Breaking News

Boston xurujida gumon qilinayotgan shaxs uchun oilasi uzr so'radi


Ruslan Tsarni, portlashga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ikki shaxsning amakisi
Ruslan Tsarni, portlashga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ikki shaxsning amakisi
Dushanba kuni Boston marafonida portlashlar sodir etganlikda gumon qilinayotgan aka-uka Tamerlan va Johar Tsarnayevning amakisi, huquqshunos Ruslan Tsarni bugun matbuot bilan bog'landi.

U qidiruvda bo'lgan Joharni taslim bo'lishga va Amerika xalqidan kechirim so'rashga chaqiryapti.

Qidiruv-tergov ishlari avjida ekan, 26 yoshli Tamerlan politsiya bilan otishmada qattiq yaralanib kasalxonada jon bergan, 19 yoshli Johar esa hamon qidiruvda. Qurollangan bu shaxs o'ta xatarli, deydi rasmiylar.

Kelib chiqishi chechenistonlik og'a-ini Massachusets shtati, Kembrij shahrida qonuniy hujjatlar asosida yashagan. Ular oilasida yana bir qiz farzand borligi aytilmoqda.

Ruslan Tsarni aka-uka Tsarnayevlar haqida gapirar ekan, ular bilan yaqin bo'lgan emasmiz, lekin otasi mehnatkash, yaxshi inson edi, deydi. U 2009-yilda yana Dog'istonga qaytib ketgan, umr bo'yi oilasining kam-ko'stini o'ylab yashagan, deydi Tsarni.

"Qo'shma Shtatlar imkoniyatlar mamlakati va bu yurtga mehrimiz baland. Hammaga teng muomala qilinadi, inson qadrlanadi. Tamerlan va Johar nima sababdan bu ishga qo'l urganini bilolmadim", - deydi u.

Tsarnayevlar oilasi Dog'istondan Qirg'izistonga ko'chib borgan. Tamerlan Dog'istonda, Johar Qirg'izistonda dunyoga kelgan va sakkiz yil oldin oilaviy ravishda Qo'shma Shtatlarga immigratsiya qilib, siyosiy boshpana olgan.

Yaqinlarining aytishicha, Tamerlan va Johar sportga qiziqqan, kattasi boks bilan, kichigi kurash bilan shug'ullangan.

Ruslan Tsarni marafonda o'lganlarning yaqinlari va oila a'zolariga hamdardlik bildirib, ular uchun ta'zim qilishga, tiz cho'kishga tayyorman, deydi. Butun chechen xalqi sha'niga dog' tushishi qo'rqinchli, deydi u. Johar darhol o'zini adliya organlariga topshirishi kerak, deydi Bostondagi fojeada gumon qilinayotgan shaxsning amakisi.

Shaharda dushanba kungi marafonda ikki portlash ro'y berib, uch odam nobud bo'lgan edi: yo'l bo'yidagi restoran menejeri Kristl Kembl, Boston Universiteti talabasi, xitoylik Lu Lingzi va sakkiz yoshli Martin Richard.

Xuruj natijasida kamida 170 odam yaralangan.

Davlat kotibi Jon Kerri gumon qilinayotgan shaxslarning chechen ekani, oilasi haqida izoh berishdan bosh tortib, qaysi davlatda bo'lishidan qat'iy nazar terrorizmni qabul qilib bo'lmaydi, degan.

Prezident Obama bugun xavfsizlik bo'yicha mas'ullar bilan ko'rishib, Boston fojeasi yuzasidan hisobotni tinglagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG