Virjiniya shtati kimga ovoz beradi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Virjiniya shtati noyabrgi prezident saylovida kim yutishini hal qiladigan muhim shtatlardan. Saylov kuni yaqinlashib, nomzodlar - republikachi Donald Tramp va demokrat Hillari Klinton shu va boshqa muhim shtatlarga katta e'tibor qaratmoqda.

Virjiniyaning tarixiy Lizburg shahri o'tmishda ko'p yaxshi-yomon kunlarni boshdan kechirgan.

Bu shahar uzoq yillar respublikachi prezidentga ovoz berib kelgan eski Virjiniyaning ramzi.

Ammo bugun shtat o'zgarmoqda. Keskin yangilanishlar siyosiy maydonni ham o'zgartirmoqda, deydi Kreg Grin.

"Bu joylar ilgari keng dalalar bo'lgan. Hozir ulkan savdo va turar-joy binolari qurilyapti. Atrofimizda internet axborot markazlari", - deydi Klinton tarafdori bo'lgan bu fuqaro.

Grin Loudon okrugidagi demokrat faollardan. Axborot texnologiyalari firmalari va xorijdan kelgan malakali ishchilar hisobiga hudud ulkan o'zgarishlarga yuz tutmoqda.

Grinning aytishicha, demografik o'zgarishlar demokratlar uchun foyda, Tramp uchun esa muammo.

"Shu kunlar kuzatdim. Deyarli hamma joyda odamlar, bu Trampboyga ovoz bermayman, degan fikrda", - deydi u.

Dasturchi muhandis va demokrat Sri Amudhanar 30 yilcha oldin Hindistongan kelgan.

Unga ko'ra, okrugning tez o'sayotgan muhojir aholisi siyosatga katta ta'sir o'tkazmoqda.

"Ular amerikalik bo'lgach, fuqarolik qasamyodini qabul qiladi. Barchamiz shu ajoyib jarayondan o'tganmiz. Shu narsa bizni Amerikaga juda qattiq bog'lab turadi. Hammaning teng ekani haqidagi qadriyatga juda sodiqmiz", - deydi u.

Demografik o'zgarishlarga qaramasdan, Donald Trampning Virjiniyada g'alaba qozonishdan umidi katta. Tarafdorlari ham oz emas.

"Eng muhimi, barcha davrlarning eng katta harakati bu. Biz uni yakunlashimiz kerak, oxiriga yetkazishimiz kerak", - deydi Tramp.

Trampning Amerikani yana buyuk qilish da'vosi lizburglik tadbirkor Brayn Krosvaytga ma'qul.

"Uning ochig'ini gapirishi yoqadi. Yoqtirasizmi, yo'qmi, u haqiqatni gapiradi. Nimani o'ylasa, shuni aytadi", - deydi u.

150 yil oldin bu yer Amerika fuqarolar urushining markazi bo'lgan. Hozir esa boshqa shakldagi kurash o'rtasida.

Virjiniya shtati o'tish bosqichida. Bu yerda eskilar yangilar bilan qorishib, aholi tarkibi tobora rang-baranglashib bormoqda. Bu esa Amerikaga xos manzara.