Rasmiy Vashington mana bir necha oydirki Anqara bilan kelishmovchiliklar borligini inkor etib keladi. Ammo “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQSh va Turkiya yondashuvlari bir-biridan farq qilishi sir emas. Bu esa ikki davlat o’rtasidagi strategik hamkorlikni xavf ostiga qo’ymoqda, deydi tahlilchilar.
Anqara Vashingtonni kurdlarni, xususan, Turkiyada faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador Demokratik Ittifoq partiyasini (PYD) qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi. Kurdlarga ko’rsatilayotgan yordam mintaqada ayirmachilik harakatlarini kuchaytiradi, deya ishonadi Anqara rasmiylari.
Seshanba kuni Bosh vazir muovini Numan Kurtulmush Vashington yo Anqarani yoki PYDni tanlashi kerak, dedi. “Yoki NATO bilan uzoq muddatli hamkorlikni tanlasin yoki aslida Turkiyaga qarshi bo’lgan kuchlar bilan ishlasin”, - dedi u.
Ikki davlatning Suriyaga oid yondashuvi ham farqli. AQSh uchun eng muhimi - “Islomiy davlat”ni yo’q qilish. Turklar esa, avvalambor, Prezident Bashar Assadni hokimiyatdan chetlatish kerak, deydi. Suriyadagi isyonchilar ham Turkiya bilan hamfikr.
Anqara Vashington tayanchiga ega Suriya Demokratik kuchlarining (SDF) Furot daryosi g’arbida joylashgan Manbij hududiga hujum qilishiga ruxsat berdi, deydi AQSH rasmiylari. Anqara esa buni inkor etadi. SDF, asosan, kurdlardan tarkib topgan bo’lib, saflarida sunniy arablar, turkmanlar va ayrim boshqa isyonchi guruhlar bor. Agar SDF Manbij hujumini muvaffaqiyatli amalga oshirsa, kurdlarning Xalq himoyasi otryadlari (YPG) qonuniy kuchga ega bo’lishi mumkin. Anqara shundan xavotirda.
AQSh rasmiylari Turkiya xavotirlari asossiz, deya ta’kidlashda davom etmoqda.
“Turkiya bilan mustahkam aloqalarga egamiz. Men bot-bot gapirganman, Turkiya uchun bu nazariy bir masala emas. Bu chegaraga yaqin hududda ro’y berayotgan voqelik”, - dedi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jon Kirbi.
Xo’sh, Anqara va Vashington orasidagi tarang aloqalar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
Tahlilchilar fikricha, ikki davlat hamkorlikni to’xtatmaydi. Ammo Vashingtonning PYDni qo’llab-quvvatlashi ikki tomonlama munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tahlilchisi Gonul Tol Anqara hech qachon Vashington bilan orani buzmaydi, degan fikrda.
“Turkiyaning mintaqaviy muammolari NATOga a’zolikning qadrini oshirdi”, - deydi u va aslida Anqara Rossiya bilan munosabatlardan ko’proq xavotirda ekanini aytadi.
O’tgan noyabrda turk harbiy uchqichlari Rossiya samolyotini urib tushirganidan beri Anqara va Moskva orasi tarang.
Bunga javoban Rossiya Anqaraga sanksiyalar kiritdi, turklarga beriladigan vizalarga va ko’plab import mahsulotlariga cheklovlar qo’ydi, charter reyslarni bekor qildi. Taraflar bir-birini tanqid qilib, bayonotlar berdi.
Endi esa Rossiya Suriyada kurdlarni qo’llab-quvvatlashga kirishgan ko’rinadi. O’tgan oy PKK jangarilari Turkiyaning “Kobra” jangovar vertolyotini mamlakat janubi-sharqida urib tushirdi, ikki uchuvchi ham o'ldi. Ma’lum bo’lishicha, hujumda Rossiyada ishlab chiqarilgan qo’l raketasi ishlatilgan. Bundan ikki hafta oldin Rossiyada bir qonunchi Moskva PKKga qurol uzatishi mumkinligini aytgan edi.