshirgan.

Anjuman davomida Boston, Los-Anjeles va Minneapolis-Sent Pol shaharlarida yo'lga qo'yilgan dasturlar muhokamaga qo'yiladi. Bu shaharlarda ta'lim beruvchilar, ruhshunoslar, diniy yetakchilar, huquq-tartibot idorasi xodimlari, xususiy sektor va texnologiya sohasi vakillari hamkorlikda ekstremizmga qarshi kurash olib bormoqda. Yig'inlarda, shuningdek, hujumlarni to'xtatish va terrorchilarning xorijdan odam yollash amaliyotlariga chek qo'yish bo'yicha boshqa mamlakatlar tajribasi ham o'rganiladi.

Adliya vaziri Xolder Yevropaga safari davomida mintaqa ichki ishlar vazirlari bilan shu mavzuda gaplashganini aytadi.

"Xullas, yoshlarni bu mafkuraviy va salbiy guruhlarga qo'shilib ketishga undayotgan muammoning asl sabablarini topish va bartaraf etish bo'yicha bir qarorga kelishimiz kerak", - deydi u.

Adliya vaziriga ko'ra, ekstremizmga qarshi kurashda mamlakatlar o'rtasida axborot almashish juda muhim.

"Yuz bergan bu hodisalardan o'rganganimiz shu bo'ldiki, axborot almashishga va bu yo'ldagi to'siqlarni yengib o'tishga ehtiyoj katta. Bu kabi tahdidlarning oldini olish uchun bu juda muhim. Bir davlat hatto o'z hududida ham ehtimoliy terror xurujlarini bir o'zi bartaraf eta olmaydi", - deydi Xolder.

AQSh Moliya vazirligida terror guruhlarining moliya manbalari bo'yicha mutaxassis bo'lib ishlagan Jonatan Shenzerning aytishicha, ekstremizmning oldini olishga qaratilgan choralarning aksariyati 2001-yil 11-sentabrda yuz bergan xurujlardan so'ng boshlandi. Parij voqealari Obama ma'muriyatini terror tahdidlariga qarshi e'tiborni yanada kuchaytirishga undadi, deydi u.

"Muammo shundaki, biz ko'p vaqt yo'qotdik. Yana bir muhim masala bu bizning muammoni qanday atayotganimiz va taqdim etayotganimizda. Ya'ni zo'ravonlikka undovchi ideologiya haqida ko'p gapirmasdan faqat zo'ravon ekstremizm nomiga e'tibor qaratsak, bundan bizga biror foyda yo'q. Aksincha, oxir-oqibatda hech narsaga erisha olmasligimiz mumkin", - deydi u.

Shenzer so'zlariga ko'ra, AQSh allaqachon ko'plab mamlakatlar bilan razvedka ma'lumotlarini bo'lishish bo'yicha bitimlarga ega. Shuningdek, diniy rahnamolar, ayniqsa, musulmonlar, terror tahdidlarini yo'q qilish ishlarida faol qatnashib kelmoqda, deydi u.

Fransiya so'nggi qonli voqealar ortidan o'z xavfsizligini yanada kuchaytirish taraddudini ko'rmoqda. Mamlakat rasmiylari bilan bu borada muzokara olib borish uchun hafta oxirida AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Parijga boradi.