"Votergeyt" mojarosi AQSh siyosatida qanday iz qoldirgan?

  • Amerika Ovozi

Bundan 40 oldin AQSh prezidenti Richard Nikson “Votergeyt” mashmashasi deya tarixga kirgan voqealar sabab lavozimini erta tark etgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Niksonni prezidentlikdan ayirgan voqealar/Shohruh Hamro

1972-yilning yozida Niksonning partiyadoshlari raqib partiya, Demokratlarning Vashingtondagi qarorgohi, “Votergeyt” binosiga zimdan kirib, kuzatuv vositalari o’rnatadi.

1974-yilning 8-avgust kechasi amerikaliklar tele-ekrandan ko’zini uzmadi. Prezident Richard Nikson iste’fosini e’lon qilgan kun…

“Kurashdan chekinadigan odam emasman. Lavozimni erta tark etish men uchun juda og’ir, lekin prezident sifatida Amerika manfaatlarini oldingi o’ringa qo’yishim kerak”, - degan edi Nikson telekameralar oldida.

Uning o’rniga prezident etib tayinlangan Jerald Ford ilk marotaba davlat rahbarining iste’fosiga guvoh bo’lgan xalqni tinchlantirishga harakat qiladi.

“Vatandoshlarim, bu siyosiy mashmashaga vanihoyat nuqta qo’yildi. Konstitutsiya kuchini amalda ko’rdingiz, bu davlatda hech kim qonundan ustun emas”, - degan edi Ford o’z nutqida.

“Votergeyt” voqealari ketidan Richard Niksonning qo’lida ishlagan odamlar lavozimini suiiste’mol qilganlikda ayblanib, qamoq jazosiga mahkum etiladi. Nikson tergovni bosti-bosti qilishga, tergovchilarga yolg’on ma’lumot berishga harakat qilgan. Buni Oq uy arxivida saqlangan audio tasmalardan bilamiz.

Shunga qaramasdan, yangi prezident Jerald Ford Niksonni avf etadi. Bu qaror katta shov-shuvga sabab bo’lgan.

Amerika universiteti tarixchisi Alan Lixtman “Votergeyt” mojarosini AQSh siyosiy tarixida katta burilish yasagan voqea deb eslaydi. “Prezident va uning ma’muriyati demokratik tizimni barbod qilishga harakat qilgan”, - deydi u.

O’sha paytdagi siyosiy jarayonlar, jinoyat ortida kim turgani va Demokratik partiyani kuzatganini “Vashington Post” gazetasining ikki jurnalisti Bob Vudvord va Karl Bernshteyn fosh etgan va izchil yoritgan.

“Mana shu jurnalistlar bo’lmaganida, ehtimol, raqib partiyaning qilmishlari suv yuziga chiqmagan bo’lardi. Tizim ish berdi, ular jazosini oldi. Saboq shuki, doimo hushyor bo’lish kerak”, - deydi Lixtman.

Janjal ketidan Kongress saylov kampaniyalarini moliyalashga doir qonunlarga o’zgartirishlar kiritdi. Biroq Oliy sud so’nggi qarorlari bilan ularning ayrimlarini bekor qildi.

“Votergeyt” Amerika siyosiy sahnasida raqobat va qutblashuvni kuchaytirgan voqea deb ham yodga olinadi. Bugun ikki yirik partiya, respublikachi va demokratlar deyarli hech bir masalada chiqisha olmaydi.

Siyosatshunos Norman Ornshteyn Kongressdagi bugungi partiyabozlikni qabilalar o’rtasidagi tortishuvga qiyoslaydi. “Bu holatni so’nggi bor Fuqarolik urushi davrida kuzatganmiz”, - deya sharhlaydi u.

Qiziqarli bir fakt… 1974-yilda amerikaliklarning 59 foizi Richard Niksonning avf etilishini qoralagan bo’lsa, 2002-yilda o’tkazilgan so’rovda omma fikri tamoman o’zgargani aniqlandi. Bugun aksar amerikaliklar fikricha, Jerald Ford sobiq prezidentni avf etib to’g’ri ish qilgan, mamlakatni birlashtirgan.