Toshkent-Berlin aloqalari: Harbiy hamkorlik, baza har narsadan ustun

Toshkent-Berlin aloqalari: Harbiy hamkorlik, baza har narsadan ustun

Germaniya hukumati rasmiysi Gert Lindemann boshchiligidagi delegatsiya yaqinda Toshkentda iqtisodiy hamkorlik yuzasidan muzokaralar o’tkazdi.

Mulohazalarga ko’ra, O’zbekistonda muloqot yo’li bilan inson huquqlari borasida ijobiy o’zgarishga erishib bo’lmaydi.

O’zbekiston-Germaniya aloqalarida muttasillik kuzatiladi.

6-sentabr kuni Quyi Saksoniya federal yeri qishloq xo’jaligi vaziri Gert Lindemann O’zbekistonda bir qator vazirliklar bilan muzokaralar o’tkazdi.

“Gert Lindemann Germaniya O’zbekiston bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish tarafdori ekanligini, xususan qishloq va suv xo’jaligi yuzasidan hamkorlikni kengaytirish, safar davomidagi uchrashuvlar tadbirkorlar o’rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi”, -deya xabar beradi “Uzbekistan Today” gazetasi bu borada.

Birmuncha oldin inson huquqlari bo’yicha ikki tomonlama muloqot doirasida rejalangan Germaniya parlamenti delegatsiyasining safari rasmiy Toshkent raddiyasiga ko’ra noma’lum muddatga qoldirilgan edi.

Germaniya hukumatidagi manbaga ko’ra, hozirgacha bu safarning amalga oshishi noma’lumligicha qolmoqda. Rasmiy Toshkent inson huquqlari bo’yicha muloqotni qabul qilishi juda qiyinligi ta’kidlanadi.

“Germaniyaning muzokaralar bilan vaziyatni yaxshilash pozitsiyasi hech qanday natija bermayapti. 2005-yil O’zbekistonga nisbatan sanksiyalar qo’yilganda, o’shanda biz bu sanksiyalar saqlanib qolishi kerakligini aytib kelardik, chunki O’zbekiston hukumati ishonch limitini yo’qotdi. 20 yildan buyon vaziyatda biror o’zgarish bo’lmadi, aksincha vaziyat yomonlashayapti”, - deydi ayni paytda Germaniyada yashovchi huquq himoyachisi Umida Niyozova.

Germaniya hukumatidagi manbaga ko’ra, O’zbekiston tomoni anchadan buyon Islom Karimovning Germaniyaga rasmiy tashrifi yuzasidan muzokaralar yuritib keladi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimi Vladimir Norovning Berlinda o’tgan muzokaralarida ham, jumladan Karimovning safarini tashkillashtirish masalasi ko’rilgan.

“Agar shunday muzokoralar ketayotgan bo’lsa, Islom Karimovni oliy toifadagi tashrifi amalga oshiriladigan bo’lsa, bu katta skandalga sabab bo’ladi. Shuning uchun Germaniya hukumati bunga rozi bo’lmasa kerak”, - degan fikrda bu borada Umida Nizoyova.

Rasmiy Toshkent Germaniya bilan aloqalarni ko’tarinki ruhda baholaydi. O’zbekiston elchixonasining ikki tomonlama hamkorlikka bag’ishlab chop etgan jurnalida ta’kidlanishicha, nemis investitsiyasi bir milliard yevrodan oshgan.

Mamlakatda 130 dan ortiq qo’shma korxona ishlamoqda, nemis kompaniyalarining 70 ga yaqin vakolatxonalari mavjud.

O’zbekiston hukumati Germanyaning “MAN Auto Uzbekistan” qo’shma korxonasi rahbari Udo Fyolkerni “Do’stlik” ordeni bilan taqdirladi. Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Fyolker aloqalarni mustahkamlashga qo’shgan hissasi uchun mukofotlangan.

Germaniyaning “MAN Truck & Bus AG” konserni bilan hamkorlikda yuk mashinalari ishlab chiqarayotgan Samarqanddagi korxona yangi zavod hisobiga kengaymoqda. Qurilishi davom etayotgan zavod og’ir yuk tashuvchi texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yiliga 20 mingta mahsulot chiqarish quvvatiga ega bo’ladi, deyiladi mazkur jurnalda.

Germaniya rasmiylari esa O’zbekiston bilan savdo hajmini yuqori baholashmaydi. O’zbekiston bilan aloqlarda asosan Termizdagi harbiy baza muhim ahamiyat kasb etayotgani ta‘kidlanadi.

“O’zbekiston bilan hamkorlikning asosiy omili bu Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va Afg’oniston tranziti masalasi. Germaniyaning bu ehtiyoji bundan keyin ham saqlanib qoladi. Lekin ko’pchilik Germaniya va O’zbekiston aloqalari juda iliq deb noto‘g’ri baho beradi. O’z navbatida, O’zbekistonning ham G’arbga nisbatan eyforiya kayfiyati o’tib bo’ldi, hamkorlik faqat cheklangan tarzdagina saqlab qolingan”, - deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni ham o’zbek matbuotida tasvirlanayotganiday istiqbolli deb bo’lmaydi.

Inqirozga uchragan “Zeromax” aksiyadorlari ro’yxatida nemis kompaniyalari anchagina. Ularda yo’qotgan mablag’larini qaytarib olish imkoniyati juda kam. Nemis tadbirkorlari bu masalani Germaniya hukumati, xususan Angela Merkel ma‘muriyati darajasida ham ko’tarishgan, biroq natijasiz.

“Zeromax” nemis kompaniyalarini ishlatib, ularga buning uchun haq to’lamasdan kelayapti. Albatta bu narsa nemis investitsiyasini O’zbekistonga jalb qilinishiga ham o’z ta’sirini ko’rsatadi”, - deydi Umida Niyozova.

Tahlillarga ko’ra, Germaniyaning Termizda ijaraga olgan harbiy bazasi taqdiri inson huquqlari masalasi, iqtisodiy aloqalardagi muammolardan ham ustunlik qilmoqda.