BMT izohiga ko’ra, Qirg’izistondagi qirg’in yaxshilab o’ylab, puxta amalga oshirilgan – o’zbek-qirg’iz adovatini qo’zg’atish uchun. Bunda xavfsizlik kuchlarining ham aybi bor, deydi rasmiylar.
Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Amnistiya tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bu ish xalqaro miqyosda tergov qilinishi kerak deb chiqmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti O’zbekistonda panoh topgan va chegarada navbat kutayotgan qochqinlarga palatka, to’shak, ko’rpa-yostiq ulashmoqda. Ammo Qirg’izistonning Jalolobod va O’sh shaharlarida, qonli to’qnashuvlar shohidi bo’lgan shaharlarda qolayotgan insonlar bu ko’makdan mahrum.
O’zbek mahallalarida oilalar barrikadalar qurib olgan, millatchi guruhlar hujumidan himoya tariqasida. Bu to’siqlar va xavf-xatar xalqaro yordam yo’liga to'g’anoq bo’lmoqda.
BMTning Bishkekdagi vakili Miroslav Yenchaning aytishicha, o’tgan haftaga qiyoslaganda hozir zo’ravonlik, qotillik, jinsiy tahqirlash haqidagi xabarlar bir oz kamaygan. Biroq Qirg’iziston janubi hali ham keskin, beqaror. Hozir BMT xodimlari o’sha yerda va ahvolni sinchiklab o’rganmoqda.
“Imkoni bo’lsa, bugunoq shaharga qaytamiz va aholiga mahsulotni teng taqsimlashga harakat qilamiz. Millatidan qat’iy nazar”, - deydi u.
Azimbek Beknazarov, Qirg’iziston Bosh vaziri muovini vazifasini o’tayotgan rasmiy O’sh va Jalolobodda gumanitar yordam o’g’irlanib, sotilayotgani haqidagi xabarlar haqida shunday deydi:
"Insonparvarlik yordami qanday tarqatilmoqda – hammasini kuzatib borayapmiz. Jalolobod va o’zbeklar yashovchi Otabek qishlog’iga madad yetib borishiga shaxsan o’zim kafilman", - deydi Beknazarov.
Davlat departamenti so’zlovchisi Filipp Kroulining aytishicha, AQSh Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva bilan telefonda gaplashgan. “Qo’shma Shtatlar Qirg’izistonda o’lim va talofatlardan chuqur afsusda”, deydi Klinton.
AQShning mintaqa bo’yicha bosh diplomati Robert Bleyk ayni damda Toshkentda. Bleyk oldin BMT vakillari bilan uchrashib, qochqinlarga yordam haqida suhbatlashgan. AQSh diplomati bugun Andijonga borishi, so’ng Bishkekda bo’lishi kutilmoqda.