Urush faxriylari nega boshpanasiz?

  • Amerika Ovozi

Boston, Massachusetts shtati

Amerika urush faxriylarini qadrlaydi lekin ularning hammasi ham to'q yashamaydi. Buning o'ziga xos sabablari bor, deydi veteranlar masalalari bilan mashg'ul idoraning yangi rahbari Deyvid Shulkin.

Shulkinning aytishicha, hozirda uysiz faxriylar 40 mingni tashkil etadi. Yaqin kelajakda uni 10-15 mingga tushirish ko'zlangan.

"Harbiy xizmatdan keyingi hayot bu insonlar uchun juda mushkul kechadi. Tirikchilikni eplash qiyin. Bola-chaqali bo'lsangiz, undanda murakkab", - deya izohlaydi Shulkin.

Nebraska shtatida bu muammo bilan shug'ullanadigan Liza Vulkov deydiki, federal idora har doimgidek katta gapirish bilan band.

"Konkret reja ishlab chiqib, amalga oshirsin. Bu masala shundayki, u haqda og'iz ko'pirtirishadi, ammo real bir yechim bilan chiqishmaydi", - deydi Vulkov.

Lekin Konnektikut shtatidan demokrat senator Richard Blumental fikricha, Tramp prezidentligi davrida bu muammo hal etilishi mumkin. Hukumat uysiz faxriylarga yordam ko'rsata oladi, deydi u.

Shulkinning qayd etishicha, Kaliforniya shtatida, xususan Los-Angeles shahrida veteranlar ayniqsa qiynalib yashaydi. 8000 faxriy boshpanasiz.

Ruhiy salomatlik - asosiy omil. Ko'plab faxriylar hech kimdan yordam olishni xohlamaydi va ilojsiz ahvolda ekanini tan olishni istamaydi.

Veteranlarga madad ko'rsatish maqsadida bir necha dastur yuritiladi. Lekin odamlar undan foydalanish uchun murojaat qilishi kerak.

2008-yilda maxsus programma ishlab chiqilib, har bir urush faxriysi unga kiritilgan. Har yili hukumat ularga moddiy yordam ko'rsatadi. Mablag'ni qanday sarflash veteranlarga havola. Aksariyat hollarda moliya uy-joy uchun sarflanmaydi, balki qarzlarni to'lash uchun ketadi, deydi mutaxassislar.

Kvartira yoki uy sotib olmoqchi bo'lsangiz, chigirma bor. Lekin ko'chmas mulk juda qimmat. Ijarada yashash ham arzon emas.

Rasmiylarning bildirishicha, federal byudjetdan faxriylarga ko'maklashish uchun 70 million dollar ajratilgan.

Deyvid Shulkin yangi strategiya ustida bosh qotirmoqda. Faxriylarga berilgan moliyaviy yordam ularning asosiy talablarini qondirish uchun xizmat qilishi kerak, deydi u.