45 yil oldin AQShning 37-prezidenti, respublikachi Richard Nikson lavozimidan ayrilgan edi. Demokratik partiyaning bosh idorasi - “Votergeyt” binosiga yashirin tarzda audio vositalar o’rnatilgan. Maqsad raqib partiyaning saylov rejalarini bilib olish edi. Oq uyga yaqin shaxslar bu jinoyatga aralashgani aniqlangach, Nikson ishdan ketadi.
1972-yil, 17-iyun - Richard Niksonning iste’fosiga sababchi bo’lgan kun. “Votergeyt” mashmashasi deya tarixga kirgan. Prezidentning partiyadoshlari demokratlar idorasini maxsus jihozlar orqali zimdan kuzatgan.
Politsiya binoda besh kishini qo’lga olganidan so’ng, Oq uy so’zlovchisi Ron Zigler voqeani “oddiy o’g’rilik” deb ta’riflaganini ko’pchilik yaxshi eslaydi. Ammo surishtiruv boshlagan “Vashington Post” gazetasi muxbirlari bunga ishonmagan.
“Muxbirlar odatda taxminlarga berilmasdan, faktlarga asoslanib ish yuritadi. Lekin o’shanda bu ishni yoritgan hamkasblarim surishtiruv nima bilan tugashini sezgandek”, - deydi Martin Veyl.
U jinoyat ro’y bergan kun “Vashington Post”da tungi muharrir edi. Politsiya radio kanalida eshitganlari uning e’tiborini tortadi.
Oradan sal o’tib, xabar tarqala boshladi.
“Nima yangiliklar, deb eshikdan kirsam, haqiqatan bu yerda bir gap bor, degan javob oldim. Hamma bir nima bilan band edi. Menga Respublikachilar partiyasi yetakchilariga qo’ng’iroq qilib, fikrini bilish topshirildi. Albatta, respublikachilar bu ishga aloqador ekanini hali bilmas edik”, - deydi Veyl.
Martin Veyl “Votergeyt” mashmashasini yoritgan asosiy muxbir bo’lmasa-da, gazetadagi ikki hamkasbi, Karl Bernshteyn va Bob Vudvord, kun-u tun izlanganini yaxshi eslaydi.
“Vashington Post” mojaroni boshidan izchil yoritib kelayotgan edi. Qora ishlar yuzaga chiqa boshlagach, boshqa axborot vositalarida ham qiziqish kuchaydi”, - deydi u.
Rossiya AQSh saylovlariga aralashgan degan gumon ostidagi bugungi tekshiruvlar va Prezident Trampning jurnalistlarga nisbatan tanqidlari “Votergeyt”ni eslatadi.
“Votergeyt” mojarosidan qolgan bir meros shuki, hukumatga nisbatan shubha, ishonchsizlik paydo bo’ldi. Dushmanona munosabat emas, aynan shubha kuchaydi. Mana bugun prezidentning og’zidan “jurnalistlar xalq dushmani” degan gaplarni ham eshityapmiz. Ba’zilar, askincha, Oq uyni dushman deb bilishi mumkin. Men bu fikrlarga qo’shilmayman”, - deydi suhbatdosh.
Men va hamkasblarim, deydi Veyl, “Votergeyt” ortidagi qora ishlarni fosh etib, jurnalistik burchimizni bajarganmiz. Oradan 45 yil o’tib, Martin Veyl hali ham shu gazetaga ishlab kelmoqda.