Olloqulov partiya qurultoyini o’tkaza olmadi, uyi qurshovda

O’zbekistonda o’z qurultoyiga hozirlik ko’rayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Olloqulovning uyi qurshovga olingan.

Partiyaning 26-fevralga belgilangan qurultoyi o’tkazilmagan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan Andijonga olib ketilishi haqida ogohlantirilgan Olloqulov o’z uyida qamalda qolayotgani xabar qilinmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan ma’lumotlariga ko’ra, Toshkentdagi uyi Milliy gvardiyaning 30 ga yaqin xodimi tomonidan qurshovga olingan professor Olloqulov huquq-tartibot idoralariga eshikni ochmagan, o’z uyida qamalda qolgan. Uning uyiga kirish-chiqish keskin nazoratga olingani, oila a’zolariga nisbatan zo’rlik ishlatilgani iddao qilinmoqda.

Olloqulovning o’zi uyiga gvardiyachilar kelishi ortidan ijtimoiy tarmoqda qoldirgan xabarida qamal “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining shu kunga belgilangan qurultoyini to’xtatish uchun uyushtirilganini, iqtidordagi hukumat demokratik tamoyillarga zid ravishda mustaqil siyosiy partiyaga nisbatan tazyiq o’tkazayotganini ta’kidlaydi va jamoatchilikni bu tazyiqlarga nisbatan o’z munosabatini bildirishga chaqiradi.

“Haqiqat va taraqqiyot” partiyasining qurultoyi o’tkazilishi belgilangan maskan - Toshkent shahridagi “Oqsaroy koshonasi” ham shu kuni kutilmaganda ta’mirga yopilgan.

Bir muddat avval “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi mazkur to’yxona egasi bilan qurultoyni shu binoda o’tkazishga doir kelishuvga erishishgani, mulk egasi har qanday bosimlardan qat’i nazar, o’z so’zida turishga va’da berganini e’lon qilgan edi.

O’zini O’zbekistondagi yangi mustaqil siyosiy kuch sifatida taqdim etayotgan “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasi lideri Xidirnazar Olloqulov amaldagi hukumatning keskin tanqidchisi hisoblanadi. U prezidentlik saylovlarida hukumat nomzodiga nisbatan raqobatchi sifatida qatnashishini e’lon qilgan.

Ammo yangi partiya prezidentlik saylovida qatnashish uchun avvalo rasman ro’yxatdan o’tishi kerak. Partiya bir yildan buyon Adliya vazirligi ro’yxatidan o’tishga urinib keladi. 26-fevralga belgilagan, ammo to’siqlar bois o’tkazilmagan qurultoy shu yo’nalishdagi so’nggi jarayonlardan biri bo’lishi kerak edi.

Partiya faollaridan bo’lgan jurnalist Baxtiyor Karimning aytishicha, Olloqulov bilan aloqa uzib qo’yilgan, o’zi esa poytaxtdagi uyida qamal holatida qolmoqda.

Baxtiyor Karimga ko’ra, Olloqulovning uyini qurshovga olgan huquq-tartibot idoralari partiyaga a’zolik bo’yicha Andijon viloyatidan tushgan shikoyat arizasini tekshirmoqda, shu ish doirasida uni Andijonga olib ketish talabini qo‘yishgan.

“Domlaning Surxondaryodagi qarindoshlari ham u bilan bog’lana olishmayapti, shu kuni soat 14:00 ga belgilangan qurultoy o’tkazilmagan. Domlaning uyi qurshovga olinishidan tashqari qurultoyni o’tkazish rejalangan to’yxona ham to’satdan kapital remontga yopilgan. Sababini albatta taxmin qilish mumkin. Xullas, partiya yetakchisi o’z uyida qamalda, rejalangan qurultoy esa o’tmadi, hozircha vaziyat shunday”, - deydi Baxtiyor Karim.

Partiya faollariga ko’ra, huquq-tartibot idoralarining shikoyat arizasini tekshirish uchun uyushtirgan qamali, qurultoy o’tkazilishi belgilangan bino kutilmaganda ta’mirga yopilishi ham qurultoy belgilangan kun 26-fevralga to’g’ri kelayotgani hukumat yangi, mustaqil siyosiy partiya shakllanishidan jiddiy tahlikada ekanligini ko’rsatmoqda.

Bu O’zbekistonda huquq-tartibot idoralari tomonidan mamlakatda shakllanishga, rasman ro’yxatdan o’tishga urinayotgan mustaqil siyosiy partiyalarga ko’rsatilayotgan navbatdagi bosim.

Avvalroq huquq-tartibot idoralari yangi siyosiy partiyalarga qo’shilish uchun imzo bergan fuqarolarni suhbatga chaqirishayotgani, mamlakatda g’alayon, beqarorlik keltirib chiqarishni maqsad qilgan bunday guruhlarga qo’shilmaslikni tavsiya qilishayotgani xabar qilingan edi.

Baxtiyor Karimning ta’kidlashicha, Olloqulovga nisbatan yozilgan shikoyat arizasi ham katta ehtimol bilan huquq-tartibot organlari tomonidan o’tkazilgan shunday suhbatlar natijasida yuzaga chiqqan.

O’zbekistondagi mavjud qonunchilikka ko’ra, siyosiy partiyalar rasman ro’yxatdan o’tish uchun o’z tarafdori bo’lgan O’zbekiston fuqarolaridan yig’ilgan 20 mingta imzoni taqdim etishlari kerak.

Tanqidchilar bu jarayonni to’siq sifatida baholashadi. Ayrim davlatlarda siyosiy partiyalar uchun imzo soni o’ta kamligi, ayrimlarida esa imzo to’plash mutlaqo talab qilinmasligi ta’kidlanadi.

O’zbekiston misolida nafaqat 20 mingta imzo lozimligi, balki siyosiy partiyalarga xayrixohlik bildirib o’z imzosini taqdim etayotganlar huquq-tartibot idoralariga suhbatga chaqirilayotgani ham inobatga olinsa, buning siyosiy partiyalar shakllanishi uchun jiddiy to’siqlardan biri ekanligi ko’rinadi.