Strategik qurollarni qisqartirish bitimi, yaqin tarixga nazar

  • Amerika Ovozi

Strategik qurollarni qisqartirish bitimi, yaqin tarixga nazar

1991-yilda AQSh-Sovet strategik munosabatlarida tarixiy burilish yuz berdi. Sovet Ittifoqi qulab, undan qolgan yadro arsenalini to'plab, xavfsizlantirish dasturi yaratildi.

1991-yilning dekabr oyida Sovet Ittifoqi tarqatib yuborildi. Ikkinchi jahon urushi yakunida boshlangan Sovuq urushga chek qo'yilib, strategik qurollarni nazorat etish bitimi qabul qilindi.

Ikki qudratli davlat ilk bor yadro qurollari, raketalari, samolyot va boshqa aslahalarini qisqartirishga kelishib oldi.

Strategik qurollarni qisqartirish bitimi, yaqin tarixga nazar

Vashingtondagi REND Korporatsiyasi tahlil markazi xodimi Olga Olikerning aytishicha, ko'p yillik raqobat asta-sekin hamkorlikka aylana boshlandi.

"Muzokaradan tomonlar mavzu ahamiyatini yaxshi tushungani ayon bo'ldi. Har ikki davlat xalqlari ham shuni istardi. Qurollanish poygasi izdan chiqqani ravshan bo'ldi", - deydi mutaxassis.

Ammo AQSh davlat xavfsizligi sobiq maslahatchisi Zbignev Bjezinskiy nazarida Sovet Ittifoqi o'z tizimidagi zaiflikni ko'rgani uchun shunday qilishga majbur bo'ldi.

"Ular chorasiz qolgan edi. AQSh va Sovet Ittifoqi qurollanishda davom etsa, iqtisodiy va texnologik ustunlik Qo'shma Shtatlar tomonida bo'lishini borgan-sari anglay boshlashdi", - deydi keksa arbob.

Zbignev Bjezinskiy

Strategik qurollarni qisqartirish bitimi yoki inglizchasiga qisqacha START shartnomasi 1991-yilning 31-iyulida imzolangan.

Unga ko'ra, AQSh va Sovet Ittifoqi tasarrufida yadro qurollari 6000 dan, ularni harakatga keltiruvchi moslamalar esa 1600 donadan oshmasligi kerak edi.

Sovetlar qurollar sonini hamda yadro arsenalini kamaytirishga muvaffaq bo'ldi. Jahon sahnasidagi obro'si uchun bu juda ham zarur edi.

Qurollar nazorati bo'yicha AQSh muzokarachisi Deyvid Smitning aytishicha, Sovet Ittifoqi uchun bu kabi jiddiy bitimlar muhim edi, chunki AQSh bilan siyosiy sahnada teng bo'lishga yaxshi imkoniyat edi.

"Bu raketalar sonidan ham muhimroq edi", - deydi sobiq elchi.

1991-yilda tomonlar yana bir tarixiy kelilshuvga erishdi. Hamkorlikda tahdidni kamaytirishga qaratilgan Nan-Lugar dasturi asosan AQSh tomonidan moliyalanib, sobiq raqiblarga Sovuq urush davrida faraz qilib bo'lmaydigan darajada yordamni ko'zda tutardi.

Zbignev Bjezinskiyning aytishicha, dastur Sovet yadro qurollarini hisobga olishda, saqlashda hamda begona ko'zdan yashirishda yordam taklif qilardi, toki qurollar yov qo'liga tushib, bundan na G'arb va na sobiq Sovet respublikalari zarar ko'rsin.

Richard Lugar

Nan-Lugar dasturi ortida turgan senator Richard Lugar shu yil noyabr oyida 20 yilda qilingan ish bo'yicha hisobot berdi.

"Dastur doirasida Sovet Ittifoqida 7601 dona yadro quroli zararsizlantirildi. Bu Fransiya, Britaniya va Xitoy tasarrufidagi arsenalni qo'shib hisoblagandan ham ko'pdir. Yadro zaryadini tashuvchi 2366 ta raketa atom quroli bilan birga yo'q qilindi", - deydi u.

Shuningdek, Sovet Ittifoqida Rossiyadan tashqari yadro quroliga ega yana uch respublika - Belarus, Ukraina va Qozog'iston 1990-yillarda ulardan xoli bo'ldi.