O'zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo'shiladi

O’zbekiston Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo’shiladi, Oliy Majlis Senati yig’ilishida bunga doir qonun tasdiqlangan. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev boshqaruvida mamlakat tashqi siyosatida kuzatilayotgan navbatdagi o’zgarishlardan biri. Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkiyadan iborat kengash faoliyati asosan ramziy uchrashuvlar bilan ko’zga tashlangan. O’zbekistonning qo’shilishi ham tashkilot faoliyatini jonlantirmasligi, kengashga yorqin yetakchilar yetishmasligi aytilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston Turkiy kengashga qo'shilmoqda

14-sentabr kuni Senat yalpi majlisida “Turkiy tilli davlatlar kengashini tuzish to’g’risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish haqida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni tasdiqlangan.

Avvalroq Turkiya matbuoti Toshkent kengashga a’zo bo’lish uchun tashkilotga murojaat qilgani haqida xabar bergan edi.

Kengashning so’nggi sammiti o’tgan yil Qirg’izistonda o’tdi, unda Mirziyoyev kuzatuvchi maqomida qatnashgan, O’zbekiston ham tashkilotga qo’shilishi haqida bayonot bergan edi.

Nufuzi jihatdan turk dunyosidagi ikkinchi davlat bo’lgan O’zbekiston turkiy kengashga qo’shilishi zarurligiga doir chaqiriqlar anchadan buyon mavjud edi, ammo turk dunyosi hamkorligi sobiq tuzum davrida deyarli taqiq ostidagi mavzulardan hisoblangan.

O’zbekistonning bu tashkilotga qo’shilishi tashqi siyosatda amalga oshayotgan o’zgarishlardan yana biri. Ammo bu hozirgacha asosan ramziy uchrashuvlar bilan ko’zga tashlanib kelgan turk kengashi faoliyatida biror jonlanish qilmasligi, Toshkentning tashqi siyosiy o’lchami o’zgarishsiz qolishi ta’kidlanmoqda.

O’zbekistonlik yozuvchi Safar Bekjon - turk dunyosi hamkorligiga doir qator chiqishlar muallifi. Uning fikricha, O’zbekistonning kengashga qo’shilish qarori bugungi siyosiy vaziyatdan kelib chiqadi.

Siyosiy tomonini olsak ham hozir turkiy birlik g’oyasi biror davlat uchun dolzarb emas, jumladan Turkiyaning o’zi uchun ham.


“Bugungi vaziyat qanday - Turkiya munosabati AQSh bilan soquvlashgan, Moskva bilan esa yaqinlashib borayapti. O’zbekiston shunga ishonib, Moskva bizdan xafa bo’lmasa kerak degan ma’noda tashkilotga qo’shilmoqda. O’zbekistonni qo’shilishi biror o’zgarish qilmaydi. Bu tashkilotni imkoniyatlari ham kuchli emas. Tashkil qilinganda Turkiya tomonidan mablag’ qo’yilgan edi o’rtaga “Turon” banki orqali, ammo keyinchalik biror rivojlanish kuzatilmadi. Turk davlatlarini sarmoya bilan ta’minlaydigan mablag’ yig’ilmadi, ya’ni moddiy baza yo’q. Siyosiy tomonini olsak ham hozir turkiy birlik g’oyasi biror davlat uchun dolzarb emas, jumladan Turkiyaning o’zi uchun ham. Turkiya ichki siyosatida hozir birlamchi o’ringa din chiqmoqda, bundan hech narsa chiqmasligini O’zbekiston tomoni ham ko’rib turibdi. Lekin iqtisodiy tomoniga umidvor, masalan turk mahsulotlarini imtiyozlar asosida sotib olishga doir. Xullas, hozirgi vaziyatga ko’ra, O’zbekistonni tashqi siyosati Rossiya izmiga tushgan, yo’nalish asosan shunga qarab belgilanadi. Shundan kelib chiqib agar Rossiya-Turkiya aloqalari shu darajada yaqinlashishda davom etadigan bo’sa, O’zbekistonning kengashdagi o’rni ham faollashib boradi. Agar ziddiyatlar kelib chiqsa, kengash shunchaki qog’ozdagi tashkilot bo’lib qolaveradi”, - deydi Bekjon.

Turkiy tilli davlatlar kengashi 2009-yilda Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan Ozarbayjonning Naxichevan shahrida ta’sis etilgan. Sharhlovchilarga ko’ra, kengash faoliyati sustligi uning maqsadlarini olg’a suruvchi aniq, yorqin bir yetakchi yetishmayotgani bilan ham bog’liq.

Nazarboyev mintaqaviy hamkorlikka doir turli siyosiy, iqtisodiy, madaniy tashkilotlar tashabbuschisi sifatida tanilgan. Turkiy davlatlar hamkorligi bo’yicha ham Turg’ot O’zaldan keyin Nazarboyevdan ko’ra faolroq yetakchi ko’zga tashlanmadi.

Bugun Nazarboyev hokimiyatdan ketgan. Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkiya va O’zbekistonning yetakchilari misolida turk birligini olg’a surish qaroridagi yetakchilar kuzatilmasligi, Turkiya prezidenti Toyib Erdog’an uchun ham bu g’oya dolzarbligini yo’qotgani ta’kidlanmoqda.

“Birinchi navbatda albatta bu siyosiy liderlarga bog’liq, ammo hozir biz ko’rayotgan siyosiy liderlar nafaqat turk birligi, balki o’z oilasidan uzoqroq bo’lgan maqsadni ko’rayotgani yo’q. Siyosiy liderlar hammasi korrupsiyaga aralashgan, oilasini mustahkamlash bilan band. Ulardan turk dunyosi birligini olg’a surishni kutish mumkin emas, faqat o’z oilasi manfaatlari uchun ishlaydi. Ya'ni amaldagi siyosiy liderlarni birortasida bunday salohiyat yo’q, ammo ijtimoiy darajada turk birligi g’oyasini tamsil etuvchi taniqli shunday ziyolilar bor, Qozog’iston, O’zbekiston, Turkiya va boshqa davlatlarda”, - deydi Safar Bekjon.

2009-yilda tashkil qilingan Turkiy tilli davlatlar kengashi a’zo davlatlar o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlikni kuchaytirishni ko’zda tutadi.
Tashkilot nizomiga muvofiq a’zo davlatlar rahbarlari sammiti, tashqi ishlar vazirlari muzokarasi, shuningdek, iqtisodiy, madaniy sohalarga qaratilgan uchrashuvlar muntazam o’tkazilib turishi kerak.