Shvetsiya politsiyasi “Islomiy davlat” terror guruhiga moliyaviy ko’mak berayotganlikda gumon qilib, to’rt o’zbekistonlik muhojirni hibsga olgan. Xorijdagi ayrim o’zbeklar orasida, qolaversa vatanda ekstremist g’oyalar bilan yurganlar bor albatta, biroq yuqoridagi xabarlar O’zbekistonda repressiyaga zo’r berishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
Your browser doesn’t support HTML5
Shved matbuotiga ko’ra, soliq to’lamaganlikda ayblanayotgan va “Islomiy davlat”ga moliya uzatganlikda shubha qilinayotgan o’zbekistonliklarning uch nafari Shetsiya fuqarolaridir. Ular orasida bir ayol ham bor.
So’nggi yillardan Yevropada ko’paya boshlagan o’zbeklarni yirik jamoasi Shvetsiyada yashaydi. Ular orasida O’zbekistonda diniy va siyosiy bosimga uchraganlar ko’p.
“Amerika Ovozi” Shvetsiyadagi o’zbeklardan hibsga olinganlar haqida so’raganida, jamoa vakillari ularning kimligi haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.
Bu mamlakatda yashagan imom Obidxon qori Nazarov ikki yilda oldin qurolli hujumga uchrab, og’ir yaralangan. Uning shogirdlaridan biri Abdulaziz deydiki, Shvetsiyada o’zbeklar ko’p, ammo ular tarqoq. Kim, qanday e’tiqodni ushlagani haqida gapirish qiyin,
“Biz qiziqdik, surishtirdik, ammo ular kimligini topolmadik. Bizning atrofimizdagilar bu odamlar kimligini bilishmaydi. Shetsiyadagi o’zbeklar ham dunyo musulmonlari orasidagi muammolarga sherik bo’lib kelayapti. Albatta, O’zbekistondan tashqarida tazyiqlar nisbatan kam. Turli xil oqimlar, turli harakatlar, hatto kuchlarga ham aralashib qolishlar bo’layapti. Yagona bir markazlashuv bo’lmagani uchun kim nima ish qilayotgani, nima bilan mashg’ulligini bilish qiyin”, - deydi Abdulaziz.
Diniy tazyiqlar bois O’zbekistonni tark etgan faollardan biri Muhammadsolih Abutov anchadan buyon Shvetsiyada yashaydi. U ham hibsdagi o’zbeklar kimligi haqida ma’lumotga ega emas.
“Shetsiyadagi o’zbeklarning hammasi qochqinlik maqomi bilan kelmagan, boshqa yo’llar bilan kelganlar ham ko’p. Avvaldan, sobiq ittifoq qulashi davridan yashaydiganlar ham ko’p, ularga ham o’sha paytda qochqinlik maqomi berishgan ekan”, - deydi u.
Jamoa vakillari nazarida Shetsiyadagi o’zbeklar orasida radikalizmga moyillik kuchaymoqda deyishga asos yo’q, biroq shunday maqsaddagilar borligini inkor etib bo’lmaydi.
“Islomiy davlat” degan toifaga pul ajratish, demak, bu o’shalarning g’oyasini qo’llash, ularning tarafdori, uni to’gri deb hisoblaydigan odamlar bo’ladi. Bu g’oyalarni targ’ib qilish, odamlarni tarbiya qilish, yaxshilikka olib kelmaydi, ular O’zbekistonga qaytgan taqdirda ham. Bu endi katta fitta, ayniqsa “Islomiy davlat” degan balo, hammayoqni rasvo qilayapti, bu juda ulkan bir fitna”, - deydi Abutov.
O’tgan dekabr oyida Toshkent viloyat sudi Norvegiyadan qaytgan olti kishini ekstremistik guruhlarga a’zolikda ayblab, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi.
Ayblanuvchilar O’zbekiston televideniyesi orqali namoyish qilingan ko’rsatuvda yolg’on ko’rsatmalar bilan Norvegiyadan siyosiy boshpana olgani va u yerda jihodchilik g’oyasini targ’ib qilishni o’rganishganini aytishgan.
Ammo ularning ishini kuzatgan huquq himoyachilarining aytisha, sud adolatsiz o’tgan, televideniye orqali gapirishga majbur etilgan ayblanuvchilarga nisbatan keskin qiyinoqlar qo’llangan.
Matbuotda esa O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati vakillari ekstremistik guruhlar mamlakatda terrorchilik xuruji rejalayotgani haqida bayonotlar bilan chiqishgan.
“Men o’zimni diny guruhlar, toifalar va maqsadlari bo’yicha ekspert hisoblayman. Men huquq himoyachilariga qo’shilib dindorlar hammasi yaxshi, Karimov faqat yomon demoqchi emasman. Men o’zbekistonlik dindorlar orasida zo’ravonlikni maqsad qilayotgan odamlar bor deb ta’kidlayman. Ayni damda Karimovning zo’rovonligi, zulmlar qilayotganini ham haqiqat deb bilaman. O’zbekistonda qamalayotganalrning aksariyati Karimov o’ylayotganidek terrorchilar emas. Konkret aniq ish qilgan odamni jazolash kerak”, - deydi Abutov.