Amerikaning 300 mingga yaqin askari Iroq va Afg’oniston urushlaridan jismoniy va ruhiy nogiron bo’lib qaytdi. AQSh armiyasi qo’mondonligi mashhur me’mor va ko’chmas mulk agentligi bilan birgalikda nogironlar uchun qulay, shinam va zamonaviy uylar qurmoqda. Bu kabi uylardan boshqa nogironlar ham foydalana oladi. Bundaylar esa mamlakat bo’ylab qariyb 57 million odam.
Mana bu imoratning ko’rinishi oddiygina. Lekin ichkariga kirsangiz, hamma narsa nogiron askarlar uchun moslangan. Urushda jarohat olganlar Virjiniya shtatining Fort-Belvuar harbiy shaharchasiga qaytmoqda.
Devorsiz katta xona, uzun, keng koridorlardan nogironlar aravachasi bemalol yurishi mumkin.
Shkaflardagi polkalarni tortib chiqarish mumkin. Vannaxonada ushlab turish uchun dastaklar. Har bir xonaning eshigi chetga ochiladi.
Bunday loyihada qator maqsadlarni ko’zladik, deydi “Clark Realty” firmasi xodimi Keysi Nolan.
“Biz nafaqat nogironlar uchun qulayliklar yaratib, barcha talablarga javob beradigan, har bir odam yashagisi keladigan shinam uylar qurishni maqsad qildik”.
Oshxonada rakovinani baland yoki past qilish mumkin, buning uchun bitta knopkani bosish kifoya. Gaz plitasini ham. Stolning balandligi ham oilaning har bir a’zosiga moslashtiriladi.
“Loyihani boshlaganimizda, bu uyda nogiron odam yashashini bildirishni xohlamadik, shu bilan birga qulayliklarga to’la imorat qurmoqchi bo’ldik, - deydi arxitektor Maykl Greyvs.
U yordamchilari bilan dunyoning turli chekkalarida qurgan binolar mukofotlarga sazovor bo’lgan.
2003-yilda u noyob virusga chalinib, shol bo’lib qoldi. Nogironlarni yaxshi tushungani uchun Greyvs urushlarda jarohat olgan askarlar uchun uylar qurishga kirishdi.
“Men shol bo’lishimni avvaldan bilganimda o’zim uchun qanday uy qurardim? Ular uchun hozir shunday turar-joylar barpo etyapman,” - deydi bunyodkor.
Askarlarning ko’pi urushdan aravachada qaytadi, ammo ba’zilarining jarohatlari boshqacha.
“Mening o’ng yelkamdan o’ng tovonimgacha badanim kuygan. Uchinchi darajali kuyish,” - deydi iste’fodagi kapitan Alvin Shell. U Iroqda xizmat qilgan. Boshqa askarni qutqarayotganida jarohat olgan.
Uning ko’zi yaxshi ko’rmaydi. Shuningdek, jarohatdan keyin tushkunlikka tushgan.
Shu sababli “Yaralangan jangchilar” deb nomlangan jamoa Shell va uning rafiqasidan loyiha bo’yicha maslahat so’radi.
Shell derazalarni katta qiling, eshiklar esa oynali bo’lsin, shunda odam uyida quyosh nuridan baxra oladi, yorug’likda o’zini xavfsiz sezadi, deb aytdi. Katta knopkalar yordamida qo’lidan judo bo’lgan askarlar ham eshiklarni ocha oladi.
Shellning badani kuygani bois havo haroratiga tez moslasha olmaydi. Barcha xonalarda o’rnatilgan termostatlar yordamida haroratni o’zgartirish mumkin.
“Bunday uylar g’oyasi barcha harbiylar orasida ommaviylashadi degan umiddaman,” - deydi faxriy.
Maykl Greyvs nafaqat harbiylar, balki tinch aholi ham loyihamizdan foydalana oladi, deydi.
“Fort-Belvuarda biz qurgan imoratlarlar butun mamlakat bo’ylab ko’payishi mumkin. Nogiron yoki artritdan aziyat chekayotganlar uchun juda qulay,” - deydi u.
Mamlakatning boshqa qismlarida ham o’xshash uylar qurilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5