Navro’z yurtdoshlarni bir joyga to’playdigan ulug’ ayyom. Amerikaning Vashington shtati Sietl shahrida yuzlab o’zbeklar va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan muhojirlar yig'ilib, do’stlari va hamkasblari bilan bahor bayramini tantana qiladi.
Yillik tadbir Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasi va Vashington Universiteti bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Tinch okeani bo’yida joylashgan Oregon va Vashington shtatlarida Markaziy Osiyodan taxminan bir ming muhojir yashaydi.
Shuhrat Orifjonov (Шухрат Арифджанов) – Xorazm farzandi. Amerikada bir necha yildan beri yashasa-da, kundalik ishi uni ona yurt bilan chambarchas bog’lab turadi.
“Muruvvat tashkiloti, Medical Teams International, shu yerda ishlayman. Markaziy Osiyo, qo’shni mintaqalar va Afrika davlatlariga dori-darmon yetkazamiz va tibbiy yordam ko’rsatamiz”, - deydi mutaxassis.
Maqsad, deydi u, nafaqat ikki shahar orasidagi hamkorlikni oshirish, balki Amerika va O’zbekiston xalqini bir-biriga yaqinlashtirish.
Madaniy rishtalarni yaxshilashda Navro’z muhim rol o’ynaydi, deydi u.
“Navro’z ayyomi nafaqat O’zbekiston yoki boshqa markaziy osiyolik oilalar bazmi, balki amerikaliklarga o’z urf-odatlarimiz, madaniyatimiz, ayniqsa raqslarimizni namoyish etish uchun imkoniyat deb o’ylayman”.
“Vashington Universitetida o’qiyotgan o’zbek talabalar kichkintoylar uchun qo’g’irchoq teatri qo’yib beradi",- deydi u.
"Navro’z ne’matlari – sumalak, xalim va boshqa milliy taomlar tayyorlanib dasturxonga tortiladi”.
Yurtdoshlar diydor ko’rishadi, yangilari bir-birini tanib do’st-birodar orttiradi.
Muhojirlarni bu yerga olib kelayotgan asosiy sabab ham shu – ularning iqtidori.
Grin karta, AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat olib kelganlar ham talaygina.
Sietl-Toshkent Birodarlik Uyushmasi yangi kelganlar va tirikchilik qilishga qiynalib qolgan oilalarga imkon qadar yordam qo’lini cho’zadi.
Uzoqda bo’lsak-da, deydi Shuhrat Orifjonov, vatandan uzilib qolmaganmiz. U o’zi olib borayotgan loyihalar haqida shunday deydi:
“O’zbekiston klinika va kasalxonalarida shifokorlar malakasini oshirish dasturlarimiz bor. O’zbekistondan kelgan mutaxassislar bu yerga kelib ham o’qib ketishadi”.
“Navro’z ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Oregon va Vashington shtatlarida yashayotgan oilalar nomidan yurtdoshlarimizga sihat-salomatlik tilayman”.