Moskva qabristonidagi qonli janjal ketidan deportatsiya

14-may kuni Moskvaning Xovanskoye qabristonida markaziy osiyoliklar va kavkazliklar orasida kechgan urish-janjalga uch kishi o'lgan, bari tojikistonliklar

Moskva yaqinidagi Xovanskoye qarbristonidagi to’qnashuv mehnat muhojirlarining bardoshi to’lganidan darak bermoqda. Tojik va o’zbek muhojirlar dog’istonlik va chechenlardan iborat guruh bilan urishib, uch kishi o'lgan. Bari tojikistonlik. To’qnashuv ortidan muhojirlar deportatsiya qilinmoqda, hukumat bu vaziyatda muhojirlarni ayblashga urinmoqda. Faollarga ko’ra, haq-huquqlardan mahrum, yulg’ichlikdan charchagan muhojirlarning sabr kosasi to’lgan.

Moskva qabristonida bir necha yillardan buyon ishlab kelgan tojikistonlik va o’zbekistonliklar dog’istonliklar va chechenlardan iborat jinoiy to’daning talablariga, ishlab topayotgan pulning 10-20 foizini o’lpon sifatida to’lab turishga rozi bo’lishganida ehtimol bu to’qnashuv yuzaga kelmagan bo’lar edi.

Ammo mehnat muhojirlari bunday shartlar ostida ishlashga rozi bo’lmagan. Jinoiy guruh bilan munosabatni ochiqlashga jazm etishgan va to’qnashuvda avtomatlar va o’q-otar qurollarga qarshi belkuraklar ishlatilgan.

Moskvada vatandoshlar huquqlari bilan shug’ullanib kelayotgan Bahrom Hamroyev deydiki, muhojirlar shundoq ham politsiya, ish beruvchi va vositachilarga haq berishga majbur, yulg’ichliklardan charchagan.

“Endi ular banditlarga ham pul bersa, o’zlarida nima qoladi? Shuning uchun ham qabristonda ishlagan muhojirlar kriminal guruhni bu shartiga rozi bo’lishmagan va to’polon boshlangan. U yerda ko’pchiligi Tojikiston fuqarolari bo’lgan, o’lganlar ham tojikistonliklar. Politsiya bu qotillikni bartaraf etishi mumkin edi, lekin bu ishni qilmagan”, - deydi Hamroyev.

200 dan oshiq odam qatnashgan bu to’qnashuvda Tojikistonning uch fuqarosi halok bo’lgan, 30 dan oshiq muhojir jarohatlangan.

Mosvka, 14-may, 2016

Moskvadagi yirik qarbistonda o’tgan bu jang Rossiyada jiddiy aks-sado bergan. Hukumat to’qnashuv sababini noqonuniy muhojirlarda ko’radi. Jamoatchilikka bu voqea aynan shu yo’sinda taqdim etilmoqda. Ayrim deputatlar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza tartibini joriy etish lozim. To’qnashuv yuzasidan hibsga olingan muhojirlar ham, bu to’qnashuvga mutlaqo aloqasizlar ham deportatsiya xavfi ostida.

“Xuddi baliqni konservalagandek muhojirlarni yig’ib bir joyga tiqishmoqda, ayrimlari deportatsiyaga hozirlanmoqda. Bu holatda birinchi navbatda ularning huquqlari buzilgan, lekin jabr chekadiganlar ham ular bo’lishadi. Qarang, bir tomondan kavkazlik kriminallar ularga hujum qilgan, lekin baribir mehnat muhojirlari yomonotliq qilinmoqda, jinoyatchilar sifatida ko’rsatilmoqda”, - deydi Bahrom Hamroyev.

Ijtimoiy tarmoqlarda, matbuotdagi ayrim chiqishlarda qurollangan jinoiy guruhga belkuraklar bilan qarshi turgan, o’z qadr-qimmatini himoya qilgan bu muhojirlar qo’llab quvvatlanmoqda. Muhojirlar nafaqat jinoiy guruhga, balki bu guruh faoliyatiga yo’l ochib bergan politsiyaga, mehnat muhojirlari ustidan tekin daromad topib kelayotgan ma’muriy tizimga qarshi ham bosh ko’tarishgan, deydi vaziyatni kuzatib turganlar.

Moskva, 14-may, 2016

Bahrom Hamroyev jinoiy guruh, politsiya va qabriston ma’muriyati o’zaro kelishuvda muhojirlar hisobidan pul topishga urinishgan deb hisoblaydi.

“Bunaqa hujumlarga endi tojiklar ham, o’zbeklar ham qarab o’tirishmaydi, javob beradi. Hech narsadan hech narsa yo’q, ko’chadan kelib ulardan pul talab qilishsa… Aminmanki, bunga politsiya aralashgan. Qabristonda pul borligini, muhojirlar pul topayotganini banditlarga kim yetkazgan? Bu o’z-o’zidan bo’lgan voqea emas, qandaydir siyosiy qarorlarga turtki berish uchun ham bu to’polonlardan foydalaniladi”, - deydi u.

Tojikiston hukumati qabristondagi to’qnashuvni xolis tergov qilishni talab qilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Dushanbedagi elchisi bilan gaplashgan. Rossiyadagi o’zbeklar va o’zbekistonliklar uyushmasi o’z bayonotida vaziyat yuzasidan xavotir bildiradi va jamoatchilikni adolat va ogohlikka undaydi.

14-may kuni yuz bergan bu voqea yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Qurolli hujum tashkil etishda ayblanayotgan odam, Checheniston fuqarosi qidiruvga berilgan. To’qnashuvdan so’ng hibsga olingan mehnat muhojirlari esa deportatsiyaga hozirlanmoqda.

17-may kuni Moskvaning Sherbinskiy tuman sudi to’qnashuvda qatnashgan yetti tojikistonlikni deportatsiya qilish bo’yicha qaror chiqargan.

Moskva, 14-may, 2016