Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va uning maslahatchilari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning rejasi va niyatini G’arb hamkorlaridan o’zgacha baholayotgani aytilmoqda.
Vashington va London Putin qisqa muddatda Ukrainaga hujum qiladi deya Kiyevni ogohlantirmoqda. AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan payshanba Zelenskiy bilan telefonda gaplashganida ham hujum muqarrarligi haqida so’zlagan, deyiladi Oq uy bayonotida.
Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uollas esa Berlinga tashrifi chog’ida Rossiyani Ukrainaga qarshi hujumdan qaytarishga imkon borligini, biroq bundan umidvor emasligini aytgan.
Rossiya qo’shni mamlakatga hujum qilish niyati yo’qligini aytarkan, chegarada 100 mingdan ortiq qo’shinni harbiy mashg’ulotlar uchun to’plaganini ta’kidlaydi.
Zelenskiy keng ko’lamli urush bo’lishiga ishonmaydi, biroq Rossiyani psixologik va gibrid urushning o’ta mukammal shakliga qo’l urushi mumkinligida gumon qilmoqda.
Zelenskiy G’arb davlatlarini vahima solmaslikka va vaziyatni bo’rttirib baholamaslikka chaqirmoqda, chunki, uning nazarida, bunday yondashuv sarmoyadorlarni cho’chitib, qimmatbaho qog’ozlar bozoriga salbiy ta’sir qilib, Ukraina iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda.
Zelenskiy AQSh, Britaniya, Kanada va Avstraliya hukumatlarining Kiyevdagi elchixonalaridan diplomatlari oilalarini evakuatsiya qilish bayonotlarini ham salbiy qabul qildi.
Ukrain rasmiylariga ko’ra, evakuatsiya haqidagi gaplar hukumatning oddiy xalq qo’rquvlarini bostirish harakatlariga halaqit bermoqda.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning aytishicha, Rossiyaning chegaradagi qo’shinlari soni Ukrainani bosib olish uchun yetarli emas.
Ukrainadagi ayrim mustaqil tahlilchilar ham bu masalada hukumat xulosasi bilan hamfikr.
Londondagi “Genri Jekson jamiyati” tahlil guruhi eksperti Taras Kuzioning aytishicha, Ukraina katta hududga ega, armiyasi hajmi bo’yicha Yevropada uchinchi o’rinda turadi.
“Urushda muvaffaqiyatga erishish uchun hujum qilayotgan armiya hajmining mudofaa qilayotgan armiya hajmiga nisbatini 3 ga 1 deb oladigan bo’lsak, Rossiyaga Ukrainani yengish uchun 500 mingdan 600 minggacha askar kerak bo’ladi. Rossiyada chegarada buncha askar yo’q va bo’lishi kutilmaydi”, - deydi tahlilchi.
Kuzioga ko’ra, Rossiya Qora dengizdan hujum qilishi va Donbassda isyonchilar nazoratidagi hududni kengaytirishi mumkin.
G'arbning Ukrainaga yordami
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina alyans a’zosi emasligiga ishora qilarkan, Rossiya qo’shin kiritgan taqdirda Ukrainaga askar yubormasligini ma’lum qildi.
“Bizda bunday reja yo’q. Ukrainaga yordam berishga diqqat qaratyapmiz”, - dedi u.
AQSh, Britaniya va yana bir necha mamlakat Ukrainaga qurol va harbiy uskuna yubormoqda, alyans ayrim a’zo mamlakatlarda qo’shinlari sonini oshirmoqchi. Xususan Britaniya Boltiq bo’yi va Skandinav davlatlarida askarlari sonini ikki baravar oshirmoqchi.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson kelayotgan hafta mintaqaga safar qiladi, Putin bilan telefon orqali gaplashishi kutilmoqda, keyingi oy esa NATOda bo’ladi. Bundan tashqari, yaqin kunlarda Moskvada Britaniya tashqi ishlar va mudofaa vazirlarini kutishmoqda.
AQSh sanksiyalari
AQSh va Yevropa mamlakatlari Rossiya Ukrainaga hujum qilsa, unga yirik sanksiyalar qo’yishi haqida ogohlantirmoqda. Xususan, AQSh Senatida shunday jazo choralarini o’z ichiga olgan qonun loyihasi ko’rilmoqda. Undagi ayrim choralar Rossiyaning shu kunga qadar amalga oshirgani aytilayotgan ishlari uchun qo’llanilishi mumkin. Jumladan, Ukrainaga qarshi kiberhujumlar, Kiyevdagi hukumatni ichkaridan yemirish harakatlari, ayrim maxfiy amaliyotlar tilga olinmoqda. Bu sanksiyalar Rossiya Ukrainaga qo'shin kiritmasa-da, joriy etiladi.
Hujjat mualliflari Rossiya banklari va suveren qarzini nishonga olmoqchi, Ukrainaga qo’shimcha harbiy yordam berishni ko’zlaydi. Bu borada ikki asosiy partiya qonunchilarining fikri yakdil ekani aytilmoqda. Biroq “Shimoliy oqim-2” quvuri loyihasini ishga tushirishga to’siq qo’yishga kelganda fikrlar bo’lingan.
Rossiyaning javob harakatlari
Rossiya AQSh va NATOdan qo’shinlari va qurollarini Sharqiy Yevropadan chiqarishni va Rossiyaga chegaradosh davlatlar, jumladan Ukraina va Gruziyani, kelajakda aylansga qabul qilmaslikni talab qilib, kafolatlar so’ramoqda.
AQSh ham, NATO ham Rossiyaga yozma javoblarini bergan. Alyans ochiq eshiklar siyosatiga ishora qilib, har bir mamlakat unga qo’shilishni mustaqil ravishda o’zi hal qilishini, Rossiyaning bu masalada veto huquqi yo’qligini bildirdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning juma kuni aytishicha, na AQSh va na NATO Moskvaning asosiy xavfsizlik talablarini inobatga olgan.
"Bugun Tashqi ishlar vazirligi orqali NATO va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga rasman murojaat yo'llab, o’z xavfsizligini boshqa mamlakatlar xavfsizligi hisobiga kuchaytirmaslik haqidagi majburiyatlarini qanday amalga oshirishmoqchi ekanini tushuntirib berishni so’radik. Agar majburiyatlarini bajarish niyati bo’lmasa, negaligini izohlab berishlari kerak. Keyingi takliflarimizni ularning mana shu savolga javobiga qarab tayyorlaymiz va Prezident Vladimir Putinga uzatamiz”, - dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
Unga ko’ra, Rossiyaga og’zaki va’dalar emas, Rossiyaning qonuniy manfaatlarini to’liq hisobga olgan va butun Yevropa qit’asi xavfsizligini ta’minlaydigan yozma huquqiy xavfsizlik kafolatlari kerak.