Vagnerchilarning Moskva tomon yurishiga xalqaro munosabat

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Jo Bayden uning mamlakati yoki ittifoqchilari o’tgan hafta oxirida Moskvada ro’y bergan voqealarga aloqasi yo’qligini aytib o’tdi. Oq uy vagnerchilarning Moskva tomon yurishi, Yevgeniy Prigojinning isyoni Ukrainadagi mojaroga qanday ta’sir qilishini aytishga erta demoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-iyun, 2023-yil

“Bunga qo’l urmaganimizni aniq aytib o’tdik. Bu ishga umuman aloqamiz yo’q. Bu Rossiya tizimi ichidagi kurashning bir qismi”, - dedi Bayden.

Ayrim tahlilchilar Putinga bir paytlar yaqin bo’lgan Prigojinning yulduzi so’nganini aytadi.

“Menimcha, do’stlik tugagan ko’rinadi. Putin Prigojinni kechira olarmikan degan savol tug’iladi. Prigojinga berilgan kafolatlarning sariq chaqalik ahamiyati yo’q”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Leon Aron.

Putin vagnerchilarga qarshi qo’zg’atilgan tergovni to’xtatishga va’da berganiga qaramay, Prigojinning harakatlarini ichki xiyonat deb atadi.

Prigojin bo’lgan voqealarni dushanba kuni izohlarkan, davlat to'ntarishini amalga oshirishga, qon to'kishga niyati bo'lmaganini, Ukrainada urush qanday olib borilayotganiga norozilik bildirishga qaratilganini aytdi.

Prigojin Mudofaa vazirligi "Vagner" harbiy lagerini havodan nishonga olib, 30 ga yaqin jangchisini o'ldirganidan so'ng "adolat marshi"ga otlanganini, Moskvaga yurish chog'ida "vagnerchilar kolonnasiga hujum qilgan vertolyotlarni urib tushirishga majbur bo'lishganini aytdi.

Vazirlik isyonga sabab bo'lgan hujum haqidagi da'volarning yolg'on ekanini ta'kidlagan.

Prigojin, shuningdek, mamlakatdagi barcha xususiy harbiy kompaniyalar, jumladan “Vagner” ham 1-iyulgacha Mudofaa vazirligi boshqaruviga o'tishi kerakligi haqidagi qoidaga e'tiroz bildirdi.

Rus rasmiylari va matbuoti ro’y bergan voqea Putinga kuch bag’ishlaganini ta’kidlasa, G’arb kuzatuvchilari aksincha uning zaifliklari fosh bo’lganini aytadi.

“Putin hokimiyatni to’liq o’z qo’lida ushlab turibdi, mamlakatni qattiq nazorat qilyapti degan afsona parchalandi. Ortiq bunday emas. Prigojin voqeasi Rossiyada hokimiyatga intilganlar uchun xavfli pretsedent yaratdi. Buning iloji borligini ko’rgan boshqalar bunga harakat qilib ko’rishi mumkin”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Kir Gayls.

Rossiya bo’yicha tahlilchi Misha Glennining aytishicha, so’nggi voqealar Putin mavqeiga putur yetkazdi.

“Prezident Putin so’nggi bayonotida xalq va davlat idoralari qo’llab-quvvatlovi haqida gapirdi, ammo Putinni himoya qilish uchun ko’chaga chiqgan yuz minglab odamlarni ko’rmadik”, - deydi u.


O’tgan haftagacha davlat matbuotida madh etilgan “Vagner” guruhining nomini endi o’chirishga harakat boshlandi. Prigojinning kunlari ham bitmoqda, deydi ayrim kuzatuvchilar.

“Nima bo’lsa ham, Prigojin umrining oxirigacha endi old-orqasiga qarab yurishga majbur. U Rossiyada hokimiyatga qarshi chiqdi va hozirgacha omon qoldi. Ammo qachongacha?”, - deya so’raydi Gayls.

Bugun Putin Kreml hovlisida saf tortgan harbiylar va xavfsizlik kuchlari oldida so’zlab, Mudofaa vazirligi kuchlari, Rosgvardiya, politsiya va maxsus kuchlarni isyonchilarga bo’sh kelmagani uchun olqishlab, isyon kuni vagnerchilar o’qidan halok bo’lgan uchuvchilarni xotirladi.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, “Vagner”ga tegishli og’ir qurollar vazirlik ixtiyoriga o’tkazilmoqda.

Putin bugungi chiqishida urush boshidan beri guruh davlat hisobiga moliyalanganini, bir milliard dollardan oshiq pul jangchilarining maoshlari va mukofot uchun berilganini ma’lum qildi.

G’arb rahbarlariga ko’ra, vagnerchilarning isyoni Putinning zaifliklarini namoyon etdi.

Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok Janubiy Afrikaga safari chog’ida shu mavzuda fikr bildirib, Germaniya vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytdi.

“Putin bosqinchilik urushi bilan o’z mamlakati xavfsizligini ham izdan chiqarmoqda”, - dedi u.

Latviyada prezidentlikka saylangan tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs buni Rossiyaning ichki ishi deb atadi.

“Bizning nazarimizda, bir zolim ikkinchi zolimga qarshi kurashyapti. Yaqin kunlar va haftalarda vaziyat qanday bo’lishini bilolmayapmiz. Buning Rossiyadagi ichki vaziyatga qanday ta’sir qilishini tushunishga vaqt kerak”, - deydi u.

Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Prigojinning qo’shni Belarusga surgun etilishini xavotir bilan qabul qildi.

“O’tgan voqealar ortida qanday sabablar borligini na biz, na dunyodagilar biladi”, - dedi u.

Ba’zilarning taxmin qilishicha, bu bir o’yin bo’lib, vagnerchilar Belarusdan Kiyev tomon hujum uyushtirishi mumkin.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Prigojin va “Vagner” guruhi qo’mondonlari bilan ko’rishib, Belarus armiyasi ularning harbiy va jangovar tajribalaridan o’rganishi kerakligini aytdi.

Prigojin bugun Belarusga borgan. Ayrim manbalarga ko’ra, u bungacha Sankt-Peterburgga borib kelishga ulgurgan.

Lukashenko ham Putin kabi NATOning kengayishi uning mamlakatiga tahdid ekani, chegarada provokatsiyalar ro’y berayotgani haqida so’zladi.