Nyu-Jersi va Nyu-York shtatlaridagi vatandoshlar a'zo Turkiston-Amerika uyushmasi hamda "Vatandosh" jamiyati 31-oktabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terror hujumini qoralab chiqdi. Xuruj ortida o'zbek muhojir, 29 yoshli Sayfullo Soipov turgani aytilar ekan, elatdoshlar dahshatda.
"Hujumda yaqinlarini yo'qotgan insonlarga hamdardmiz", - deya bildirmoqda Turkiston-Amerika uyushmasi. "Jarohat olganlar tezda sog'ayishini tilaymiz".
Nyu-York shahrining Bruklin tumanida asoslangan "Vatandosh" jamiyati nazarida ham bu hujum jamoa uchun kuchli zarba; ruhan va ma'nan qattiq ta'sir qiluvchi voqea.
Lekin, deydi jamiyat yetakchilaridan Norxo'ja Sodiqov, vatandoshlar tinchliksevar, mehnatkash, mehr-oqibatli, yaxshi va yomonni ajrata oladigan insonlar. Ularning orasidan terror hujumlari qilishga moyil odamlar chiqqani hamma uchun birdek qayg'u. Bunday holatlarga qarshi kurashmoq zarur, deydi Sodiqov. Vatandoshlar oldida ulkan vazifalar turibdi, deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Nyu-Yorkda anchadan beri yashab, uning markazida ishlaydigan jurnalist va xalqaro aloqalar bo'yicha mutaxassis Gulnoza Said (video tepada) ham bunday voqealarning real, ma'naviy ta'siri haqida gapirar ekan, qurbonlarning oilalariga hamdardlik izhor etadi. Hamma nima bo'lganini, uning ortidagi sabablarni tushunishga urinmoqda, deydi u.
Ayrim vatandoshlar hozircha Sayfullo Soipov va uning qilmishiga aniq bir baho berishga qodir emasligini aytadi. Begunoh odamlarni hayotdan olib ketgan bu ishni qoralaymiz albatta, deydi ular, vatan va vatandoshlar uchun katta dog'.
Vashingtondagi "Cato" tadqiqot instituti hisobicha:
- 1997-2016 yillar orasida AQShga O'zbekistondan 158 ming 243 odam kirgan. Ularning 115 ming 160 nafari vaqtincha vizalar bilan kelgan.
- 39 ming 363 nafari esa immigrant sifatida qabul qilingan, ya'ni immigratsion viza asosida.
- 2010- yilda Immigrantlarning 69 foizi aynan grin-karta, AQShda domiy yashash va ishlash imkoniyatini beruvchi lotereya orqali kelgan. 2017-yilda esa bu son 58 foizda.
- Bu davr mobaynida 3720 o'zbekistonlik qochqin maqomi bilan kelgan, ularning 37 foizi taqvodor musulmon.
- O'tgan 20 yil mobaynida AQShga kirgan xorijliklardan 0,1 foizi o'zbekistonlik, 0,3 foizi esa qochqin, 0,4 foizi esa immigrant.