AQSh temir yo'llari qay ahvolda?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Kongressidagi respublikachi qonunchilar “Amtrak” temir yo’l kompaniyasi byudjetini oshirish taklifini rad etdi.

O’tgan hafta Filadelfiya yaqinida poyezd halokatga uchrab, sakkiz kishi halok bo’lgan. AQShda temir yo’l infratuzilmasi katta sarmoyaga muhtoj.

Vashington-Nyu-York yo’nalishida ketayotgan poyezd qanday qilib relsdan chiqib ketgani tekshirilmoqda. Tergovga Federal Qiriduv Byurosi ham jalb qilingan. Filadelfiya yaqinida, burilishda ro’y bergan fojiada 200 dan ziyod odam jarohatlandi.

Shahar meri Mayk Natter shunday deydi:

“Avariya bo’lgan joyni yorug’ tushganda ko’rganimizda dahshatga tushdik. Yo’lovchilarning aksariyati omon qolgani bir mo’jiza. Bu yerga yetib kelganimda odamlar vagonlardan chiqib kelayotganini o’z ko’zim bilan ko’rdim”.

Iroq urushi faxriysi, sobiq kongressmen Patrik Merfi poyezd kafesida o’tirganini aytadi.

“Avariya eshigini topdim-da, uni kuch bilan itarib ochdim. Vagondagi qo’l-oyog’i but yo’lovchilar birdaniga eshik tomon harakatlana boshladi. Ularga chiqib olishda yordamlashdim”.

Fojia sakkiz kishini hayotdan olib ketdi, o’nlab odam kasalxonada.

“Sakkiz nafari og’ir ahvolda. Uch kishini operasiya qildik”, - deydi shifokor Xerbert Kushing.

Ayni paytda o’sha sektorda poyezd tezligini kamaytiruvchi texnologiya o’rnatilyapti. Temir yo’l ta’mirga muhtoj, deydi ayrim qonunchular.

“Amtrak” kompaniyasiga modernizatsiya loyihalari uchun 21 milliard dollar mablag’ zarur. Yo’llar yildan-yilga eskiryapti. Agar byudjetni kesishmasa, rekonstruksiya ishlariga 25-30 yil vaqt ketadi”, - deydi kongressmen Piter Defazio.

Prezident Barak Obama temir yo’lga sarmoyani oshirish tarafdori. Ammo respublikachilar “Amtrak” byudjetini 290 million dollarga kamaytirish uchun ovoz berdi.