Konnektikut shtatidagi muzeyga kimdir bir kartina ehson qilgan. Oradan 25 yil o’tib bu kartina niderlandiyalik mashhur rassom Vinsent Villem van Gog asari deb topildi. Zamonaviy texnologiya asarning asl ekanini kashf qilishda qo’l keldi. Kartina “Vazadagi ko’knor” deb nomlangan.
“Vazadagi ko’knor” kartinasi atoqli rassom Vinsent Villem van Gogniki.
Uni 1957-yilda kimdir shaxsiy galereyasidan olib Konnektikut muzeyiga sovg’a qilgan.
Lekin muzey rahbariyati 20 yildan ortiq kartinani galereyaga qo’ymagan. Sababi uning asl emasligiga shubhalar bo’lgan.
“25 yilga yaqin omborxonada, qayerdadir yotgan. Bir vaqtlar muzey hisobchisining devorida turganiga ko’zim tushgan. Shunchaki, xonani bezash uchun osilgan”, - deydi muzey direktori Tomas Loman.
Asarning aslligini aniqlashga qiziqish 1995-yilda boshlandi.
Muzey xodimlari avval shifoxonaning rentgen apparatiga solib aniqlamoqchi bo’lishgan. Biroq tasvirlar kartina haqiqatda Villem van Gog ijodiga tegishli ekaniga yetarli dalil bo’la olmagan.
Keyin muzey maxsus texnologiya sotib olib yana bir bor urinib ko’rgan.
Ishni ekspert Allen Kosanovich o’rganib chiqib, ko’knor tasviri ortida musavvirning avtoportretini ilg’adi.
“Tasvir o’ng tomonidan qarasangiz, hozirgi shaklida. Chapdan qarasangiz… teskari, quloq va burunni tasvirlovchi chiziqlarni payqasa bo’ladi”, - deydi Allen Kosanovich.
Tekshiruv xulosasiga ko’ra, niderlandiyalik rassom ishi deb ko’rilayotgan asarni Amsterdamdagi van Gog muzeyi ham asl deya tasdiqlashi kerak.
“Hisobotda ham biz aytgan gaplar yozilgan. Asar haqiqatda Vinsent Villem van Gogniki. Bu asarni o’zimizning shtatda, ham dunyoga ko’rsatish uchun ajoyib imkoniyat deb o’ylab qoldim”, - deydi Toman Loman.
Bir vaqtlar chang bosib yotgan kartina endi Konnektikut muzeyi galereyasida dunyoga ko’z-ko’z qilinyapti.