Tojikistonda ikki mingdan oshiq o’zbek maktablari tojik tilida ish yuritishga o'tmoqda, oliy o’quv yurtlarida o’zbek fakultetlari qisqarib borayapti. Tanqidchilar nazarida bu siyosat ichki ziddiyatlarni, millatchilikni kuchaytirishi aniq. Tarafdorlar esa davlat tilini hamma bilishi, ish asosan shu tilda yuritilishi tabiiy, deydi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’qituvchi Mayram Otaboyeva bu ketishda o’zbeklar tojiklashsa kerak, deb fikrlaydi.
“O’zbek kafedralari qisqardi deb eshitdik. Hamma sinflarni bular tojik tilida ochishdi. Xalq albatta tashvisda. Millatchilik qilmasligimiz, bu tojik, bu o’zbek demasligimiz kerak”, - deydi muallima.
Respublika oliygohlaridan birida dars beruvchi tarixchi, tojik olimi, hukumatning bu siyosatini tabiiy deb hisoblab, davlat tilini har bir fuqaro mukammal bilishi shart, deydi.
"Biz shunday ham 70 yil panturkistlar asoratida edik, endi asl milliyligimizni tiklashimiz zarur", - deydi o'z ism-sharifi sir tutilishini so'ragan ziyoli.
O’qituvchu Olimjon Rajabov esa hukumat o’zbeklarni qo’llasa yaxshi bo’lardi der ekan, Tojikiston shimolidagi Oftobro’y qishlog’i misolida o’zbeklar tojiklar bilan bir qatorda bilim olayotganini, o’zi ham tojik tilini o’zlashtirib olganini aytadi.
“Nazarimda baribir o’zbek o’qituvchilari tojik tiliga o’tadi. Shaxsan o’zim ham tojik tilini o’rganib oldim. Tojik sinflariga dars beraman. Qishlog’imizda o’zbeklar tojikchani yaxshi o’rganib, institutlarga kirib ketyapti”, - deydi o’qituvchi Rajabov.
Sug’d viloyatidagi o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov respublika milliy siyosatida xatolik ko’rmaydi.
“Noto’g’ri ma’lumotlarni berayotganlarning vijdoni o’zlariga havola, mustaqillik yillarida Tojikistonda o’zbekcha gazeta-jurnallar ko’paygan bo’lsa ko’payibdiki, kamaygani yo’q. Albatta davlat nashrlari bundan mustasno. Oliy o’quv yurtlarida o’zbek bo’limlarining qisqarishi esa o’sha yerdagi muallimlarning aybi. Ishni tashkil etishni uddalay olishmagan. Biz Kho'jandda o’zbek markazi, ona tilimizda gazeta va jurnal tashkil etdik. “Sharqnoma” jurnalimiz O’zbekistondagi “Sharq yulduzi” bilan tenglashadi, Abdulla Oripovdek shoirning nazariga tushdi, bundan faxrlansak arziydi”. - deydi u.
"Sharqnoma" jurnali Bosh muharriri shoir Jamshed Tojikiston o’zbeklari ikki tilli ekanini yutuq deb biladi.
“Ikki tilda ijod qilishimiz bizning baxtimiz. Toshkentga borsak, o’zbek ijodkorlari ie, tojikcha bilasizlarmi deydi. Tojikcha gapirib ketaman, hayron bo’lib qarashadi. Ikki tilni mukammal bilishlaring sizlarning katta davlatlaring deyishadi. Biz- Tojikistondagi o’zbek ijodkorlari, Abdulla aka (Oripov) aytganlaridek, ikki xalq adabiyoti, davlatini bir-biriga birlashtiradigan ko’prikmiz”, - deydi shoir Jamshed.
Tojikistonlik o’zbek yozuvchisi Hakim Zokir respublikada ichki milliy siyosatdagi kamchiliklarni mohirlik bilan diplomatik tarzda silliqlaydi.
“Mustaqillik davrimizda hali o’zini yaxshilab o’nglab ololmaganligi, bordi-keldilarning yaxshi emasligi, qaysidir bir ma’murlarning o’z huquqlarini ko’proq ko’rsatishni istashlari, xalq ko’nglini juda yaxshi tushunib ololmayotgaligi sabab shunaqa faktlar ro’y bermoqda. Bizdagi “Ma’naviyat” gazetamiz, “Sharqnoma” jurnalimiz do’stligimiz uchun xizmat qilmoqda. Pochtamizga Qirg’iziston, O’zbekiston ijodkorlaridan kelayotgan xat-xabarlar, ularning ijodiy ishlari birligimizdan guvohlik beradi, hali sho’ro davridagidanam ahil bo’lib ketishimizga ishonaman”, - deydi Hakim Zokir.
"O’zbeklar Tojikistonda katta kuch, ularni har qanday milliy chegaralash og’ir oqibatlarga olib keladi. O’zbek hech qachon Tojikistonda milliyligini yo’qotmaydi. Bu madaniyat va san’at, ayniqsa til masalasida muhim xususiyatga ega, bu ikki xalqni faqat jaholatparastlargina ayrishi mumkin", - deydi yana bir o’zbek ziyolisi.