Ukrainada Rossiya homiyligidagi bo’lginchi kuchlarga qarshi kurashayotgan chet ellik ko’ngillilar orasida markaziy osiyoliklar borligi ma'lum. Ular orasida yaqinda halok bo’lgan Rustam Hamroyev mamlakat prezidenti farmoniga ko'ra qahramon deb ta'riflanib, “Matonat” ordeni bilan taqdirlangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Marhum iyun oyida ayirmachilar nazoratidagi hududni ozod qilish uchun kechgan janglarda o'ldirilgani aytiladi. Rustam Hamroyev Ukraina g'arbidagi Lutsk shahrida urush qahramoni sifatida dafn etilgan, undan 12 yoshli o'g'li Alisher qolgan.
Rustam Hamroyev Ukraina inqiloblari davrida Maydonda turgan ko'p millatli yurt timsolini beruvchi qahramonlardan biri. Birinchi jarohatini fevral oyida yuzdan oshiq qurbonlar berilgan Maydon otishmalari paytida olgan. Maydon g'alaba qilib, sharqda ayirmachilar bilan bog'liq beqarorliklar boshlanar ekan, Rustam ham ko'ngillilar batalyoni “Aydar” safida jangga ketgan.
Rustam 17-iyun kuni Lugansk yaqinidagi qaqshatqich jangda halok bo'lib, jasadi 18-iyun kuniga kelibgina jang maydonidan olib chiqiladi va 20-iyun kuni o'zi yashagan Lutsk shahridagi qabristonda dafn qilinadi. Dafn munosabati bilan Lutskda motam e'lon qilinadi. Hamroyev o'limidan so'ng prezident Petro Poroshenko farmoniga ko'ra “Matonat” ordeni bilan taqdirlanadi.
Rustamning otasi Shoniyoz Hamroyev o'zbekistonlik, onasi Tonya Hamroyeva ukrainalik. Ular talabalik davrida tanishib turmush qurgan, bir muddat O'zbekistonda, keyin butunlay Ukrainada yashab qolishgan. Rustam Ukrainada o'qigan, harbiy xizmatni shu yerda o'tagan, Ukraina himoyasi uchun qilgan qasamyodiga oxirigacha sodiq qolgan.
“Lekin u O'zbekistondan o'zini ajratmagan edi, o'zbekman derdi. Qasadmyod faqat bir marta qabul qilinadi, degan fikrda edi. Ba'zan qasamyod konstitutsiya emas, o'zgartirish mumkin bo'lgan, deb hazillashardi”, - deydi Rustamning otasi.
Uning aytishicha, inqilob o'g'lining hayotida muhim iz qoldirdi, fevral oyida Maydon ishtirokchilari hukumat kuchlari tomonidan o'qqa tutilgan paytda Rustam bir necha yaqin do'stlaridan ajralgan, o'zi oyog'idan jarohat olgan. Davolanib chiqqach, ko'ngilli batalyonga qo'shilishga qaror qilgan va bu haqda faqat otasiga aytgan. Onasiga bildirmaslikni iltimos qilgan.
“Bilmayman, to'g'ri qildimi-yo'qmi, onasiga aytganimda u Luganskka borib, o'g'limni olib kelishi aniq edi. Shu bilan birga, Rustamning xarakterini ham bilaman, u baribir ortga qaytmasdi. Rustamning urushda ekanini esa o'limidan ikki kun avval faqat singlisiga aytdim. Bu narsa meni hamon qiynab keladi”, - deydi Shoniyoz Hamroyev.
Antonina Hamroyeva o'g'li bilan doim aloqada bo'lib turgan, faqat Rustamni Kiyevda deb o'ylagan.
“Gaplashganimizda har doim u "oyi, men sizlarni juda yaxshi ko'raman", derdi. Men uyga kel endi, derdim. U esa "hali ishlarim ko'p, ishlashim kerak" deb aytardi. Hozir qabriga har kuni boraman, uning yo'qligiga ko'nikish juda og'ir”, - deydi ona.
Rustam Lugansk yaqinidagi Metalist shahri uchun jangda halok bo'ldi. Shaharga kirish uchun intilgan batalyon jangchilari qurshovda qolishib, Shoniyoz aka o'g'li Rossiya desantchilari tomonidan otilganini ham ehtimoldan soqit qilmaydi.
Rustam Hamroyevning 12 yoshli o'g'li bor, Alisher. Jangga ketishidan avval Maydonda kiygan kaskasini yashirincha o'g'li Alisherga esdalik sifatida qoldirgan, o'limidan biroz oldin buni otasiga aytgan.
“Uning narsalarini taxlar ekanman, bir tugun topdim. Ochsam, ichida maydonda kiygan kaskasi va o'g'liga qoldrilgan xat. “Aziz, sevimli o'g'lim, otangni unutma. Seni quchib, otang Rustam” deb yozilgan. Go'yo avvaldan o'g'li bilan vidolashishga ulgurgandek”, - deydi ona.
Antonina Hamroyevaning so'zlariga ko'ra, o'g'li hamisha o'zbekligidan, musulmonligidan g'ururlanib yashagan. U harbiy udumlarga xos dafn qilindi. O'zbekistondagi qarindoshlari ham Rustamning ma'rakasini o'tkazgan.
“O'zbekchilik, musulmonchilikka qarshi biror yomon gap bo'lsa, chidab turolmasdi, darhol javob qaytarardi. Bu fojea haqida eshitib, O'zbekistondagi qarindoshlarimiz ham chuqur iztirobga tushishdi. Ammalari rosa yig'lashdi. Qarindoshlar, do'stlar xudoyisini o'tkazishdi”, - deydi Rustamning yaqinlari.
Hamroyev 39 yoshda edi. Ukraina matbuoti uni mamlakat tarixidan joy olishi muqarrar qahramon sifatida ta'riflaydi.
Rustam Hamroyevning oilaviy arxividan olingan suratlar: