Prezidentga shikoyat qilgan tadbirkor uch yilga qamaladi

Olim Sulaymonov

24-mart kuni Mirzo-Ulug'bek tuman sudi huquq-tartibot organlaridagi korrupsiya yuzasidan prezidentga ochiq murojaat bilan chiqqan tadbirkor Olim Sulaymonovni 3 yillik shartli qamoq jazosiga hukm qilgan. Shu bilan, u Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi davridagi dastlabki siyosiy mahbusga aylanishi mumkin.

​Sulaymonov Mirziyoyevning islohotlarga chaqirig'idan ruhlangan va davlat idoralarini korrupsiyada ochiq ayblab chiqqan tadbirkor sifatida jamoatchilikka tanildi.

Uning video murojaatida prokuratura xodimlari ta'magirlikda, pora talab qilishda ayblanadi. Mirziyoyevning tadbirkorlar himoyasiga qilgan bayonotlari ortidan ochiqlangan bu murojaat natijasida Olim Sulaymonov jamoatchilikka tezda tanildi. Uni hatto O'zbekiston televideniyesiga taklif qilishdi, tadbirkorlikka doir ko'rsatuv qahramoniga aylandi.

Prezidentga murojaati so'ng Bosh prokuraturaga suhbatga chaqirilgan Sulaymonovning tadbirkorlik faoliyati tiklandi, hisob raqamlariga qo'yilgan hibs olib tashlandi, unga tegishli korxonalar ishga tushdi. Bu yangi hokimiyatning tadbirkorlar himoyasi uchun qo'yayotgan amaliy qadamlari sifatida ham baholandi.

2017-yilda sud Sulaymonovning ishini qayta ko'ra boshladi, fevral oyining o'rtalarida u to'satdan sud zalida hibsga olindi. 24-mart kuni Mirzo-Ulug'bek tuman sudi tadbirkorni tuhmat qilish, firibgarlik va yolg'on ko'rsatmalar berish aybi bilan shartli ravishda 3 yilu bir oylik qamoq jazosiga hukm qilgan.

Sudda ko'rilgan bu ish tafsilotlari aniq emas, ammo huquq himoyachilari Olim Sulaymonov Mirziyoyyev boshqaruvi davridagi dastlbaki siyosiy mahbusga aylanayotganiga diqqat qaratishmoqda. O'zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov deydiki:

“Bu odam (Sulaymonov) amaladorlarning qarshiligiga uchrayapti, uchraganda ham davlat rahbarining ko'rtsatmalari teskarisiga qilinayotgan bir sharoitda. Bu yerda siyosat bor. Albatta, u siyosiy mahbus bo'ladi, bu yerda to'g'ridan-to'g'ri jinoyat yo'q. Tadbirkor nima o'zini mulkini o'zi o'g'irlaydimi? Korrupsiya ularga tegishli emas, korrupsionerlar bu amaldorlar, ular mablag'lar ustidan nazorat qiladi, kimga, qayerga o'tkazilishini hal qilishadi. Shuning uchun ham bu tadbirkor siyosiy mahbusga aylanayapti”.

Olim Sulaymonovning murojaatida Bosh prokuraturaning soliqqa qarshi jinoyatlar bo'limi xodimi undan 30 ming dollar pora talab qilishda, aks holda hisob raqmalarini yopib qo'yish bilan tahdid qilganlikda ayblangan.

Tabdirkorlarga erkinlik berish, ular faoliyatiga huquq-tartibot organlari aralashishini keskin cheklash Mirziyoyev olg'a surayotgan islohotlardan biri. Sulaymonovning ishi aynan tadbirkorlar va huquq-tartibot organlari munosabatiga yorqin misol ekanligi bilan diqqatli.

“Bu shuni anglatayaptiki, davlat idoralarida avj olgan korrupsiyani to'xtatishga hukumat ojiz, ya'ni kurashga davlatning kuchi yetmayapti. Ikkinchidan yangi rahbar tadbirkorlar, fermerlar sharoitini yaxshilash uchun ko'p gapirayapti, ammo uning topshiriqlari amaldorlar, ayniqsa huquq-tartibot organlari tomonidan sabotaj qilinmoqda. Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi yoki boshqa idoralar boshqaruvni eskicha qoldirishni xohlaydi, hozir shunaqa payt. Bu amaldorlar uchun odamlarning huquqsiz qolaverishi daromad manbai bo'lib kelgan”, - deydi Surat Ikromov.

Toshkentlik jurnalist Sid Yanishevga ko'ra, Olim Sulaymonovning jazoga loyiq ko'rilayotgani hatto Mirziyoyevning qabulxonasi orqali ham ochiq gapirishning xavotirli ekanligini ko'rsatmoqda.

“Bir tomondan odamlarga virtual qabulxonaga murojaat qilishni, muammolar haqida gapirishni taklif etishmoqda. Ikkinchi tomondan esa odamlar aynan o'z muammolarini ochiqlagani uchun jazoga tortilganini ko'rayapmiz”, - deydi u.
Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar ancha umidli baholanadi, ayniqsa uzoq yillardan buyon qamoqda bo'lgan bir nechat siyosiy mahbuslarning ozodlikka chiqishi bu umidlarni yanada kuchaytirdi.

24-mart kuni Olim Sulaymonov qamoqqa hukm qilinishi barobarida ruhiy kasallar shifoxanasiga majburan joylashtirilgan huquq himoyachisi Yelena Urlayeva shifoxonadan chiqarilgan. Uning ozod etilishi AQSh elchixonasi tomonidan olqishlangan. Avvalroq elchixona Urlayevaning shifoxonaga joylashtirilishi xavotirli ishora ekanligi haqida bayonot tarqatgan edi.