O’zbekistonda miting, yig’inlar va namoyishlar o’tkazishga doir qonun loyihasi muhokamaga qo’yilgan. Loyiha matni rus tilida yozilgan, rus tilini bilmaydiganlar uchun loyihaning davlat tilidagi matni hozircha yo’q. O’zbekistonda ilk bor muhokama qilinayotgan bu qonun fuqarolik jamiyatini jilovlashni maqsad qilmoqdami yoki erkinlashtirishni, hozircha aniq emas. Ammo Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan loyihada mamlakatda miting, namoyish va yig’inlar o’tkazish faqat hokimiyat ruxsati bilan amalga oshishi belgilanadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ushbu qonun loyihasi Rossiyada jurnalist himoyasi uchun o’tgan namoyishlar, Qozog’istonda prezident saylovlari ortidan kuzatilayotgan norozilik aksiyalari soyasida muhokamaga qo'yilmoqda.
Ichki ishlar vazirligiga tegishli bu loyiha O’zbekistonda namoyishlar o’tkazish imkoniyatini keskin cheklaydi. Agar hozirgi ko’rinishida tasdiqlansa, O’zbekistonda namoyish, yig’in, miting, norozilik aksiyalar o’tkazishni bir oy muqaddam rejalash lozim bo’ladi.
Huquq himoyachisi A’zam Turg’unov turli mavzulardagi norozilik aksiyalarida ishtirok etgan. Buning uchun tazyiqqa tushgan, hibsga olingan, ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Uning aytishicha, qonun loyihasining hozirgi ko'rinishi fuqarolarning emas, faqat hokimiyat manfaatini ko’zlaydi.
O’zbekistonda odatda namoyishga chiqish eng oxirgi choralardan sanaladi, ya’ni davlat idoralari, ayniqsa huquq-tartibot idoralariga qilingan arizalardan natija bo’lmagach.
“Bu ancha o’ylab qilingan, u tomondagilar ham ahmoq emas, ular biladi dolzarb narsalar bor, bir kun, ikki kunlik, kechiktirib bo’lmaydigan. Keyin dolzarblik yo’qoladi, 10 ta emas, 100 ta odam chiqsa ham hech narsaga arzimaydi. Bular ayni shu narsani e’tiborga olishmoqda. Hatto bu boradagi oldingi tartibda ham, yanglishmasam, bir oy oldin ruxsat olish kerak degan qoida yo’q edi. Faqat aksiyadagi odamlar soni 100 tadan oshadigan bo’lsa, hokimiyatning ruxsatini olish kerak edi. Bu ham faqat jamoat xavfsizlikni ta’minlash uchun edi”, - deydi Turg’unov.
Bu loyihaning amaliyoti norozilik aksiyalari davom etayotgan Qozog’iston misolida taqqoslansa, adolatsiz saylovlarga qarshi namoyishga chiqqan aholi bu haqda hokimiyatni bir oy avval ogohlantirishi lozim ekanligi ko’zga tashlanadi.
Qonun loyihasidagi asosiy munozarali nuqtalardan biri - hokimiyatdan ruxsat olish masalasi.
Albatta, loyiha qonun darajasiga yetgancha o’zgarishlarga yuz tutishidan umid qilamiz
Mulohazalarga ko’ra, konstitutsiyada fuqarolar o’z noroziligini miting, aksiyalar shaklida bildirish huquqiga ega. Hokimiyatdan ruxsat olish fuqaroning bu huquqini cheklaydi. Tadbir haqida hokimiyatni xabardor qilish bilan cheklanish zarur.
“Amaldagi konstitutsiyada norozilik aksiyasiga chiqish erkinligi berilgan, bular (hokimiyat) hozir shu erkinlikni qonun bilan cheklashga harakat qilishmoqchi. Bu muhokamada Konstitutsiyaviy sud faol bo’lishi kerak, ya’ni bu qonun loyihasi konstitutsiyaviy huquqlarga qanchalik muvofiq keladi. Men hali biror marta Konstitutsiyaviy sudni biror qonunga e’tiroz bildirganiga guvoh bo’lmadim”, - deydi Turg’unov.
Loyihada davlat idoralari ham norozilik aksiyalaridan jiddiy muhofazalangan. Davlatga tegishli ma’muriy binolar oldida aksiyalar o’tkazishni taqiqlash, tadbirlarni hokimiyatga qarashli ma’muriy binolardan yarim kilometr narida o’tkazish taklif etilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilayotgan bu loyiha jamoatchilik tomonidan ancha munozarali qarshi olingan, jumladan loyihaning faqat rus tilida taqdim etilgani ham. Jurnalist Sanjar Said buni davlat tiliga nisbatan hurmatsizlik deb biladi. Unga ko'ra, O’zbekistonda odamlar norozilikka “pichoq suyakka qadalgan”da chiqadi.
Bu muhokamada Konstitutsiyaviy sud faol bo’lishi kerak, ya’ni bu qonun loyihasi konstitutsiyaviy huquqlarga qanchalik muvofiq keladi.
“O’zbekistonda odatda namoyishga chiqish eng oxirgi choralardan sanaladi, ya’ni davlat idoralari, ayniqsa huquq-tartibot idoralariga qilingan arizalardan natija bo’lmagach. Bunday vaziyatda kim namoyishga chiqishi haqida bir oy avval hokimiyatga murojaat qilishi mumkin. Bundan tashqari turli siyosiy tadbirlar bor, masalan saylovlar, ularning qanday o’tishini oldindan aytish qiyin. Boshqa tomondan, loyiha jamoatchilikka uncha tanish bo’lmagan miting, yig’in, namoyish kabi tushunchalarga hukumat munosabatini aniqlashtirmoqda, bu ijobiy holat. Albatta, loyiha qonun darajasiga yetgancha o’zgarishlarga yuz tutishidan umid qilamiz”, - deydi jurnalist.
Fuqarolarning namoyishlar shaklidagi ijtimoiy faolligini qoidalashtirishga qaratilgan bu qonun loyihasi iyun oyi oxiriga qadar muhokamada bo’ladi.