O'zbekistonda bosh vazirga ko'proq vakolat va mas'uliyat yuklandi

Islom Karimov

O’zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 27-mart, Senat esa 10-aprelda ma'qullagan qonun kuchga kirdi. Konstitutsiyaga o’zgartirishlar kiritildi. Hujjatga ko'ra, prezident vakolatlarining bir qismi bosh vazir zimmasiga o’tkaziladi, parlament vakolatlari kengaytiriladi, saylov o’tkazish tartibi takomillashtiriladi. Konstitutsiyaviy o’zgarishlar parlament va prezidentlik saylovlari arafasida amalga oshirilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda bosh vazirga ko'proq vakolat va mas'uliyat yuklanmoqda


Bosh vazir iqtisodiy, ijtimoiy va moliyaviy siyosatni samarali shakllantirish uchun javobgar.

Konstitutsiyaning 98-moddasiga kiritilgan o’zgartirishlar Vazirlar Mahkamasiga sog’liqni saqlash, fan va madaniyat, ta’lim yo’nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ularni ijro etishni yuklaydi.

Yana bir yangilik shuki, bosh vazirlikka nomzod parlamentda tasdiqdan o’tishidan oldin hukumat faoliyatiga doir o’z dasturini taqdim etishi kerak. Oliy Majlisda mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga doir yillik hisobot taqdim etiladi.

Saylov haqidagi qonunchilik ham o’zgaradi. Prezidentlik, parlament saylovlari va referendumlar o’tkazilayotganda Markaziy saylov komissiyasini tuzish, uning mustaqilligini ta’minlash va oshkora faoliyat olib borishini kafolatlash Oliy Majlis zimmasida.

Bu rasmiy o’zgarishlar mamlakatdagi demokratik islohotlarning navbatdagi bosqichi sifatida taqdim etilmoqda.

Ammo Islom Karimovning bu tashabbuslari siyosiy boshqaruvda o’zgarish qilishiga ham, demokratik islohotlarga yo’l ochishiga ham ishonch kam.

“Bir qism vakolati bosh vazirga yuklanayotgani yomon emas. Prezident vakolatlari cheklanayotgani avtoritarlikdan sal voz kechaman, degan gap bo’lishi mumkin. Ammo avtoritarlikdan voz kechishiga ko’zim yetmaydi. Agar prezident O’zbekistonda siyosiy o’zgarishlar qilaman degan niyatda bo’lsa, buni ommaviy axborot vositalariga yo’l ochib berishdan boshlashi kerak edi. Shu o’zgarish bo’lganda, qolganlari ham shunga ulanib ketadi desa bo’lardi. Shuning uchun ham hozirgi qabul qilinayotgan qonunlar mamlakatda biror kichik o’zgarishlar qilishiga ham menda ishonch yo’q”, - deydi Demokratik tashabbuslar markazi, nodavlat tashkilot, rahbari Iskandar Xudoyberganov.

Bosh qomus hukumatda siyosiy vorislik uchun keskin kurash ketayotgani haqidagi fikrlar yangrayotgan bir paytda, parlament va prezidentlik saylovlari arafasida o'zgartirilmoqda.

Shu yilning dekabr oyida parlament saylovlari kutilayotgan bo’lsa, 2015-yilning boshida O’zbekiston prezidentligi uchun saylovlar. Eslatib o’tamiz, 2014-yilda o’tishi kerak bo’lgan prezidentlik saylovlari 2015-yilga ko’chirilgan edi.

80 yoshga yaqinlashayotgan Islom Karimov saylovda yana qatnashadimi, yo’qmi, noma’lum. Saylov va referendum tartibi o’zgartirilayotgani esa prezidentlik saylovlari o’rniga referendim o’tishi ehtimolini ham yuzaga chiqargan.

Iskandar Xudoyberganovning aytishicha, O’zbekistondagi yopiqlik aniq bir fikr aytishga imkon bermaydi.

“Siyosiy jarayonlar ko’rinib turganda, odamlarga axborot berib turilganda, biron fikr aytish mumkin edi. Bizda esa bu borada umuman axborot yo’q. Masalan, ertaga to’satdan birortasini nomzodini ko’rsatadigan bo’lsa, xuddi tomdan tarasha tushgandek bo’ladi, odamlar o’zini yo’qotib qo’yadi. Shuning uchun ham odamlar saylovlarga befarq. Mana saylov yaqinlashayapti, kim prezident bo’ladi, Karimovdan boshqa biron nomzod yo’q-ku. Buning uchun muxolifat, muqobil nomzodlar bo’lishi, hozirgi prezidentni ishi bilan solishtirish imkoniyati bo’lishi kerak. Shundagina odamlar ko’rib, bilib, tanlovga tayyor turishardi”, - deydi Xudoyberganov.