O’zbekiston hukumati Afg’oniston tinchligiga bag’ishlangan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Shu oy oxirida Toshkentda o’tkazilishi kutilayotgan bu anjumanda ikki davlat rahbarlari, AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va dunyoning bir qancha mamlakatlaridan yuqori martabali vakillar qatnashishi kutilmoqda.
O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, konferensiya 26-27 mart kunlari o’tadi. Vazirlik bayonotida Afg’oniston tinchligi dunyo davlatlari, mintaqa, xususan O’zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
“Qo‘shni Afg‘onistondagi nizoni hal qilmasdan turib oldimizda turgan maqsadlarga erishishning iloji yo‘q, chunki u tarixiy va geosiyosiy jihatdan mintaqamizning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi”, deyiladi bayonotda.
Kobuldan tahlilchi Asadullah Nadim fikricha, Afg’oniston tinchligi masalasi juda chigal va og’ir muammo, O’zbekiston esa uning uddasidan chiqa olmaydi. Lekin Prezident Shavkat Mirziyoyev bu harakati bilan Afg’onistonga xayrixoh ekanini isbotlamoqchi.
“Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan beri O’zbeksiton siyosatida katta o’zgarish yuz bermoqda. Bunday harakat marhum Islom Karimov davrida bo’lmagan. Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy siyosatda faol qatnashmoqchi. Qo’shnilari Tojikiston, Turkmaniston va Afg’oniston bilan shunday siyosatni boshlagan. O’zbekiston Afg’oniston tinchligi bo’yicha konferensiya boshlamoqchi ekan, bu mamlakat siyosatidagi buyuk o’zgarish. Afg’oniston tinchlik muammosi katta masala, Toshkent buning uddasidan chiqa olmaydi, bu harakatdan faqat ikki davlat manfaatdor bo’ladi. Ikki tomonlama aloqalar yanada kengayadi”, - deydi Asadullah Nadim.
Suhbatdosh nazarida AQSh rahbari Donald Tramp Afg’oniston bo’yicha jiddiy siyosat olib bormoqda. Pokistonga bosim hamda afg’on rahbarini Tolibon bilan muzokara qilishga majburlayotgani buning yaqqol misolidir.
“Shavkat Mirziyoyevning bu harakati Tramp bosimi bilan emas. U juda hushyor va tadbirli siyosatchi. Dunyo siyosiy o’zgarishlariga qarab qaror qabul qilayapti. O’zbekiston rahbarining bu harakati ikki davlat xalqlarini yaqinlashtirishga xizmat qiladi”, - deydi Nadim.
Kobul toliblarni doimiy ravishda tinchlik muloqotiga chaqirib keladi. 28-fevralda o’tkazilgan “Kobul Anjumanida” Prezident Ashraf G’ani Tolibonga takliflar bilan chiqdi. Ularni siyosiy bir harakat sifatida tan olish ham Ashraf G’ani takliflaridan biri edi. Toshkent ham aynan shu fikrda.
“Qurolli muxolifat Afg‘onistonning siyosiy hayotiga kafolatli integratsiya qilinishi va qonuniy siyosiy kuch sifatida e’tirof etilishi tinchlik jarayonining muhim omili hisoblanadi”, deyiladi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
“Toliblar ham harbiy, ham siyosiy kuchga ega. Masalan, DAISh faqat harbiy kuchga molik, jangdan boshqa ishi yo’q. Toliblar hokimiyati davrida ham xorijiy davlatlar bilan aloqada bo’lgan. Hozir ham muhim anjumanlarda siyosiy vakillari ishtirok etmoqda. Agar xolislikni nazarda tutadigan bo’lsak, haqiqatda ham toliblar siyosiy kuchga ega. Ularning siyosiy kuch sifatida e’tirof etilishi va tan olinishi, sulh uchun targ’ib qilish va imtiyoz berish hisoblanadi”, - deydi tahlilchi Asadullah Nadim.
Suhbatdosh nazarida, agar Tolibon siyosatga qo’shilsa Afg’onistondagi tizim o’zgarishi mumkin. Agar bu G’arb targ’ib qilayotgan demokratiyaga qarshi bo’lsa ham uni xorijiy davlatlar qo’llab-quvvatlaydi, chunki birinchi galda barqarorlikka talab kuchli.
“Hukumat rahbarlari sulh tarafdori emas. Sobiq Prezident Hamid Karzay yoki boshqalar, hammasi korrupsiyaga berilgan odamlar. Ular tilda aytadi, shoir beradi, lekin bunga rozi emas. Oliy tinchlik kengashi ochilgan, bir necha kishilar katta mablag’da maosh oladi. Ular faqat xalqni, dunyoni aldashga harakat qiladi. Nufuzli siyosatchilar jangda o’z shaxsiy manfaatlarini ko’radi xolos”, - deydi Kobuldan tahlilchi Asadullah Nadim.
Uning fikriga ko’ra, toliblar asosiy maqsadlari va g’oyalarini qabul qildirmasdan hukumat tizimiga kirmaydi.
Faryobdan jamoatchi faol Zalmay Aziziyga ko’ra, O’zbekiston uzoq yillardan beri Afg’oniston bilan aloqada emas. Endigina aloqalarni boshlagan hukumatning bunday yirik masalaga bag’ishlangan harakatlaridan natija kutish qiyin. Boshqa tomondan, Tolibon o’z mustaqilligiga ega ham emas, deydi Aziziy.
“Mintaqa va Afg’onistonda tinchlik ta’minlanishi uchun ko’tarilgan har bir qadamni qo’llab-quvvatlaymiz. Lekin O’zbekiston boshlagan harakat tezlik bilan javob beradi degan fikrda emasman. O’zbekistondan katta va ta’sirli davlatlar ham Afg’oniston sulhi bo’yicha konferensiya o’tkazdi, natija bermadi. Toliblarni muzokaraga ko’ndirish qiyin, chunki ular mustaqil emas. Ularni Pokiston va boshqa davlatlar himoya qiladi. Ularni himoya qilayotgan davlatlar bilan muzokara qilish zarur deb bilaman”, - deydi Zalmay Aziziy.
O’zini Tolibon guruhi so’zlovchisi deb tanishtirayogan Zabihullah Mujohid Prezident G’anining takliflarini toliblarni taslim bo’lishga bo’lgan harakat deya qoralab chiqqan.
Tolibon hukumat bilan emas, Amerika Qo’shma Shtatlari bilan muzokara qilishga tayyor ekanini bildirgan.
O’zbekiston ilgari surayotgan loyihada muzokaralarning afg’onlar rahbarligida o’tkazilishi ta’kidlangan.