O’zbekiston hayotini uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan olim Rassell Zanka aslida Nyu-Yorkdan, Kvins tumanida katta bo’lgan. Mahallasiga O’zbekistondan ko’chib kelgan muhojirlar, ayniqsa buxorolik yahudiylar bilan tanishib, o’lkaga qiziqib qoladi.
O’zbekiston u yoqda tursin, hatto butun Markaziy Osiyo ko’plab amerikaliklar uchun hali ochilmagan dunyo edi, deydi Rassell Zanka. Mana shu cheksiz qiziqish uni antropologiya sohasiga yetakladi va yillar o’tib, olim mintaqaning bugungi kuni, O’zbekiston xalqi va uning turmushi haqida kitoblar yozdi.
Rassell Zanka Chikagoda Shimoli-sharqiy Illinoys universitetida dars beradi. Yaqinda Vashingtonga kelganida, uni suhbatga tortdik.
Professor Zankaning 2010-yilda chop etilgan kitobi O’zbekistonda dehqonlar qanday kun kechirayotgani, aynan paxtakorlar hayotiga yaqindan nazar tashlaydi.
O’zbekiston u yoqda tursin, hatto butun Markaziy Osiyo ko’plab amerikaliklar uchun hali ochilmagan dunyo edi, deydi Rassell Zanka. Mana shu cheksiz qiziqish uni antropologiya sohasiga yetakladi va yillar o’tib, olim mintaqaning bugungi kuni, O’zbekiston xalqi va uning turmushi haqida kitoblar yozdi.
Rassell Zanka Chikagoda Shimoli-sharqiy Illinoys universitetida dars beradi. Yaqinda Vashingtonga kelganida, uni suhbatga tortdik.
Professor Zankaning 2010-yilda chop etilgan kitobi O’zbekistonda dehqonlar qanday kun kechirayotgani, aynan paxtakorlar hayotiga yaqindan nazar tashlaydi.
Sobiq Sovet davlatlari haqida o’rganganim sari O’zbekiston meni o’ziga tobora torta boshladi, deydi Zanka. Amerika ziyolilari orasida Markaziy Osiyo xalqlari haqida biladiganlar juda kam edi. Shu bois men bu sohaga sho’ng’idim. 1980-yillarning o’rtalaridan boshlab, mintaqa, u yerdagi elatlar, xususan o’zbek xalqi xususida izlana boshladi. Etnografik va antropologik tadqiqotlarga qo’l urdi.
Olim qishloqda yashab, aholi bilan yaqindan tanishishni, uning turmushini o’rganishga qaror qildi - Namangan viloyatining Chorbozor tumani Boburkent qishlog’iga.
“Shaharlar meni uncha qiziqtirmadi, chunki boshqa Sovet shaharlaridan uncha farq qilmaydi deb o’yladim… Qishloqlar esa o’ziga xos bir dunyo. An’ana va haqiqiy hayotni yaqindan ko’rmoqchi bo’lgan odam qishloqqa borishi kerak, nazarimda. U yerdagi tirikchilik bilan tanishar ekanman, paxta asosiy ekin va ne’mat ekaniga guvoh bo’ldim. Dehqonchilik haqida ma’lumot to’plash bu paxtachilikni o’rganish degani edi. Shunday qilib, izlanishimni paxtakorlar faoliyatiga bag’ishladim”,- deydi olim.
Professor Amerika ahliga, talabalariga o’zbek dehqonini, paxtakorlarni masalan, qanday tasvirlab beradi?
“Zahmatkash, tinim bilmas insonlar, lekin ularni erkin deyish qiyin. Ular ishining ustasi, ammo mahsulot, hosil ustidan biror kuchga ega emas. Albatta men O’zbekiston tarixi, Sovet davri sarqitlari haqida gapirib beraman. Dunyoning qayeriga bormang, dehqon-mirishkor o’xshash muammolardan noliydi. Lekin O’zbekistonda paxtachilik hukumat nazoratidagi soha. Bu degani dehqonlar qator cheklovlar bilan yuzlashadi. Ular yerning egasi emas”.
G’arb nazarida, O’zbekiston paxtazorlari - majburiy mehnat maydoni. Dehqon davlat buyrug’i asosida paxta ekadi, yetishtiradi, lekin uning foydasini ko’rmaydi. Oq oltin – yurt boyligi, ammo paxtakor qora terga qanchalik botmasin, hosildan deyarli daromad olmaydi. Bu qanchalik haqiqat?
“Qisman haqiqat… Paxtakor borki, paxtani majburan ekadi, aslida undan nafratlanadi deyish haqiqatga ko’z yumish bo’ladi. Bu noto’g’ri. Paxta bu ularning hayoti, ularni boqadigan ekin. Turmushda undan keng qo’llanishadi, paxta tolasidan tortib, g’ozapoya va chigit yog’igacha… To’g’ri, paxta davlat nazorati ostida yetishtiriladi, paxtakorning imkoniyatlari cheklangan. Erkinlik berilgan taqdirda paxtakorlar yanada yaxshiroq hosil olgan, uning rohatini ko’proq ko’rgan bo’lardi. Davlat talab qilmasa, odamlar paxta ekmaydi deyish noto’g’ri”.
Rassell Zanka “Musulmon o’zbek qishlog’idagi hayot: Kommunizmdan keyingi paxtachilik” deb nomlangan kitobida dehqon g’ururi va qadri, mirishkorning yerga nisbatan mehri qanchalik kuchli ekani haqida hikoya qiladi. O’zbekiston tarixi haqida yozar ekan, paxtakorlik avloddan-avlodga o’tib kelayotgan odat ekaniga urg’u beradi.
Respublika shirin mevalari, mazali sabzavotlari bilan tanilgan. Dehqonchilikda, shubhasiz, ularning ham o’rni va ahamiyati katta. Nima yetishtirish fermerning o’ziga havola bo’lishi kerak, deydi olim.
“Paxta global miqyosda xaridorgir mahsulot. Eksportdan katta foyda keladi. Uni qanday yetishtirishni biladigan odam albatta bu yo’ldan boradi. O’zbekistonda dehqonga erkinlik berilsa, o’zi biladi nima qilishni. Balki kimdir yerining bir qismiga paxta, qolganiga sabzavot va don ekar. Kimdir faqat paxtachilik qilar. Yaxshiroq navlaridan ekar. O’zbekistonda dehqon hukumat bosimni olsa, paxtadan yuz o’girmaydi, buni ishonch bilan aytish mumkin”.
“Yerni parvarishlash, urug’ ekib ekinga qarash, o’g’it solish va hosilni yig’ishtirib olishgacha, jarayon juda mashaqqatli. Ikkinchidan, suv muammosi bor. Paxta ko’p suv talab qiladi. Paxtakorda ko’p hollarda tanlash imkoniyati yo’q. Odamlar yo’lini topishga, bir amallab daromad qilishga harakat qiladi. Lekin omadi chopmasa, zarari ularni xonavayron qilishi mumkin. Dehqonlarni fermer desangiz, o’zlari kulishadi. Bilamiz, haqiqiy fermer kim ekanini, masalan Amerikada; biz qora dehqonmiz xolos deyishadi”.
Olim deydiki, dehqon yer egasi bo’lsa ham barcha muammolar hal bo’lmaydi. Yer taqsimoti va nazorat, qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlash… Bularni eplash oson emas. Respublikada bu borada ko’p izlangan mutaxassislar bor, deydi Rassell Zanka. Shunisi aniqki, qishloq xo’jaligi tub islohotlarga muhtoj. Hukumat amaldagi siyosat va tashabbuslar ish bermayotganini tan olishi kerak.
"O’zbekistonda hokimiyat oddiy xalq ko’ngliga qaramaydi. O’zbekistonda yashab, real hayotga guvoh bo’lib, shunday xulosaga keldimki, dehqonni hurmat qilishmaydi. Uning dardini tinglashmaydi. Agar mana shu munosabat yaxshilansa, qishloq xo’jaligi oldinga siljiydi”.
Lekin prezident Islom Karimov yurt kezib, dehqonlar bilan uchrashganida, ularning qo’llari ko’ksida, rahbarga qilayotgan ishlari uchun rahmat aytayotganini ko’ramiz. Ammo, shaxsiy suhbatlarda odamlar dehqonchilik qilish bag’oyat qiyin ekanini, farzandlar ekinzorda ishlashni emas, boshqa mamlakatlarga borib, mehnat qilishni ma’qul ko’rayotganini aytishadi.
Qishloq xo’jaligi bo’yicha qonun-tartib degan narsalar bor, deydi Rassell Zanka, ammo amalda bu soha mahalliy mansabdorlar, boylar va tanish-bilishi bor odamlar ixtiyorida.
“Hosil yaxshi bo’libdi, mana, nega zarur vositalar sotib olmayapsiz deb so’raganingizda, odamlar javob berishga qiynaladi. Korrupsiya shu qadar chuqur ildiz otganki, odamlar tizimdan umidini uzgan. Shikoyat qilib qayerga boramiz deyishadi, qo’rqishadi… Rahbarlar kelganida yaxshi kiyinib, uning oldiga chiqib, minnatdorchilik bildirayotgani, afsuski, ular haqiqatda zamondan rozi ekanini anglatmaydi”.
“Bunday uyushmalar samara berishi uchun sizga siyosiy erkinlik kerak. Faol fuqarolar bir davrada o’tirib, muammolarni erkin muhokama qila olishi, dehqonlar erkin fikr almashib, amaldagi siyosatni savolga tuta bilishi kerak. Dehqon fikrini aytishga qo’rqadi, uning ahamiyati yo’q deb o’ylaydi. Ular sizga ochiq aytmasa-da, hayoti va yuzlashayotgan qiyinchiliklariga qarab, ularning dardini tushunish mumkin. Nazarimda O’zbekistonda dehqonlar hukumat ularga yordamni oshirishini, shu bilan birga, zarur erkinlikka ega bo’lib, hosilning rohatini ko’rishni xohlaydi. Bozor iqtisodiyoti nima ekanini ular shunda yaxshiroq tushunadi va foydasini biladi”.
Chet davlatlar, xususan Amerika O’zbekiston xalqiga yordam bermoqchi bo’lsa, dehqonni quvvatlasin, deydi olim. Dehqoni yaxshi yashagan el to’q bo’ladi, deydi u, bu umumbashariy tushuncha. Fermerlar tajriba almashishi, dunyo ko’rishi uchun imkoniyat berish kerak, deydi Rassell Zanka.
O’zbekistonda dehqonlar o’ziga xos siyosiy kuchga ega bo’lishi, o’z manfaatlarini himoya qila olishi va hukumatga konkret tavsiya-talablar bilan chiqishi uchun nima qilish kerak?
“Dehqonlar siyosiy tashkilot tuza olishi kerak. Buning uchun esa birlashish, uyushish erkinligi kerak. Amaldagi siyosatni bemalol tanqid qila olishi kerak. Ta’qib va qamoq xavfi bilan yuzlashmasligi kerak. Afsuski, O’zbekistonda vaziyat bu talablarga javob bermaydi… Partiyani hukumat emas, fuqarolar mustaqil ravishda tuzishi kerak. Hukumat esa bu partiyalardan kelayotgan tanqidni konstruktiv qabul qilib, javob berishi, ular bilan muzokara qilishi kerak. O’zbekiston hukumati, hammamizga ma’lumki, tanqidga toqat qilmaydi”.
O’zbekiston jamoatchiligi uchun bolalar paxta terishi dahshatli fojia emas, deydi u, o’z kuzatuviga tayanib. Bu shu qadar azaliy odatki, ko’pchilik farqini tushunmaydi. Haqqini to’lasa, terimga chiqadiganlar ko’p. Odamlar tahdid ostida emas, o’z xohishi bilan paxtaga chiqishi uchun sharoit o’zgarishi kerak, deydi Rassell Zanka.
“Taraqqiy etaman degan jamiyat taraqqiyotdan qo’rqmasligi kerak. Qo’l mehnatidan texnologiyaga o’tish uchun nima qilmoq lozim? Mana shu haqda jiddiy o’ylanish zarur. Hukumat bu sohaga ko’proq sarmoya kiritishi, har bir so’m ko’zlangan maqsad uchun sarflanishini ta’minlashi zarur. Bu esa vijdonan ish ko’rishni talab qiladi. Dehqon, paxtakor hayoti yaxshi bo’lsin desangiz, bolalar va kattalarni majburlab dalaga olib chiqmaysiz. Tan olish kerak, buni”.
Suhbatni tomosha qiling:
Your browser doesn’t support HTML5
Watch the interview/Original:
Your browser doesn’t support HTML5