Terror xavfini butunlay yo'qotib bo'ladimi?

  • Amerika Ovozi

Bostondagi portlashga guvoh bo'lgan ikki fuqaro bir-biriga hamdardlik bildirmoqda, 16-aprel, 2013-yil.

Xavfsizlik bo’yicha mutaxassislarning aytishicha, amerikaliklar bugun 11-sentabr voqealaridan beri o’zlarini ancha xavfsiz sezadi. Ammo Boston fojeasi jamoat joylarida oddiy fuqarolarni himoya qilish hanuz muammoli masala ekanini ko’rsatdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Terrorga qarshi kurash, Behzod Muhammadiy


Mutaxassislar 11-sentabr voqealaridan beri fuqarolarni himoya qilish bo’yicha ko’p ishlar qilinganini aytadi.

Masalan, tinch aholiga qarshi qaratilgan bir qancha terror xurujlarining oldi olindi.

“Bugun Amerika 11-sentabr voqealari paytidagidek terrorchilar nishonidami? Albatta, yo’q”, - deydi tahlilchi Jeyms Karafano.

Karafano xavfsizlik bo’yicha tahlilchi.

“Razvedka bo’yicha, terrorizmning oldini olishga qaratilgan ishlarda, zo’ravonlikka moyil odamlarni topish, ular orasiga kirib, ma’lumot yig’ish va xavfni jiddiy tus olmasdan avval bartaraf etish masalasida ancha muvaffaqiyatga erishildi”, - deydi u.

Karafano bu sohadagi muvaffaqiyat sababini Federal Qidiruv Byurosining terrorizmga qarshi kurashga e’tibori oshgani bilan izohlaydi.

Uning aytishicha, bugun Ichki xavfsizlik departamenti aeroportlar va chegara xavfsizligini ta’minlash bo’yicha yaxshi tajribaga ega.

Ammo Bostonda yuz bergan portlashlar bu borada hali muammolar ko’p ekanini ko’rsatdi.

Brukings institutidan tahlilchi Maykl Oxanlon gapiradi.

“Ba’zan ana shunday xurujlar uchrab turadi. Oxirgi paytlarda oldi olingan bir nechta hujum ham aslida amalga oshish ehtimoli juda yuqori edi”, - deydi tahlilchi.

2009-yil Texasda mayor Nidal Hasan tomonidan sodir etilgan terror hujumida 13 odam halok bo’ldi.

Oldi olingan xurujlar ham ko’p. Masalan, Richard Reydning poyafzal bombasi bilan samolyotni portlatishga urinishi fosh etildi.

2009-yil Rojdestvo arafasida Detroytga uchayotgan samolyotni portlatmoqchi bo’lgan Umar Foruq ham to’xtatib qolindi.

Shu yili politsiya Nyu-York metrosini nishonga olishni rejalagan yana bir afg’on muhojirini hibsga oldi.

Bundan uch yil oldin esa bomba joylangan mashina topilib, Nyu-York markazidan odamlar evakuatsiya qilindi.

Tahlilchilar jamoat joylarida fuqarolarni himoya qilish bo’yicha huquq-tartibot organlarining malakasi oshganini e’tirof etadi.

“Lekin qat’iy maqsadga ega terrorchilarni to’xtatib qolish qiyin bo’ladi. Buning uchun o’sha odamni topish va voqea ro’y berishidan avval uni to’xtatib qolish kerak”, - deydi tahlilchi Karafano.

Terrorchilar bir marta muvafaqiyat qozonsa, maqsadiga yetadi, ammo huquq-tartibot organlari hech qachon xatoga yo’l qo’ymasligi kerak, deydi rasmiylar.