Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida o’tkazilgan amaliyot davomida “Hizb ut-Tahrir”, “Tahvid va jihod katibasi” va boshqa ekstremistik tashkilotlarga aloqador shaxslar aniqlangani, tergov-surishtiruv ishlari boshlangani xabar qilinmoqda.
Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tarqatilgan ma’lumotda hibs qilinganlardan taqiqlangan diniy adabiyotlardan tashqari o’q otar qurollar ham musodara qilingani ko’rinadi.
Sirdaryoda o’tkazilgan amaliyot davomida qo’lga olingan 20 shaxs Telegram tarmog’ida maxsus guruh tuzgani, ekstremistik yo’nalishdagi adabiyotlar tarqatgani aytilayotgan bo’sa, Samarqandda hibs qilingan 14 kishi Yaqin Sharqdagi terrorchi guruhlarga qo‘shilish rejasida, yana 6 nafari “Hizbut ut-Tahrir” oqimiga a’zolikda ayblangan.
Jizzaxda hibs qilingan bir guruh fuqarolar mamlakatda taqiqlangan terrorchi tashkilot “Tahvid va jihod katibasi” guruhiga aloqadorlikda, jangarilar safiga qo’shilish rejasida gumonlanmoqda.
Diniy ekstremizmda gumonlangan bu fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar tomonidan o’tkazilgan qo’shma amaliyot davomida ushlangan. Umumiy hisobda 10-iyundan 17-iyungacha o’tkazilgan amaliyot davomida ekstremizmda ayblanib qo’lga olingan fuqarolar soni 5 nafardan oshganini kuzatish mumkin.
Hibsga olinganlarga qo’yilayotgan ayblovlarning naqadar asosliligi haqida biror ma’lumot yo’q, tergov-surishitiruv ishlari davom etmoqda. Ammo bu diniy vaziyat bir qadar yumshagan mamlakatda qayd etilayotgan ommaviy hibslardan biridir.
Avvalroq Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo’ylab 3000 ga yaqin kishi qidiruvda ekanligini e’lon qilgan. Ularning aksariyatini noqonuniy diniy oqimlar, ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda ayblangan fuqarolar tashkil etgan edi.
Bu e’lon ortidan qidiruvda bo’lgan xorijdagi fuqarolarini O’zbekistonga topshirish holatlari ko’paydi. Bunday holatlarning aksariyati Rossiya hisobiga to’g’ri keladi.
Bir muddat avval O’zbekiston tomonidan qidiruvga berilgan Rossiya ishg’oli ostidagi Qrimda yashab kelayotgan Nabi Rahimov maxsus xizmatlar tomonidan qo’lga olinishi davomida otib o’ldirilgan edi.
Uning o’limi ortidan Qrimdagi mahkama uning turmush o’rtog’i Sohiba Burhonovani Rossiyadan chiqarib yuborish haqida qaror qabul qildi, Burhonova deportasiya markaziga joylashtirildi.
Burhonavaning advokatlari inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudiga murojaat qilishlari ortidan uning O’zbekistonga deportatsiya qilinishiga vaqtincha taqiq qo’yildi.
Advokatlar Burhonovaning O’zbekistonga qaytishi ortidan unga nisbatan noqonuniy diniy tashkilotga aloqadorlik yuzasidan jinoyat ishi ochilishidan xavotir bildirishgan. Burhonova ham, uning marhum eri Nabi Rahimov kabi oddiy dindor musulmon ekanligi ta’kidlanadi.
O’tgan oy oxirida esa O’zbekiston tomonidan qidiruvga berilgan, bir necha yillardan buyon Rossiyada siyosiy qochqin maqomida yashab kelgan Shohruh Bozorov politsiya tomonidan hibs qilingan va shoshilinch tarzda O’zbekiston tomoniga topshirilgan edi.
Diniy ekstremizmda ayblanib qidiruvga berilgan Bozorovning O’zbekistonga topshirilishi ham taqiqda bo’lgan. Inson huquqlari bo’yicha Yevropa sudi qaroriga zid ravishda siyosiy qochqinning topshirilishi Rossiya va O’zbekiston tomonidan xalqaro huquqlarining qo’pol buzilishi sifatida qayd qilindi.
Diniy erkinlik O’zbekistondagi inson huquqlariga doir vaziyatdagi eng og’riqli nuqtalardan biridir. So’nggi yillarda hukumat bu sohada bir qator islohotlar qilgan bo’lsa-da, dindorlar, e’tiqod erkinligi uchun mamlakatdagi vaziyat hamon xavotirli baholanadi.
O’zbekistondagi diniy vaziyatni muttasil tanqid qilib kelayotgan AQSh hukumati mamlakatga e’tiqod erkinligi, diniy tashkilotlar to’g’risidagi qonunni qayta tahrirda qabul qilishni tavsiya etib keladi. Ammo ayni paytda qayta tahrir qilinayotgan qonun loyihasi ham tanqidlardan xoli emas.