AQSh saylovlarida iqtisodiyot doim birinchi darajali masala. Jo Bayden shtatlarni aylanib, iqtisodiy yutuqlarini reklama qilmoqda, biroq so’nggi yillarda narx-navo oshganidan norozi amerikaliklar ko’p.
Bayden ma’muriyatiga ko’ra esa iqtisodiyot yuksalishda davom etayapti.
“Oxirgi uch yilda Prezident Bayden va men narx-navoni pasaytirishga, yangi imkoniyatlar yaratishga erishdik. Ishchi-mehnatkashlarga foyda keltiradigan iqtisodiy tizim qurayapmiz. 14,5 million ish o’rni yaratildi, maoshlar oshdi. Bugun iste’molchilarning o’ziga ishonchi baland, qo’rqmasdan xarajat qilishyapti. Qiladigan ish hali ko’p, lekin Amerika iqtisodiyoti dunyodagi eng kuchlisi bo’lib qolmoqda”, - deydi Vitse-prezident Kamala Harris.
Siyosiy bosimdan xoli ekanini ta’kidlaydigan Amerika Markaziy banki ham ushbu xulosaga qo’shiladi.
“Inflyatsiya pasaymoqda, o’sish yuqori. Mehnat bozorida ham ishlar joyida. Inflyatsiya darajasini ikki foizga tushira olsak, cheklovlarni yumshatish jarayonini boshlaymiz”, - deydi bank raisi Jerom Pauell.
Biroq “Ipsos” tadqiqot markazi o’tkazgan so’rovga ko’ra, aksar amerikaliklar ahvolni qoniqarsiz deb baholaydi.
“Bayden 2024-yilga zaif pozitsiya bilan kirdi. Aholining 38 foizi u prezidentlikni eplayapti, deb hisoblaydi. Bu muhim raqam, chunki tajribamizdan va tarixdan bilamizki, reytingi 40 foizda bo’lgan prezidentning qayta saylanish imkoniyati 50/50”, - deydi “Ipsos” vakili Klif Yang.
Buni ham ko'ring Amerikaliklar orasida iqtisodiy pessimizmIqtisodiyot, deydi u, saylovchi uchun ustuvor masala, xususan cho’ntakda qancha pul borligi. Norozilik inflyatsiya bilan bog’liq.
Yaqinda Janubiy Karolinada o’tgan praymerizda Bayden g’alaba qozondi, ammo uning tarafdorlari ham narx-navodan noliydi.
“Oziq-ovqatga ko’p pul ketib qolayapti, benzinga ham. Bir ijobiy yangilik shuki, ipoteka foizlari pasaymoqda”, - deydi Sandra Trauer ismli amerikalik.
Prezident Bayden yirik oziq-ovqat tarmoqlarini korporativ o’chko’zlikda ayblamoqda. Sut, tuxum, go’sht kabi asosiy mahsulotlar qimmat.
“Aslida inflyatsiya siyosatga, jamoatchilik fikriga qanday ta’sir ko’rsatishini bilmaymiz. So’nggi bir necha o’n yillikda AQShda bu darajadagi yuqori inflyatsiya bo’lmagan”, - deydi Yang.
Inflyatsiya tufayli ayrim saylovchilar Donald Trampga ovoz berishini aytadi. Ammo turli jinoyatlarda ayblanayotgan sobiq prezidentni ketma-ket sud ishlari kutmoqda. Xususan, u boyligini oshirib ko’rsatib, kreditlar olgani bo’yicha.
Shuningdek, yaqinda Vashington sudi sobiq prezident immunitetga ega emas, deya qaror chiqardi.