“Amerika Ovozi” bilan olovli ko'chalar, jasadlar va vayronalar orasidan turib gaplashgan o’zbeklar "ismimizni aytmang, lekin ovozimiz boshqalarga yetsin, iltimos” deya o’tinadi.
O’sh va Jalolobodda xuruj va to’qnashuvlar davom etmoqda. Vaziyat daqiqa sayin og'irlashmoqda, muvaqqat hukumat esa, deydi o’zbeklar, ahvol haqida haqiqatni aytmayapti.
Bishkekda rasmiylar uch kundan beri davom etayotgan fojiada 114 kishi o'lgan, 1500 dan ortiq odam jarohatlangan deydi.
“O’zbek aholi qo’lida qurol yo’q, jinoyatchi to’dalar aslida siyosatchilar tomonidan quvvatlangan va puxta reja ostida harakat qilmoqda”, - deydi O’sh shahrida asosan o’zbeklar yashaydigan mikrorayonda qo’riqchilik qilayotgan fuqarolardan biri.
“Qo’limizda dubinka, tosh… Amir Temur mikrorayoniga qirg’izlar tomonidan xuruj uyushtirilgan. Ularda o’lgan bolalarni bugun chiqardik. Endi ko’rsangiz, bu yigitlarni nafaqat o’ldirishgan balki vahshiy ham qilmaydigan narsalar qilishgan. Ko’zini o’yib, yoqib tashlashgan. Tasvirlashga til ojiz”,- deydi u.
Suhbatdoshimiz voqealarda hamma qirg’izlarni emas, aynan millatchi kuchlarni ayblaydi. O’lganlar soni minglab desak xato bo’lmaydi, deydi u. Chunki hukumat faqat morgga tushganlarning sonini aytmoqda, aslida qancha qancha odamning jasadi hali ko’chada yotibdi, ayrimlarini oilalar olib ketgan, ular hisoblanmagan, deydi u.
“Jinsiy zo’rlab, nomusiga tegib, yoqib tashlashgan ayollarni, qizlarni… Qorinlarini pichoq bilan yorib tashlagan. Uylar, maktablar, voy masjidlarni aytmaysizmi. Musulmon millatiga mansub odamlar qanday qilib o’z dinidagi eng aziz joylarga o’t qo’yishi mumkin. Hammayoqda vahshiylik. O’zbek maktablarini yoqayotganlar 11-12 yoshli qirg’izlar. Bu bolalar kelajakda kim bo’lib chiqadi? Buzg’unchi, talon-tarojchilar, marodyorlar orasida qirg’iz ayollari ham bor. Vayronalar ostidan idish-tovoq, asboblar topib, bir-biri bilan talashayotganini ko’rdik”, - deydi bu o’shlik.
O’zbekiston bilan chegaradan 7-8 kilometr narida joylashgan Suzoq qishlog’i Jalolobod viloyatida etnik xurujlardan eng ko’p aziyat chekkan hududlardan biri.
Bugun ertalab, 13 iyun kuni u yerda 30 o’zbek o’ldirilgan. Suzoqdan Alisher ismli yigitning aytishicha, qishloqdan xotin-qizlar, keksa yoshdagilar va bolalar ko’chirilgan va ularning ko’pi O’zbekiston bilan chegaraning yo u, yo bu tarafida.
Suzoqda erkaklar mahallama-mahalla navbatchilik qilib, xonadonlarni qirg’iz to’dalardan asrashga harakat qilmoqda.
“Suzoqda o’zi ahvol shundoq ham dahshatli edi, oxirgi soatlarda yanada dahshatli. Qirg’izlar bostirib keladi deb navbatchilik qilayapmiz, ko’chalarning boshida turib, kuzatayapmiz”, - deydi u.
Bu o’zbek ham jamoa qo’lida ovchi miltig’idan boshqa arzigulik qurol yo’q deydi.
“Tosh va tayoq bilan hayotimiz, oilalarimiz, elatimiz uchun kurashayapmiz”, deydi Alisher. “Hamma qurol-aslaha qirg’izlarda, hatto davlat mashinalarida yurib bizni nishonga olishyapti”, - deydi u.
“O’zbeklar hech kimga ishonmay qolgan. Harbiylar keladimi, o’t o’chiruvchilar keladimi, hech kimga ishonch yo’q”.
Bishkekdan yosh o’zbek mutaxassis To’lqin Umuraliyev janubdagi xunrezliklarni o’zbeklarga qarshi qatliom deya ta’riflaydi.
U muvaqqat hukumatni loqaydlik va butun xalq manfaatlarini himoya qilmaganlikda ayblaydi.
“Janish Bakiyevning Maksim Bakiyev bilan qilgan telefon suhbatini yozib olib, internetga qo’yishgan edi. Shunda Maksim Bakiyev rosa qo’rqitgan, “yaqinda 500 ta odamni to’plab, ularga qurol-yarog’ berib rosa zarba beramiz” degan. Lekin buni muvaqqat hukumat e’tiborga olmadi. Mana endi aytayapti, “bu shu odamlarning qilgan ishi” deb.
O’sh va Jalolobodda o’zbeklarni qirayotganlar mahalliy qirg’izlar emas, mamlakatning boshqa joylaridan kelganlar, deydi To’lqin Umuraliyev.
“Hamma qirg’izlar o’zbeklarga qarshi emas. Ayniqsa bir-biriga qo’shni bo’lgan qirg’izlar va o’zbeklar orasida biror kelishmovchilik yo’q degan bo’lardim. Ular bir-birini taniydi, yonma-yon yashab o’rgangan va keyin ham birga yashashini biladi. Shuning uchun bir-biriga yordam berayapti”.
To’lqin Umuraliyev fikricha o’zbeklarga nisbatan zo’ravonliklarni to’xtatishning yagona yo’li hozir chetdan qo’shin olib kirish.
“Qirg’iziston hukumati qo’lidan hech narsa kelmasligini ko’rsatdi. Qirg’izistonning na armiyasi, na maxsus kuchlari ishni eplay oldi. Shuning uchun bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlik posbonlari bo’ladimi, xoh bu Kollektov Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti kuchlari bo’ladimi, yo Rossiya armiyasi bo’ladimi, uchinchi tomon aralashmasa, bu narsa to’xtamaydi”.
Xalqaro hamjamiyat, xususan Islomiy Konferensiya Tashkiloti, huquq va insonparvarlik muassasalari tomonlarni zo'ravonlikdan qaytishga undamoqda. BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti birga chora ko'rishini bildirgan. AQSh bu tashabbusni quvvatlamoqda va yordam berishga hozir ekanini bildirgan.
Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston a'zo Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti dushanba kuni yig'ilib, O'shga tinchlikparvar kuchlarni kiritish masalasini ko'rib chiqadi.