O‘zbekistonlik jurnalist va rejissor, Kastamonu universiteti jurnalistika fakulteti magistranti Abdukarim Mirzayev Turkiyadan deportatsiya qilinishi mumkin. Ayni paytda u Istanbulning Kuchukchekmeje tumanida joylashgan deportatsiya markazida ushlab turilibdi.
Mirzayevning advokati Mahmud Said Arslan “Amerika Ovozi” bilan suhbatda jurnalistning tezroq qo‘yib yuborilishiga umid qilayotganni aytdi.
“Odatda bunday ishlar olti oygacha cho‘zilishi mumkin, lekin bu olti oy davomida deportatsiya markazida qoladi degan ma’noni bildirmaydi. Bilib bo‘lmaydi, dushanba kuni ham qo‘yib yuborilishi mumkin, bir oydan keyin ham. Sudda yutib chiqishimizga ishonyapman, chunki bu o‘rinda Migratsiya tashkiloti noto‘g‘ri ish qilyapti. Abdukarim Mirzayevga nisbatan hech qanday ayblov qo‘yilmagan, u Turkiya qonunchiligni buzmagan, uning qandaydir jinoyat sodir etgani bo‘yicha dalil ham yo‘q. Shunchaki uning telefonidan kimlardir gaplashgan, ana o‘shalar jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin, Mirzayev emas”, - dedi advokat.
Abdukarim Mirzayev oxirgi paytda Istanbuldagi “Registon TV” kanalida bosh rejissor sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Xuddi shu kanalda ishlyotgan jurnalist Sanjar Said hamkasbining boshiga tushgan ishlar aslida anglashilmovchilik bilan bog‘liqligini aytadi.
“Shu yilning 28-noyabr kuni Abdukarim Mirzayev Floryaga, ya’ni dengiz sohiliga oilasi bilan aylangani chiqqan. O‘sha paytda zamonaviy ko‘rinishdagi to‘rtta ayol yaqinlashib – ikkitasi 35-40, qolgan ikkitasi 16-17 yoshlarda – Abdukarimdan telefonini berib turishini, qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekanligini aytgan. Ulardan biri 2-3 daqiqa gaplashgan. Shundan keyin Abdukarimning telefoniga har xil erkaklardan SMSlar, qo‘ng‘iroqlar kela boshlagan. Abdukarim ularni “tarbiyasi chatoqroq shekilli-da”, deb ham o‘ylagan. Qizig‘i, o‘sha ayol qo‘ng‘iroq qilganidan keyin yap-yangi telefonning ishlashi sekinlashib, qotib qoladigan bo‘lgan. 11-dekabrga o‘tar kechasi uning uyiga turk xavfsizlik kuchlari kelib, tintiv o‘tkazgan, lekin shubhali hech narsa topa olmagan. Abdukarimni politsiya bo‘linmasiga olib borishgan. Aybi yo‘qligi isbotlangan bo‘lsa-da, undan keyin deportatsiya qilinishi uchun Migratsiya boshqarmasiga topshirishgan”, – deya tushuntirdi Sanjar Said.
Mirzayevning yaqinlari shu paytgacha uning qo‘yib yuborilishiga umid qilib, yuz bergan hodisani ommaga oshkor etishmaganini aytmoqda. Ular Mirzayevning qandaydir aybi borligiga ishonmaydi.
Qirq yoshli jurnalist Surxondaryoning Denov tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan. “Poytaxt” va “Zamin” radiokanallarida, “Yoshlar” telekanalida, “Diydor” teatr-studiyasida ishlagan. Asosan falsafiy-tarbiyaviy ruhdagi chiqishlari bilan tanilgan, bir qator hujjatli filmlar suratga olgan.
“YouTube” tarmog‘idagi “Yo‘ldagi odam” kanalida uning 370 mingdan ziyod, “Telegram”dagi kanalida esa 117 mingdan ziyod kuzatuvchilari bor. Sanjar Saidning aytishicha, oxirgi ikki-uch oy ichida Abdukarim Mirzayevning ijtimoiy tarmoqdagi videolavhalari yanada ommalashib ketgan.
Dunyoning turli nuqtalaridan unga minnatdorchilik bildirganlar, maslahat so‘rab murojaat qilivchilar soni ko‘paygan. U hamkasbining hech qanday diniy oqimlarga aralashmaganini, hech qanday diniy va siyosiy da’volari yo‘qligini ta’kidladi.
“Abdukarim aka hech qachon siyosatga aralashmaganlar, umuman qiziqmaganlar siyosatga, xohishi bo‘lmagan bunga. Diniy mazmunda qandaydir hikoyani aytib beradigan bo‘lsalar, albatta, “Registon TV”dagi yoki O‘zbekistondagi domlalardan maslahat olganlar, - deydi jurnalistning turmush o‘rtog‘i Nafisa Omon. - U kishi faqat ijodga, kinoga qiziqadilar. Turkiyaga kelishimizdan maqsad ham ijod edi – Istanbul film akademiyasida o‘qimoqchi edik, lekin moddiy imkomiyatimiz yetmadi. Shundan keyin Kastamonu universitetiga o‘qishga kirdik”.
Uning aytishicha, Floryada Abdukarimdan telefon so‘ragan ayollar ko‘rinishidan eronlik yoki arabga o‘xshagan. Ular foydalangandan keyin telefon ishlamay qolgan, telefon kompyuterga ulangandan keyin unda ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Jurnalist bu holatni xakerlarning ishi deb gumon qilgan.