Jurnalist Dilmurod Sayyid 3-fevral kuni to'qqiz yillik qamoqdan so'ng sud qarori bilan shartli ravishda ozod qilindi. Tanqidiy maqolalari bilan jamoatchilikka tanilgan Sayyid mustaqil jurnalistik faoliyati uchun ta’qibga olingan, 2009-yilda tovlamachilikda ayblanib 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Dilmurod Sayyid "Amerika Ovozi" bilan suhbatda yo'qotganlaridan chuqur taassufda ekanligini bildirar ekan, uning ozodlikka chiqishiga ko'makdosh bo'lgan barchaga o'z minnatdorchiligini bildiradi.
Dilmurod Sayyid mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan ozodlikka chiqishi kutilayotgan siyosiy mahbuslardan biri edi. Bu ozodlik unga o'zgarishlardan bir yil o'tib taqdim qilinmoqda. Qamoqxona ma'muriyati uning ishini komissiyaga topshirgan, 3-fevral kuni o'tgan sud uni shartli ravishda chiqarishga qaror qildi.
"Gap faqat menda emas, balki so'nggi paytda ozodlikka chiqqan Azam Turg'unov, A'zam Farmonov kabi insonlarni ham ozodlikka yetishishida birinchi navbatda do'stlarimiz, hamksablarimiz, huquq faollari, mahalliy va xalqaro miqyosdagi inson huquqlari tashkilotlarining xizmati katta. Shuning uchun fursatdan foydalanib ularga o'z tashakkurimni bildirmoqchiman. Qamoqxonada bo'lishiga qaramasdan bu faollarning taqdiri unutilmagan, ularning ozod etilishi uchun harakat tinmagan. Biz o'sha joylarda o'tirib ham bundan xabardor bo'lib turdik, buning uchun hammadan minnatdorman", - deydi Sayyid.
Uning aytishicha, ehtiyot chorasi tariqasidagi biror ogohlantirishlar, jurnalistik faoliyatiga doir shartlar qo'yilmagan:
"Kutilmaganda chaqirishdi, qamoqxonada menga qo'yilgan ma'muriy va intizomiy jazolar hali yechilmagan edi. 19-yanvar kuni 20 dan oshiq mahkumni chaqirishib, aksariyati diniy ayblovlar bilan edi, insonparvarlik tamoyillariga ko'ra ish ko'rayotgan komissiyaga taqdim etishdi. 3-fevral kuni esa sud bo'lib o'tdi va shartli ravishda ozodlikka chiqdim. Jinoyat kodeksining 78-moddasida muddatidan ilgari shartli ravishda ozodlikka chiqarilsin, degan bandi bor. Men 3,5 yildan oshiq muddatdan avval shartli ravishda ozodlikka chiqarildim, lekin menga biror shartlar qo'yishgani yo'q. Masalan, unday qilsang, bunday bo'ladi kabi biror tahdidli gaplar aytilgani yo'q, bu haqda gap ham bo'lmadi. O'zim bilan qamoqxonada yozgan ijod namunalarimni ham olib chiqdim, biror to'sqinlik bo'lmadi. Ular ham avvalgi paytlar o'tganini tushunib yetishgandek".
Qamoqdagi to'qqiz yil davomida jurnalistning nafaqat salomatligi yomonlashgan, balki uning oilasi, yaqin insonlari fojiali tarzda halok bo'lgan.
"To'qqiz yillik qamoqdagi umr haqida aytish lozim deganlarim shuki, yo'qotilgan umrni qaytarib bo'lmaydi. Shunday yo'qotishlar bo'ldiki, ularni ham o'rniga qaytarishning imkoni yo'q. Shu darajada esdan chiqarilmaydigan, qaytarib bo'lmaydigan yo'qotishlar. Bu masalada hali aytadigan, uchrashadigan, aniqlaydigan gaplarimiz bor. Bugun mana marhum onamning qabrlarini ziyorat qilib keldim. Allohning irodasi ekan. Endi sog‘ligimga e'tibor qilib, keyin marhum ayolimning va farzandimning qabrini ziyorat qilib kelaman. [Uning oilasi qamoqdagi jurnalist bilan uchrashuvga ketayotib, yo'l transport hodisasi tufayli fojiali tarzda halok bo'lishgan edi]. Shundan so'nggina kelajak rejalarni ko'ramiz, do'stlar bilan maslahatlashib jurnalistikaga qaytish niyatidaman. Mendagi ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi bir yil ichida matbuotda ancha jonlanish kuzatilmoqda ekan", - deydi Dilmurod Sayyid.
Unga nisbatan ta’qiblarga jurnalistning jamoatchilikda katta shovshuv uyg'otgan "Yo'q haqida badiha" maqolasi sabab bo'lgan edi. 2005-yilda, keskin diktatura sharoitida mamlakatdagi real voqelik keskin tanqid qilingan bu maqola e'lon qilinishi ortidan uni chop etgan "Advokat" gazetasi yopilgan, jurnalistning o'ziga nisbatan bosimlar boshlangan edi.
O'shanda ishsiz qolgan Dilmurod Sayyid mustaqil jurnalistika bilan, inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullana boshladi. "Ezgulik" jamiyati safida inson huquqlari bilan shug'ullandi.
2009-yilga borib u Toshkentdagi uyida hibsga olindi. Tovlamachilikda aybdor topilib, Samarqand viloyati Tayloq tuman sudi tomonidan 12,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Dilmurod Sayyid - AQSh tomonidan, shuningdek, inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi xalqaro tashkilotlar tomonidan ham ozod etilishi talab qilib kelingan siyosiy mahbuslardan. Bungacha boshqa bir guruh uzoq yillik siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarilgan edi.