O'zbekiston aholisi va ishchi kuchi, so'nggi raqamlarga nazar

O’zbekistonda mustaqillikning 21-yili 30 millionlik aholi bilan qarshilanishi kutilmoqda. Mavjud sharoitda bu ko’rsatkichning ahamiyati bahsli masala.

Davlat statistika qo’mitasining demografiyaga oid yangi hisobotiga ko’ra, aholi shu yilning 1-iyulida 29 million 700 ming kishidan oshgan. Tug’ilish ko’rsatkichi 90-yillarda ancha kamaygan bo’lsa-da, 2000-yillarda nisbatan ko’paygan. Respublika aholi soni jihatidan dunyoda 44-o’rinni egallaydi.

Tahlilchilar deydiki, bugungi kunga kelib mintaqada iqtisodiy-siyosiy yetakchilikni qo’ldan bergan O’zbekiston uchun ishchi kuchi asosiy potensialdir.

O’zbekiston imkoniyatlari haqida gap ketganda, ko’plab hisobotlarda mamlakat qariyb 30 millionlik bozorga egaligi va mintaqa aholisining yarmi respublikaga to’g'ri kelishi ta’kidlanadi.

Davlat statistika qo’mitasi hisobotiga ko’ra, 1990-yillarda O’zbekistonda tug’ilish ko’rsatkichi 723 ming kishi atrofida bo’lsa, 2000-yillarda 520 mingga tushgan. Keyingi 10 yildagi eng yuqori ko’rsatkich 2009-yilda 650 ming bilan qayd etilgan. 2011-yilda tug’ilish 626 mingga tushgan.

2012-yilning 1-iyuligacha aholi 29 million 735 mingdan oshgan.

Rasmiy statistikaga tayansak, 30-millionni belgilovchi chaqaloq shu yaqin kunlarda dunyoga kelishi kerak.

Lekin davlat berayotgan ma’lumotlarga shubha bilan qarovchilar 30 millionga ancha avval yetganmiz deydi.

O’zbekistondan ko’chayotganlar soni 2011-yilda 184 ming kishidan oshgan, ko’chib kelayotganlar esa 136 ming atrofida.

Bu borada Qoraqalpog’istondagi ko’rsatkich eng yuqori. 2011-yilda 30 mingga yaqin kishi respublikani tark etgani rasman qayd etilgan.

Mustaqil kuzatuvchilar davlat idoralari hisobotlariga umuman ishonmaydi. Ayniqsa, so’nggi paytda mehnat muhojirligi ommaviy tus olgan, ko’plab o’zbekistonliklar oilalari bilan xorijga, xususan Rossiyaga ko’chayotgani e’tirof etiladi.

Rossiyadagi manbalarga ko’ra, muhojirlar soni va ularning vatanga yuborayotgan mablag’i jihatidan O’zbekiston oldingi o’rinda. O’tgan yili migrant ishchilar jami 5 milliard dollarga yaqin mablag’ jo’natgan.

Respublikada tirikchilik ko'p jihatdan dunyo bo’ylab tarqalgan 5-6 milliondan ortiq mehnat muhojirlari zimmasiga to’g’ri keladi, deydi mutaxassislar.

O’zbekistonda ish o’rinlari ham, aholi potensialidan foydalanuvchi dastur ham yo’q. Kuzatuvchilar nazarida, hukumat o’zbeklarning mintaqadagi eng arzon va haq-huquqsiz ish kuchiga aylangani uchun mas’uliyatni o’zidan soqit qilgan.

Siyosiy faol Tolib Yoqubov:

“Agar yuz yoki ming kishi ishlagani ketsa bu fenomen emas, biroq yuz minglab, millionlab odamlar ish qidirib chiqib ketishayotgan bo’lsa bu fenemon. O’zbekiston hukumati shu fenemonni yaratdi. Bu odamlarni o’zimizda olib qolib, ish bilan ta’minlab, normal demokratik jamiyat qurish uchun harakat qilsa bo’lardi, lekin buni qilishni istamadi. Shunday ekan bu fenemonni, o’z jinoyatlarini yashirishga urunadi, bu haqda ochiq gapirishni istamaydi”.


“Najot” inson huquqlari tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 2011-yilda Rossiyadan birgina Xorazm viloyatiga 80 dan oshiq mehnat muhojirlarining o’ligi qaytgan. Bir guruhi bedarak yo’qolgan. Buning sabablari millatchilikda, muhojirlarning og’ir sharoiti, insoniy huquqlardan mahrum qilingani, aksariyat hollarda o’zbekistonliklarni qullikka tutilayotganida ko’riladi.

Rossiyadagi huquq himoyachisi Bahrom Hamroyev nazarida, o’zbeklar - mehnat bozoridagi eng huquqsiz tabaqa.

“Buni xalq ham yaxshi bilishi kerak. O’zbekiston hukumati minglab fuqarolari qullikka tutilsa ham, birov otib o’ldirsa ham hech narsa demaydi. Hozirgi rejim bor ekan, O’zbekiston xalqining huquqlari hech qachon himoya qilinmagan, bundan keyin ham himoya qilinishiga ishonmayman. Bugun rejim mamlakatning o’zida yuzlab odamlarni qatag’on qilmoqda. Endi shu rejim mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qiladimi”? - deydi Bahrom Hamroyev.

O’zbekiston sobiq ittifoq davrida ham, mustaqillikning dastlabki yillarida ham mintaqaning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy markazi bo’lib kelgan. Lekin mamlakatdagi repressiya aholi uchun ko’plab imkoniyatlarni cheklab qo’ydi.