Paxta kampaniyasi: AQSh O'zbekistonga shart qo'ysin

  • Amerika Ovozi

Islom Karimov va uning hukumati xalqaro qonunlarni buzib kelmoqda, deydi huquq himoyachilari

Xalqaro tashkilotlar nazarida AQSh hukumati O’zbekistondan bolalarni paxta dalalarida ishlashga majburlash siyosatini to’xtatishni talab qilishi kerak.

Seshanba kuni “Paxta kampaniyasi” deb nomlangan guruh AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga ochiq xat yo’lladi. Unda rasmiy Toshkent Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) vakillarini mamlakatga taklif etishi zarurligi va Vashington bu borada bosimni oshirishi kerakligi aytiladi.

Bunday talab, deydi faollar, AQSh Davlat Departamentining odam savdosiga bag’ishlangan hisoboti chiqarilishidan oldin qo’yilishi kerak. Aks holda O’zbekiston bu boradagi reytingida uchinchi, eng pastki darajaga tushirilishi kerak, deyiladi maktubda.

Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilariga shu yil kuzida dalalarga borib, bolalarning paxta terimiga jalb etilmaganiga o’z ko’zi bilan ishonch hosil qilishi uchun ruxsat berish kerak, deydi “Paxta kampaniyasi” xalqaro uyushmasi vakillari.

Guruhga 50 ta xalqaro tashkilot, biznes ittifoq, kompaniya, nohukumat tashkilotlar va kasaba uyushmalar kiradi. Maqsad - O’zbekiston paxta sanoatida bolalar va kattalarning majburiy mehnatiga chek qo’yish.

Odam savdosiga bag’ishlangan hisobotdagi reytingda uchinchi daraja hukumat bu illatga qarshi kurashmayotganini bildiradi. Bunday mamlakatga nisbatan sanksiyalar joriy etilishi mumkin.

Ko’pgina hukumatlar odamlarning noqonuniy savsodiga qarshi yetarli chora ko’rmasa-da, “Paxta kampaniyasi” uyshmasiga ko’ra, rasmiy Toshkent siyosati ularnikidan farq qiladi. Bu mamlakatda yillar davomida bolalar va kattalar paxta terishga majbur qilinadi. Maktubda bildirilishicha, 2012-yilda ham yuz minglab odamlar, shu jumladan o’qituvchilar, hamshira va shifokorlar, harbiylar, xususiy sektor xodimlari, talabalar va maktab o’quvchilari paxta terimiga zo'rlab jalb etilgan. Bunday qilishdan bosh tortganlar jazolangan, ishingni yo’qotasan, maoshingni ololmaysan, o’qishdan haydalasan, degan do’q-po’pisalar eshitgan.

“O’zbekiston hukumatining muntazam ravishda kattalar va bolalarni paxta sanoatida majburlab ishlatishi va Xalqaro mehnat tashkilotiga mamlakatga kirishni ruxsat etmasligi Davlat departamenti hisobotida aks etishi kerak”, - deydi "Human Rights Watch" huquq tahskilotining Markaziy Osiyo bo’yicha vakili Stiv Sverdlov.

“O’zbekiston reytingini uchinchi darajaga tushirmaslik milliondan ziyod fuqaroning zamonaviy qullikda yashayotganini e’tirof eta olmaganimizni anglatadi”, - deydi u.

Odam savdosi hisobotida Davlat Departamenti muammo ko’lami va ko’rinishlariga e’tibor qaratib, hukumatlarning bu illatga qarshi kurashi haqida ma’lumot beradi.

“O’zbekiston hukumati Xalqaro mehnat tashkiloti vakillarini mamlakatga taklif etmas ekan, uning reytingini uchinchi darajadan balandroq etib belgilash hisobot nufuzi va unga bo’lgan ishonch uchun jiddiy zarba bo’ladi, - deydi "Calvert Investments" kompaniyasi vitse-prezidenti Bennett Friman.

"Tadbirkorlar, sarmoyadorlar, kasaba uyushmalari va nodavlat tashkilotlari bu hisobotdan aniq ma’lumot va yo’o-yo’riq olish uchun foydalanadi”.

Kelasi haftalarda AQSh Davlat Departamenti O’zbekiston reytingini oshirishi yoki pasaytirishi kerak. Hisobot chiqishi kutilayotgan vaqtda Xalqaro mehnat tashkilotining yillik anjumani bo’lib o’tadi. Unda O’zbekiston masalasi ko’rib chiqiladi.