Muxolif O’zbekiston Xalq Harakati faoli Fuad Rustamxo’jayevning o’limi tergov qilinmoqda. Noma’lum shaxslar uni Rossiyada uyi oldida otib o’ldirgani aytiladi.
Rossiya rasmiylarining bildirishicha, 38 yoshli Rustamxo’jayev tadbirkorlik va Ivanovo shahridagi masjidda vaqtincha imomlik qilgan.
Uning hayotiga kim qasd qilgani hali aniq emas, siyosiy va tijoriy faoliyati inobatga olayapmiz, deydi tergovchilar.
Shu yil ta’sis etilgan O’zbekiston Xalq Harakati Yevropaning yirik shaharlarida rasmiy Toshketga qarshi chiqishlari bilan tanila boshlagan edi.
Faollar gumonicha, qotillik - harakatga qarshi dastlabki hujum, lekin buni tasdiqlovchi ma’lumot yo’q.
O’zbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih nomidan berilgan bayonotga ko’ra, voqea O’zbekiston maxfiy xizmatining ishi. Fuad Rustamxo’jayevning biznesda dushmanlari bo’lmagan, deyiladi unda.
Rossiya huquq-tartibot organlari surishtiruv boshlagan va bu marhumning siyosiy faoliyati bilan qanchalik bog’liqligini o’rganmoqda.
“Bu inson (marhum Rustamxo’jayev) bir necha yillardan buyon O’zbekistondagi qiyinchiliklarga qarshi qanday kurashish mumkin, xalqni oyoqqa turg’azib rejimga qarshi yetaklash uchun nima qilish mumkin, deydigan inson edi. Shuning uchun albatta bu ishning orqasida O’zbekistondagi rejim turgan degan fikr tabiiy. Hali bu ish yaqinda fosh bo’ladi degan umiddamiz, bu shunday qolib ketmaydi”, - deydi O’zbekiston Xalq Harakatining Chexiya bo’limi rahbari Abdusalom Karimov.
O’zbekiston tomonidan bu borada biror munosabat kuzatilmaydi. Xalq Harakatiga shu yilning iyul oyida Germanida o’tgan qurultoyda asos solingan edi. Uning tuzilishi rasmiy Toshkentni ancha xavotirga solgani kuzatildi.
Harakatga, uning faollariga qarshi elektron va bosma matbuot ishga solindi va ular terrorchilar sifatida taqdim etildi.
O’zbekiston Xalq Harakatining asosiy maqsadlaridan biri Islom Karimov rejimiga qarshi kurash. “Arab bahori” voqealari ortidan tashkil topgan oqim hukumatni zo’ravonliksiz, inqilob yordamida qulatish mumkin, deb hisoblaydi faollar.
Tahlilchilarga ko’ra, O’zbekiston Xalq Harakati o’zaro tarqoq bo’lgan o’zbek muxolifatining dastlabki ittifoqi o’laroq shakllandi.
O’zbekiston matbuotida Xalq Harakatiga qarshi chiqishlar doimiy mavzulardan biri. Mamlakatda har qanday muxolif harakat jiddiy ta’qibda, faoliyat to’xtatilgan va oppozitsiya chetda faoliyat yuritishga majbur. O’zbekiston hukumatiga qarshi norozilik chiqishlari ham asosan xorijda kuzatiladi.
O’zbekiston Xalq Harakati mustaqillikning 20 yilligi bilan bog’liq norozilik aksiyalarini Yevropaning qator davlatlarida, jumladan, Turkiyada o’tkazdi. Gulnora Karimovaning Amerikada modalar ko’rgazmasi o’tkazishiga qarshi noroziliklarda ham harakat faollari ishtirok etgan edi.
“Uning o’limi bizni to’xtatmaydi”, - deydi harakat faoli Abdusalom Karimov.
O’zbekiston hukumati muxolifatga nisbatan ayovsiz tazyiqlari bilan tanilgan. Muxolifatning bir necha yetkachilari uzoq yillardan buyon qamoqda.
Mustaqillik yillarida hukumat va muxolifat o’rtasida muloqot o’rnatishga bir necha bor urunish bo’lgan. Tahlillarga ko’ra, o’zbek muxolifatini qonuniy yo’llar bilan mamlakatdagi ijtimoiy siyosatda qatnashish imkoniyati amaldagi hukumat tomonidan yo’qqa chiqarilgan.
“Sudlarga ishonib bo’lmaydi, ommaviy axborot vositalari to’liq nazoratda, saylovlar nomigagina o’tkaziladi. Shunday paytda odamlarda qanday imkoniyat qolayapti davlatga va hukumatga ta’sir o’tkazishning? Hech qanday qonuniy yo’llar bo’lmagandan keyin, odamlar albatta ta’sir qilishning boshqa yo’llarini izlab ko’rishadi”, - deydi tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.