Your browser doesn’t support HTML5
O’zbekistonda siyosiy islohotlar qanchalik sust bo’lmasin, chet eldan turib faoliyat olib borayotgan mustaqil partiya va tashkilotlar faollari bir kun kelib Markaziy Osiyoda ham erkinlik shabadasi esishiga umid bor deydi.
O’zbekistonda rangli inqilob ehtimoli bir-yo’qligi ayrim internet sahifalarida qizg’in muhokama etilmoqda. Xulosa shuki, mamlakatda inqilobni yuzaga chiqaruvchi vaziyat ham, inqilobni boshqarishi mumkin bo’lgan jiddiy siyosiy kuch ham yo’q.
“Fergananews.com” nashri uyushtirgan muhokamalarning aksariyatida inqilobga nisbatan ehtiyoj mavjudligi, ammo muxolifat zaif bo’lgan bir sharoitda bu o’zbeklar uchun hali uzoq kutiladigan, erishish gumon bo’lgan umid ekanligi haqida xulosaga kelinadi.
“Birdamlik” harakatining samarasiz urinishi haqiqatda bu xulosalarni tasdiqlagandek. Rangli inqilobda ishtirok moliyaviy rag’batlantirilishi haqidagi va’daga qaramasdan bunga urinish harakati sezilmadi.
Bu xulosalardan qat’i nazar, o’zbek muxolifati vakillari umidini yo’qotmagan. Muxolifat hukumat qonuniy yo’l bilan ketishiga ham, siyosiy kurashda qatnashish imkoniyati bo’lishiga ham ishonmaydi.
Muxolifatdagi “Erk”partiyasi vakili, Mardikorlar kasaba uyushmasi tashkiloti tashabbuschilaridan biri Nuriddin Jumaniyozov O’zbekistondagi vaziyatni bevosita kuzatib borayotgan faollardan biri. U yuqorida tilga olingan muhokamalardan xabardor va O’zbekistonda inqilobiy o’zgarishlar ehtimoli o’sayotganini ta’kidlaydi.
“Men xalq orasida ko’p yuraman, joriy hukumatni tanqid qilaman va shunga qarab odamlarga baho beraman. Avvallari odamlar bilan suhbatda hukumatni tanqid qila boshlasam, 5-6 odamdan hech bo’lmaganda 3 tasi qochib qolardi. Hozir esa 6 odam ichida shunday suhbat qilsam, yettinchisi qo’shiladi, lekin hech kim qochmaydi. Aksincha, o’z noroziligini izhor qiladi. Shundan kelib chiqib aytamanki, xalq hukumatning kimligini tushundi, qo’rquv hissi bir pog’ona tushgan, inqilob hissi bir pog’ona ko’tarilgan. Inqilob imkoniyati bor, qachonligini esa aniq aytish qiyin”, - deydi Nuriddin Jumaniyozov.
Uning fikricha, “Birdamlik” O’zbekistonda rejalagan inqilobning natijasizligi ko’proq harakat usuli bilan bog’liq bo’lishi mumkin, ammo mamlakatda o’zgarishlar boshlangan taqdirda mas’uliyatni zimmaga oluvchi yetakchilar topiladi.
“Men Choriyevni tushunmayman, uning o’zi biladi. U ham bugun muxolifatni o’ziga yarasha liderlaridan, unga omad tilayman. Lekin harakatni tanishtirish uchun palov tashkil qilib, xalqni yig’ish kabi tadbirlarni biz ham avval qilganmiz. Bulardan samara kam. Birdan bir samara xalqning o’zida, xalqning ko’nglida ishtiyoq, intilish bo’lishi kerak. Shundagina inqilob bo’ladi. Bu narsaga esa asosan matbuot orqali, ma’rifat orqali erishiladi”, - deydi Jumaniyozov.
Revolyutsiya ehtimoli haqidagi muhokamalarda mehnat muhojirlari roliga alohida ahamiyat qaratiladi. Millionlarni tashkil etuvchi bu insonlar bu jarayonda asosiy kuch bo’lishi mumkin.
O’zbek muxolifati vakillaridan, Rossiyada ro’yxatdan o’tgan “Taraqqiyot” partiyasi rahbari Abdujabbor Ismoilov Rossiyada yashayotgan va ishchi migrantlar kayfiyatini yaqindan kuzatadi. Unga ko’ra, ular zehniyatidagi o’zgarishlar faollik uyg’onayotganidan darak beradi.
“Mehnat muhojirlari ilgari bahorda kelib kuzda qaytib ketishardi. Hozir esa ularda O’zbekistonning ertasi yo’qligiga aniq ishonch bor. Shuning uchun bu yerga oilalarini va yaqinlarini olib kelib, hayot, sharoit, ta’lim qanday ekanligini ko’rsatishga urinishaypti. Ular bu yerda ta’lim olamiz, o’rganamiz, keyin O’zbekistonga qaytib nimadir qilamiz degan niyatda”, - deydi Abdujabbor Ismoilov.
Uning fikriga ko’ra, O’zbekistonda inqilob bo’lishi qiyin, asosiy sabab o’zbek muxolifatining zaifligida. Bu “Birdamlik” o’tkazgan tajriba misolida ham ko’ringan.
“Biz “Birdamlik” aksiyasni yomon demoqchi emasmiz, ularni ham o’ziga yarasha programmasi bordir. Lekin qilayotgan ishi tashqaridan qaraganda piar aksiyaga o’xshaydi, ularni tarafdorlari yo’q. Rangli inqilob qilamiz deydiganlarni O’zbekistonda ozgina bo’lsa ham tarafdorlari bo’lishi kerak. Ular esa barmoq bilan sanarli, asosan oila a’zolari, yaqin qarindoshlaridan iborat. Bu bilan hech narsa qilib bo’lmaydi. Umuman, asosiy sabab muxolifat ishlamayotganligida. Hozir aholidagi qo’rquv masalasi ham birinchi o’rinda emas. Aynan muxolifatning O’zbekistonda ishlamayotganligi. Masalan biz Rossiyada, kimdir Yevropada, kimdir AQShda, bu O’zbekistonda muxolifat ishlayapti degani emas. Biz ham o’zimizni ishlayapti deb hisoblamaymiz, faqat O’zbekistonda ishlashimiz kerak. Shundagina muxolifat faoliyati haqida gap borishi mumkin”, - deydi Ismoilov.